14:05 / 08.02.2023
28590

O‘zbekistonning uzoq va yaqin iqtisodiy tarixi nimalardan so‘zlaydi?

So‘nggi dekadalarda O‘zbekiston aholisining soni, jon boshiga YaIM, so‘mning dollarga nisbatan qadri, soliq stavkalari va turizmdan tushumlar – Kun.uz O‘zbekistonning uzoq va yaqin iqtisodiy tarixiga oid statistik raqamlarga nazar tashladi.

Aholi soni (1920-2023 yillar)

So‘nggi 100 yillik ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1920 yilda O‘zbekiston aholisi 4,4 mln kishi, 1930 yili 4,9 mln kishi, o‘tgan 50-yillarda esa 5-8 million nafar atrofida bo‘lgan. 10 millionlik marra 1965 yilda zabt etilgan. Shundan so‘ng aholi sonining o‘sish tezligi 4 dan 3 foiz atrofiga sekinlashib, 1989 yilda 20 mln nafarga yetgan.

30 mln kishiga esa 25 yil o‘tib, 2014 yilda erishilgan. Raqamlardan ko‘rish mumkinki, garchi yildan yildan aholi soni oshib borayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi 15 yilda o‘sish tezligi 2 baravar sekinlashgan (1,5 foiz atrofida).

2023 yilning 1 yanvar holatiga 36 mln kishini tashkil etgan O‘zbekistonning doimiy aholisi prognozlarga ko‘ra, 2035 yilda 40 mln, 2075 yilda 50 mln nafardan oshadi.

Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (1990-2021 yillar)

Mustaqillikning ilk 5 yilida aholi jon boshiga YaIM miqdori kamayib borgan– 651 dan 586 AQSh dollarigacha. 1996-2006 yillarda ham bu ko‘rsatkich 300-600 AQSh dollari atrofida bo‘lgan.

Bu davrdan so‘ng toki hozirgi davrga qadar YaIMning aholi jon boshiga ko‘ra qiymati faqat o‘sib kelyapti.

Suratda 2016 yildan keyin YaIM hajmi keskin tushib ketgandek ko‘rinadi. Buning sababi esa 2017 yil sentabr oyidan boshlangan valuta kursini shakllantirishning bozor mexanizmi joriy etilishi bo‘lib, o‘shanda valutaning “qora bozor” va davlat kursi bir-biridan 2 baravarga farq qilardi. Erkin konvertatsiyaga o‘tilgandan so‘ng mamlakatda yagona valuta siyosati yo‘lga qo‘yildi. Bundan kelib chiqib, suratdagi diagrammalar ko‘zni chalg‘itgani bilan aslida aholi jon boshiga YaIMning muntazam o‘sayotgani ifodalangan.

Valuta bozori (2010-2022 yillar)

O‘zbekiston valuta bozori 2017 yil 5 sentabrgacha va undan keyingi davrni o‘z ichiga oladi. 2017 yil 2 sentabrdagi “Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorining qabul qilinishi bilan “qora bozor” va rasmiy kursning 2 baravar farqlanishiga barham berilib, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkoni yaratildi.

Mavjud ma’lumotlar asosida 2010-2016 yillar kesimiga nazar tashlasak, 1 AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati katta farqlar bilan o‘sib borgan. Hatto, 2015 yilda o‘zbek so‘mi qariyb 16 foizga qadrsizlanganini ko‘rish mumkin. “Dollar oshib ketibdi” degan gaplarni eshitish odatiy hol edi.

Soliq (2006-2024 yillar)

Trading economics ekspertlari bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining daromad solig‘i stavkasi 2006 yildan 2022 yilgacha o‘rtacha 21,19 foiz bo‘lgan. 2006 yilda 29 foizli eng yuqori, 2020 yilda esa rekord darajadagi eng past ko‘rsatkich – 12 foizni tashkil etgan.

Tahlilchilarning taxmin qilishicha, O‘zbekistonda daromad solig‘i stavkasi 2023-2024 yillarda ham 12 foizda saqlanib turadi.

Turizm (1996-2004; 2014-2020)

Macrotrends tadqiqotchilariga ko‘ra, O‘zbekistonda Xalqaro turistik tushumlar 2016 yildan boshlab ko‘tarila boshlagan. Tadqiqotlar xalqaro sayyohlarning xarajatlari, shu jumladan, xalqaro qatnovlar uchun to‘lovlar, kvitansiyali tovar va xizmatlar asosida olib borilgan.

O‘zbekistonda sayyohlar uchun chek, kvitansiyalarsiz ko‘rsatilgan xizmatlar sababli bu raqamlar asl ko‘rsatkichlardan farq qilishi mumkin.

Madaniyat va turizm vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda turizm eksporti:

  • 2020 yilda 261 mln dollar;
  • 2021 yilda 422 mln dollar;
  • pandemiya ta’siridan chiqqan 2022 yilda 1 mlrd 610 mln dollarni tashkil etgan;
  • 2023 yilda bu ko‘rsatkichni 2 mlrd dollarga chiqarish maqsad qilingan.
Foto: Turizm va madaniyat vazirligi

Sardorbek Usmoniy

Top