19:01 / 06.02.2023
99617

Turkiya va Suriya kuchli silkindi. Asosiy ma’lumotlar

Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 va 7,5 balli zilzilalar oqibatida ikki mamlakat hududida kamida 4300 kishi halok bo‘lib, o‘n besh mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Turkiya prezidenti bu 1939 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli zilzila bo‘lganini aytdi. G‘oziantepda tarixiy qal’a shikastlandi, Suriyaning Halabida esa YuNeSKO Butunjahon merosi obekti sanalgan inshoot vayron bo‘lgan. 

Foto: Adsiz Gunebakan/Anadolu Agency via Getty Images

6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida, Suriya bilan chegaradan 90 kilometr masofada kuchli zilzila ro‘y berdi, uning kuchi qo‘shni mamlakatlarda ham sezilgan. Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazi va AQSh Geologiya xizmati yer silkinishi kuchi 7,8 ballni tashkil etgani, zilzilp o‘chog‘i G‘oziantep shahridan 17,9 km masofada joylashganini xabar qilgan.

Turkiya Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, birinchi zilzila ortidan 40 dan ortiq aftershok (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra — 66 aftershok) qayd etilgan, ulardan eng kuchlisining magnitudasi 6,6 ballni tashkil etgan. Yer silkinishi kuchi Turkiyaning ko‘plab regionlarida sezilgan: Adana, Anqara, Antalya, G‘oziantep, Qaysari, Mersin, Trabzon, Shonliurfa, Xatay, Usmoniya, Malatya, Kilis, Qahramanmarash, Adiyaman, Diyorbakir — shuningdek Al Hadas va Times of Israel nashrlariga ko‘ra, Suriya, Livan, Iroq, Misr, Gretsiya, Kipr, Armaniston va Isroilda ham. Italiyada Turkiyadagi zilzila tufayli sunami xavfi e’lon qilingandi, ammo ko‘p o‘tmay bu ogohlantirish bekor qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida esa Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarash viloyati Elbistan tumani hududida 7,5 balli ikkinchi zilzila ro‘y berdi. Turkiya hukumati ikkinchi zilzila o‘chog‘i 7 km chuqurlikda bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ayni vaqtga kelib Turkiya va qo‘shni Suriyada yuzlab qurbonlar va minglab jabrlanganlar haqida ma’lum qilingan. Turkiya hukumatining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni 2900 dan oshgan, 15 mingdan ortiq kishi jabrlangan.

Suriya sog‘liqni saqlash vazirligi 1400 dan ortiq kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Bu mamlakatda Halab, Lataqiya, Hama va Tartus viloyatlari tabiiy ofatdan jiddiy talafot ko‘rgan.

Turkiya va Suriyaning qator shaharlarida binolar qulab tushgan. Turkiya vitse prezidenti Fuat O‘qtoy mamlakatning turli shaharlarida 3471 bino vayron bo‘lgani haqida ma’lum qildi. «Anadolu» xabariga ko‘ra, zilziladan keyin Turkiyaning qator tumanlaridagi korxonalarda va ofis binolarida yong‘inlar boshlanganini xabar qildi. Xatay viloyatida gaz o‘tkazish quvurida portlash ro‘y bergan, shuningdek mahalliy aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi vayron bo‘lgan. Qahramanmarash va G‘oziantep aeroportlari fuqarolik reyslariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan.

Zilzila oqibatida G‘oziantepda Rim imperiyasi davriga mansub bo‘lgan tarixiy qo‘rg‘on vayron bo‘lgan. Suriyada esa Halab shahrining Eski shahar qismidagi boshqa obidalar qatorida YuNeSKOning butunjahon merosi obekti bo‘lgan tarixiy qal’a jiddiy shikastlangan. Fuqarolik urushi davrida shikastlangan ushbu qal’a 2021 yilda ta’mirlangandi.

Suriyadagi «Oq kaskalilar» gumanitar yordam tashkiloti mamlakat shimoli-g‘arbida vaziyat og‘ir ekanini ma’lum qilishgan. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, isyonchilar nazoratidagi ushbu hududlarda yuzlab odamlar xarobalar ostida qolib ketgan.

Turkiyada eng yuqori darajadagi trevoga e’lon qilingan. Mamlakat hukumati xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘radi. «Anadolu»ning xabar berishicha, prezident Erdo‘g‘an Adana, Malatya, G‘oziantep, Diyorbakir, Xatay, Adiyaman, Usmoniya va Shonliurfa viloyatlari gubernatorlari bilan telefon orqali muloqot qilgan. Unga zilzila oqibatlari va qidiruv-qutqaruv ishlari to‘g‘risida ma’lumot berilgan. «Umid qilamizki, biz bu falokatni birgalikda imkon qadar tez fursatda va kam zarar bilan yengib o‘tamiz», — deya yozgan u tvitterida.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun Turkiya harbiy havo kuchlari transport samolyotlarini jalb etgan. Istanbuldan mamlakat janubiga mingga yaqin ko‘ngillilar qidiruv-qutqaruv ishlarida qatnashish uchun jo‘nab ketgan. Suriya mudofaa vazirligi butun mamlakat bo‘ylab kuchlarini qidiruv ishlariga va jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish uchun safarbar etgan.

SNN telekanalida qayd etilishicha, noqulay ob-havo sharoiti qutqaruv amaliyoti o‘tkazishni qiyinlashtirishi mumkin. Xususan, G‘oziantep viloyatida havo harorati noldan biroz yuqoriroq, ammo havo sovib, yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Yomon ob-havoga qaramay, amaldorlar mahalliy aholidan navbatdagi yer silkinishlari ro‘y berishi xavfi tufayli uylarini tark etishni so‘ramoqda.

Erdo‘g‘an bu mamlakatda 1939 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli zilzila bo‘lganini aytdi. O‘shanda Qahramanmarashda ro‘y bergan 7,8 balli Erzinjan zilzilasi qariyb 33 ming kishini hayotdan olib ketgandi. Shuningdek, 1999 yil 17 avgustida Izmit shahri hududida (Istanbuldan 90 kilometr janubda) 7,6 balli zilzila ro‘y bergandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 17 mingdan ortiq kishi halok bo‘lib, qariyb 44 ming kishi jabrlangan.

SNN telekanali qayd etishicha, dunyoda har yili o‘rtacha besh marta 7,8 balli zilzila ro‘y beradi. Seysmiy faol mintaqada joylashgan Turkiyada so‘nggi 25 yil ichida kuchi kamida 7 ballga teng bo‘lgan yettita zilzila kuzatilgan.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top