13:29 / 09.02.2023
34776

«Tirilish» – kibrning «o‘lishi» va insoniylikning «tirilishi» haqida mukammal asar

Bir inson taqdiri sizningcha qanchalar ahamiyatga ega? Siz biror kim hayotiga qanchalar daxldor bo‘la olasiz? Kimningdir hayoti o‘zanini o‘zgartirib, vayron qilib yuborishga sizning qurbingiz yetadimi? Bu savollarga javob topa olmasligingiz yoki qodir emasman, unchalikka bormasman qabilidagi javoblarni berishingiz mumkin.

Ammo Tolstoyning «Tirilish» asarini o‘qir ekansiz, bir-birining hayotiga daxldor bo‘lgan, kimningdir taqdirini kimdir o‘yinchoq qilgan, kimlarningdir jabrlanganini, kimlarningdir o‘zgalar hayoti evaziga rohatda yashayotganini ko‘rishingiz mumkin. Tolstoy aristokratlar toifasidan bo‘lgani uchun, asosan, asarlarining qahramonlari aynan kiborlar jamiyatiga mansubdir.

Dostoyevskiyning o‘zi qashshoq yashagani sababli asarlari maydonida ko‘proq kambag‘allar rol’ o‘ynaydi. “Tirilish” asarida esa har ikki toifa birlashtirilgan: avvaliga barcha yigitchalar singari pok, sodda va samimiy bo‘lgan, keyinchalik muhit ta’siri bilan qalbi qoralasha boshlagan hamda pokiza bir qizning baxtini qalbi kabi qaro qilgan o‘ziga to‘q oila farzandi Nexlyudov; hatto tug‘ilishida ham odamdek tug‘ilmagan, molxonadan boqib olingan, ammo yaxshi tarbiya topgan sodda, orzulari osmon, muhabbati sof qizdan bir kechada baxtiqaro, nomusi toptalgan, umr bo‘yi azoblarga mahkum etilajak qizga aylanib qolgan Katyusha; jabr-zulmlardan, qora mehnatdan to‘ygan, alamzada qora xalq; xalq hisobidan hayot kechiradigan, o‘zini xalqning taqdirini hal qilishga haqliman deb hisoblovchi jirkanch amaldorlar.

Syujyet:

Uch yoshligida yetim qolgan Katyushani Sofya Ivanovna hamda Marya Ivanovna ismli qari bekachlar o‘z qaramoqlariga olishadi. Katyusha na oqsoch, na asrandi qiz bo‘lib ulg‘ayadi. Bir kuni shu bekachlarning urushga ketayotgan Nexlyudov ismli jiyanlari ammalarinikiga 4 kunga tushib o‘tadi va 18 yoshli qiz Katyushani yo‘ldan ozdiradi. Avvaliga qiz yigitning samimiyatiga ishonadi, uni sevib qoladi, baxtli bo‘laman deb o‘ylaydi. Ammo yigit tomonidan tutqazilgan 100 so‘m pulni ko‘rgach barcha orzulari sarobligini tushunib yetadi...

Qiz 5 oydan so‘ng homiladorligini bilib qoladi. Bekachlarining uyidan chiqib ketgan Maslova turli xil keng-u tor ko‘chalarga bosh suqib chiqdi. Axiyri yetib borgan manzili islovatxona bo‘ldi va u joyda bir mijozini o‘ldirib qo‘ydi. O‘zini sud zalida ko‘rdi. Nexlyudov sudda maslahatchi edi. Maslovani ko‘rgan zahoti yigit hammasini esladi va vujudini aybdorlik hissi qamradi. Bu qizning hayotiga va baxtsizligiga qanchalar sababchi bo‘lganini idrok qildi.

Shu kundan boshlab aybini tuzatish yo‘llarini qidira boshladi. Qancha sarsongarchiliklarni bo‘yniga oldi, yugurdi-yeldi, qancha kechmishlarni boshidan o‘tkazdi. Hatto fohisha bo‘lishiga qaramay Maslovaga uylanish istagini-da bildirdi. Ammo qiz bunga ko‘nmadi. Rozi bo‘lolmasdi.

Asar so‘ngida Nexlyudov inson hayotga yaxshilik qilish uchun, bir-birini e’zozlash, ozor bermaslik uchun, faqat o‘z lazzatini emas, o‘zgalarning ham baxtini o‘ylab yashash uchun kelganini, odamni Xudo yaratgani, unga to‘g‘ri yashashni amr etgani, ammo insonlar bu amrni unutib qo‘yayotganini tushunib yetadi. Ma’nan, ruhan tiriladi.

