13:45 / 04.02.2023
7395

G‘arb davlatlari AEXAning Eron bo‘yicha hisobotiga munosabat bildirdi

Uranni boyitish sentrifugalarining e’lon qilinmagan modifikatsiyasi Eronning YaQsh bo‘yicha majburiyatlariga mos kelmaydi, deb ma’lum qildi Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSh.

Foto: Reuters

G‘arb davlatlari Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning Eron tashkilotni oldindan ogohlantirmasdan, Tehron janubidagi Fordo uran boyitish zavodida ba’zi sentrifugalar konfiguratsiyasiga jiddiy o‘zgarishlar kiritgani haqidagi hisobotiga munosabat bildirdi. Bu haqda Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va AQShning qo‘shma bayonotida aytiladi. Hujjat 3 fevral, juma kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi.

AEXA tomonidan ta’kidlanganidek, sentrifugalarning e’lon qilinmagan o‘zgarishi Islom Respublikasining Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YaQsh) bo‘yicha keng qamrovli kafolatlar to‘g‘risidagi bitim majburiyatlariga mos kelmaydi.

Tsentrifugalar qurol darajasiga yaqin uran ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Tehron hisobot berish majburiyatlarini bajarishi va AEXA zarur deb hisoblagan monitoring shartlarini qabul qilishi kerak, deyiladi mamlakatlar murojaatida. 

Hujjat mualliflari: «Eronning bu harakatlar noto‘g‘ri qabul qilingani haqidagi bayonotlari adekvat emas», deya ishonch bildirmoqda. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar Eron harakatlarini Tehronning taxminiy niyatlari emas, balki «AEXAning xolis hisobotlari» asosida baholashlarini ta’kidladilar. 

Eron xatti-harakatlari «ko‘proq tashvish uyg‘otyapti», chunki u 2015 yilda Eron va «oltilik» (AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya) o‘rtasida tuzilgan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (JCPOA) bo‘yicha o‘z majburiyatlarini va qo‘shimcha protokolni deyarli ikki yil davomida bajarishni to‘xtatdi, deydi hujjat mualliflari.

G‘arb Fordodagi zavod ishining shaffofligi bo‘yicha Erondan samarali kafolatlar kutmoqda. 

2022 yil 22 noyabrda Eronning ISNA axborot agentligi Tehron Fordodagi yerosti zavodida uranni 60 foizgacha boyitishni boshlagani haqida xabar berdi. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Fordo va Netanzedagi obektlarga qo‘shimcha sentrifugalar o‘rnatilgan. Eron boshqa atom zavodida uranni allaqachon 60 foizgacha boyitmoqda. 2015 yilgi xalqaro yadroviy kelishuv shartlariga ko‘ra, Eron uranni 3,67 foizdan ortiq boyitish huquqiga ega emas. Yadro qurolini ishlab chiqarish uchun uni 90 foizgacha boyitish zarur. 

Xalqaro yadroviy bitim o‘sha paytda prezidentlik lavozimida Donald Tramp bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar undan bir tomonlama chiqib ketganidan keyin amal qilishni to‘xtatdi. 

Top