10:43 / 30.01.2023
13893

Shols: Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushga yo‘l qo‘ymaslik kerak

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushga aylanmasligi kerak, deya ta’kidladi Olaf Shols. Germaniya kansleri Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha «takliflar poygasidan» qochishga chaqirdi. 

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Olaf Shols «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushga aylanib qolmasligi uchun hamma narsani qilish»ni o‘zining vazifasi deb hisoblaydi. Bu haqda Germaniya hukumati rahbari 29 yanvar, yakshanba kuni chop etilgan Der Tagesspiegel gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi

Hozirda Rossiya Federatsiyasi va NATO o‘rtasida urush yo‘q, u Germaniya kansleri sifatida bunday keskinlashuvga yo‘l qo‘ymaydi, deb qo‘shimcha qildi Shols. «Bu masala bo‘yicha biz federal hukumatda birdammiz va tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham shunday hisoblayapti», dedi u. 

Avvalroq Berbok 24 yanvar kuni Yevropa kengashi parlament assambleyasi yig‘ilishida aytgan noaniq bayonoti tufayli kuzatuvchilar tomonidan keskin tanqid qilingan edi. G‘arb davlatlarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasiga qarshi kurashda birdamlik ko‘rsatishga chaqirar ekan, u, xususan: «Biz bir-birimizga emas, Rossiyaga qarshi urush olib bormoqdamiz», deb ta’kidladi. Ko‘pchilik bu iborani Germaniya mojaro ishtirokchisi va Rossiyaga qarshi urush olib borayotganini tan olish sifatida baholadi. 

Bild tabloidi 26 yanvar kuni vazirning bayonotiga izoh berishni so‘rab Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilganidan so‘ng, idora shunday izoh berdi: «Rossiya Ukrainaga qarshi shafqatsiz urush olib bormoqda. Yevropa kengashi parlament assambleyasi a’zolari bilan 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tashqi ishlar vaziri Berbok Yevropa bu urushga qarshi birga turishi kerakligini ta’kidladi. Xalqaro huquq ma’nosida. Rossiyaning tajovuzkor urushiga qarshi BMT nizomida mustahkamlangan Ukrainani o‘z shaxsiy huquqini amalga oshirishda mudofaa jihatidan qo‘llab-quvvatlash Germaniyani mojaro ishtirokchisiga aylantirmaydi». 

25 yanvar kuni Olaf Shols Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib berishni ma’qulladi va bu qaror Germaniya ittifoqchilari bilan «kelishuv hamda yaqin hamkorlikda» qabul qilinganini ta’kidladi. Shundan so‘ng bir qator boshqa G‘arb davlatlari Kiyevga jangovar tanklarni o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan gaplashganini Telegram’da ma’lum qilib: «Biz Ukrainaga samolyotlar yetkazib berish darajasiga chiqishimiz kerak. Bu orzu. Bu vazifa», deb qo‘shimcha qildi. 

Germaniyada ham Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib berilishi mumkinligi haqidagi munozaralar boshlandi. Biroq, 25 yanvar kuni Bundestagda nutq so‘zlagan Olaf Shols voqealarning bunday rivojlanishi haqida gap ham bo‘lmasligini ta’kidladi: «Men bu jangovar samolyotlarga taalluqli emasligini ancha oldin aytgandim va hozir ham buni aytaman». 

29 yanvar kuni Der Tagesspiegel nashriga bergan intervyusida Germaniya hukumati rahbari bu masalaga munosabati o‘zgarmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Shols «qurol tizimlari haqida gap ketganda, doimiy takliflar poygasiga kirishishdan» ogohlantirdi. «Agar Germaniyada yana bir munozara boshlansa, Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilinishi bilanoq, bu bema’ni taassurot qoldiradi va fuqarolarning hukumat qarorlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi», — dedi u. 

Shu bilan birga, Shols to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’sir o‘tkazishga harakat qilishda davom etishini ma’lum qildi. «Men Putin bilan telefon orqali gaplashishni davom ettiraman - agar suhbat kerak bo‘lsa», dedi u va Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqish hamda yuz minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan bu dahshatli, ma’nosiz urushni tugatish qarori Putinga bog‘liq ekanini qo‘shimcha qildi.

Bunday telefon qo‘ng‘iroqlarida Putin bir necha bor «qo‘shni davlatning bir qismini egallab olmoqchi ekanligini» ochiq ko‘rsatib qo‘ydi», — dedi Shols va buni «qabul qilib bo‘lmaydi», dedi. Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, uning Putin bilan suhbatlarida boshqa masalalar qatorida harbiy asirlarni almashish, Ukrainadan g‘alla eksporti yoki Zaporijjya atom elektr stansiyasi kabi aniq masalalar ko‘rib chiqilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top