Tahlil:

Nexlyudov ham Katyushani sud zalida ko‘rib, qilgan qabihligining oqibatini his qilgunigacha yuqorida aytilgan amaldorlar jamiyatining bir bo‘lakchasi edi. Ko‘radi-yu, o‘sha mash’um xatosidan, avval hirs o‘tidan qanchalar yongan bo‘lsa, endi aybdorlik hissini shu qadar kuchli tuyadi. Aybdorlik hissi uni Katyushaga yordam berish yo‘lidagi uzoq va azobli sarsongarchiliklarga va hatto fohishaga (!) uylanishga rozi bo‘lishga qadar yetaklaydi.

Katyusha avvaliga beozorgina, mushtipar qiz. Keyin esa alamzada va hayotidan xafa, psixologiyasi qattiq jarohatlangan obraz. U ham ko‘plab qizlar qatori baxtli bo‘lishga haqli edi. Ammo taqdir to‘foni uni avval ko‘chama-ko‘cha sudradi, keyin fohishaxonaga, so‘ng qamoqqa uloqtirdi.

Tolstoy Nexlyudov orqali o‘zining fikrlarini, siyosat, tuzimga nafratini, dinga qarashlarini asarida aks ettirgan. Masalan, Katyushaning sud jarayonini olaylik: sudyalar hukm chiqarishi kerak, ammo hammaning xayolida har xil narsa. Biri o‘ynashining oldiga kechikmay borish payida bo‘lsa, boshqasi kechasi bilan islovatxonada tunni bedor o‘tkazgani uchun qattiq charchagan. Nima bo‘lsa bo‘lsin-u, shu sud tezroq tugasin deb turibdi. Vaholanki, ular tirik odamlarning hayotini hal qilish masalasi ustida turibdi.

Tolstoy “Amaldorlarning o‘zi jinoyatchi-yu, yana gunohkorlarga hukm o‘qiydimi? Jinoyatchi jinoyatchini qanday jazolashi mumkin, bunga haqqi bormikan?” kabi savollarni “Tirilish”da ko‘ndalang tashlaydi. Minglab odamlar arzimagan aybi uchun (masalan, gilam o‘g‘irlagani, shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagani uchun) qamoqqa tashlanadi va oylab, yillab hukumatning yodidan chiqib ketadi.

Asardagi qamoqxonalar esa do‘zaxning o‘zginasi. 150 kishilik joyga 500 kishini tiqib tashlashadi va bechora tirik organizmlar najas solingan paqir tagida tunashga ham majbur bo‘ladi (dahshat). U yerga arzimagan aybi uchun qamalgan ruhi sog‘lom inson bir oydan so‘ng alamzada, jamiyatdan, davlatdan nafratlanuvchi, ko‘zi qonga to‘lgan vahshiyga aylanadi.

Bunday qamoq, bunday adolatsizlik hech bir odamning tarbiyalanishiga olib kelmaydi, aksincha, haqiqiy jinoyatchiga aylantiradi. Qarabsizki, butun davlat, butun mamlakat jinoyatchilar makoni bo‘lib qoladi. Chunki ularning jinoyatchi “yetishtirib beruvchi zavod”lari bor. Tolstoy ortiqcha va adolatsiz zulm odamni alamzadalikka, haqiqiy jinoyatchi bo‘lishiga olib kelishini aytmoqchi bo‘ladi.

Shu o‘rinda, Tolstoy nasroniylik dinidagi ortiqcha xurofotlarni tanqid qiladi va hatto kulgiga oladi. Bu asardagi quyidagi voqeada yaqqol seziladi:

Mahbuslar xristianlikning asosiy ibodat marosimiga to‘planadi va marosimda pop qo‘liga non va mayni olib, bu Xudoning qoni hamda tanasi, deb aytadi. Mayni ichgan, nonni yegan odam Xudoning tanasini yegan va qonini ichgan hisoblanarmish. Bu umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi yaqqol ko‘rinib turibdi, ammo odamlar bunga ishonyapti...

Jazirama payti asirlarni ko‘chirish jarayonida qanchadan-qancha odamlar halok bo‘ladi. Ammo bu o‘limlarga hech kimni aybdor qilishning iloji yo‘q. Hech kim bu gunohga javob bermaydi. Chunki ular ko‘pchilik. Ular davlat tepasida turgan zulmkorlar. Ular yolg‘on gapirib turib yolg‘onchilarni, fahsh ishlarni qila turib fohishalarni, pora olib turib poraxo‘rlarni, qotil bo‘la turib qotillarni ayblay olishadi. Jazolashadi. Ularga hamma narsa mumkin.

Nexlyudov hammasini tushunib yetdi va qayta tug‘ilishning, qayta tirilishning uddasidan chiqdi. U o‘zidagi iflos “men”ini sug‘urib otdi. Dil halovatining manbayi nima ekanini angladi. Bu halollik, soflik va oddiylikda edi...

Dunyo adabiyotining yetuk vakillaridan bo‘lmish Lev Tolstoyning «Tirilish» asarini o‘qishni tavsiya qilamiz. Asarni Xolida Ahrorova o‘zbek tiliga maromiga yetkazib tarjima qilgan.

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top