18:01 / 02.02.2023
21006

“Birlashishdan o‘zga chora yo‘q” – siyosatshunos qudratli davlatlarning Markaziy Osiyoga bosimlari haqida 

Siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov Kun.uz’ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo davlatlari bugungi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Rossiya bilan aloqalarni qanday yo‘lga qo‘yishi yoki o‘zgartirishi kerak, mazmunidagi savolga ham javob berdi.

Vaziyat tabiatan juda ziddiyatli. Ayni paytda tahlil qilsak, sobiq ittifoq davlatlaridan Rossiya tarafida bo‘lganlari deyarli qolmadi. Hatto Belarusda ham ikkilamchi qandaydir o‘yinlar sodir bo‘lyapti. Rossiya sobiq sovet hududini yo‘qotyapti.

Xo‘sh, bugun bu vaziyatda Markaziy Osiyo o‘zini qanday tutyapti va yana qanday imkoniyatlar bor?

Ayni paytda Markaziy Osiyo va jumladan, O‘zbekiston ham g‘alati holatga tushib qolgan. Masalan, Rossiya va O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqdoshlik to‘g‘risida bitim imzolagan. Xo‘sh, hozir o‘sha hujjatlar amaldami, uni hech kim denonsatsiya qilmaganmi? Demak, hozir O‘zbekiston uchun xuddi Qozog‘iston kabi Rossiya ham ittifoqdosh, strategik sherik ekan-da.

Agar o‘sha bitimlarni ochib ko‘rsangiz, unda shartnoma imzolayotgan davlatlar bir-biriga hujum bo‘lganda, o‘zaro yordam beradi, kerak holatda harbiy kuchlarni olib kiradi, degan jumlalar bor. Ya’ni biz Rossiya bilan hanuzgacha ittifoqdosh ekanmiz. Shu bilan birga, bizda AQSh bilan ham shunday bitim bor.

Umuman olganda, bizda ko‘plab davlatlar bilan shunday strategik sheriklik shartnomalari bor va bu bir “moda”ga aylangan holat. Qarang, O‘zbekistonning Rossiya bilan “Strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnomasi 2004 yilda imzolangan. Qariyb 20 yil bo‘libdi, lekin shuncha vaqtda O‘zbekiston va Rossiya qayerda bir-biriga strategik sherik sifatida yordam berdi yoki birgalikda harakat qilindi? Tabiiy savol tug‘iladi: bizga bu shartnoma kerakmi o‘zi? U samarasiz ekan, voz kechishimiz kerakmi? Bu xuddi o‘z samarasini hech qachon ko‘rsatmagan KXShT tashkilotiga o‘xshaydi. Bu ham faqat qog‘ozda qolib ketayotgan hujjat. Bizda avval ham bunday savollar bo‘lgan, lekin Ukraina konteksti bu savollarning dolzarbligini yanada oshirdi.

Markaziy Osiyo davlatlarining hozirgi holati va kelajagini tahlil qilganimda bir fikrga kelyapmanki, ularda zaif davlatlar kompleksi bordek. Ya’ni bu mamlakatlar va ularning rahbariyatida biz zaif davlatmiz, ojiz davlatmiz, qudratli davlatlar qurshovida turibmiz, bosimiga dosh berolmaymiz, Xitoy bo‘lsin, Rossiya bo‘lsin, ularga yo‘q deyolmaymiz, bosimiga rozi bo‘lishdan boshqa yo‘limiz yo‘q ekan, degan bir kompleks bor. Mana shu kompleksdan voz kechish muammo bo‘lib turibdi. Biz uchun bu kompleksdan voz kechish qiyin bo‘lib turibdi. Bu kompleks Markaziy Osiyo davlatlarining har birida mavjud. Kimdir bu kompleksni ko‘proq sezdiradi, kimdir kamroq. Shuning uchun, birlashishdan o‘zga yo‘l yo‘q.

Shu yil Markaziy Osiyo davlatlarining beshinchi maslahatlashuv uchrashuvini kutyapmiz. Bu tadbirda jiddiy xulosalar qilish vaqti keldi. O‘tgan safargi uchrashuvda Tojikiston va Turkmaniston tomonlari “XXI asrda Markaziy Osiyo davlatlarining taraqqiyoti to‘g‘risida”gi bitimiga imzo qo‘ymagan edi. Sababi, o‘sha paytda bu ikki davlat o‘rtasida keskinlik bor edi. Beshinchi uchrashuvda ular ham bu hujjatga imzo qo‘ysa, katta yutuq bo‘lgan bo‘lardi. Ya’ni bu bilan Markaziy Osiyo davlatlarining konsultativ uchrashuvidan tashqari o‘zaro bitim ham qabul qilingan bo‘lardi. Bu bitim bizga juda katta kuch bag‘ishlaydi”, – dedi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top