13:09 / 11.02.2023
12456

Belarusda yana ikki nafar «rels partizani» 22 yilga qamaldi

Belarus sudi Bobruyskdan bo‘lgan ikki «rels partizani»ni qamoq jazosiga hukm qildi. Yana biri sukut saqlagani uchun sudlandi.

Foto: іntex-press by

Mogilev viloyat sudi temiryo‘llarda qo‘poruvchilik harakati tayyorlashda ayblangan Bobruyskdan bo‘lgan uch nafar fuqaroga nisbatan hukm chiqardi, deb xabar qildi Belarusning «Vyasna» inson huquqlari markazi 10 fevral, juma kuni. Ular - Dmitriy Klimov, Vladimir Avramsev va Yevgeniy Minkevich 2022 yil mart oyi oxirida Belarusda qo‘lga olingan. Operatsiya davomida xavfsizlik kuchlari ularni o‘ldirish uchun o‘qqa tutgan va Klimov yaralangan.

Klimov va Avramsev Belarus Jinoyat kodeksining bir qator o‘ta og‘ir moddalari, jumladan, terrorchilik harakati, davlatga xiyonat, terrorchilik tashkilotida ishtirok etish va transport vositasi yoki aloqa vositalarini qasddan yaroqsiz holga keltirish bo‘yicha 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Osipovichi yaqinidagi temiryo‘l liniyasidagi ikkita rele shkafini yo‘q qilishda qatnashgan.

Tergov sudlanuvchilarni ayblagan harakatlar odatda temiryo‘l uchastkasida svetoforlarning ishlamay qolishiga olib keladi, bu esa poyezdlar jadvalini buzadi - shu jumladan Ukrainadagi urush uchun Rossiya Qurolli kuchlarining qurollari va harbiy texnikasi ortilgan poyezdlar uchun. Ular 2022 yil bahori Belarus hududidan faol ravishda olib o‘tilgan.

Aynan shunday harakat va Aleksandr Lukashenko rejimiga qarshi turish taktikasiga sobiq xavfsizlik xodimlarining ByPol uyushmasi belaruslarni (Belarusda ekstremistik tuzilma sifatida tan olingan) chaqirdi. Shu bilan birga, ByPol   ma’lumotlariga ko‘ra, bunday harakatlar belarusliklarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solmaydi, balki BelJD infratuzilmasiga katta zarar yetkazadi. Shunday qilib, har bir yo‘q qilingan qurilma narxi taxminan 50 ming dollarni tashkil etadi va Belarusda ularni almashtirish uchun to‘plamlar unchalik ko‘p emas.

Sud Minkevichni «jinoyat haqida xabar bermaslik» moddasi bo‘yicha 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi, ammo u sud zalidan ozod qilindi, chunki bu muddatning bir qismini hibsda o‘tkazgan, qolgani esa «Xalq birligi kuni munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida» qonunga muvofiq qisqartirilgan. Uchala fuqaro ustidan sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tdi.

27 dekabr kuni Gomel viloyat sudi Belarusda Rossiya harbiy texnikasi bo‘lgan poyezdlar Ukrainadagi urushda qatnashish uchun harakatlangan temiryo‘lda sabotaj qilishda ayblanayotgan uch nafar belaruslik ustidan hukm e’lon qilgandi. 

Denis Dikun 23 yilga, Dmitriy Ravich 22 yilga, Oleg Molchanov esa 21 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, har biriga 4800 Belarus rubli miqdorida jarima solindi va tintuvlar davomida aniqlangan mol-mulki musodara qilindi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevral kuni Gomel viloyati Svetogorsk shahrining uch nafar fuqarosi Dikun, Ravich va Molchanov «Jyerd-Ostankovichi» temiryo‘l liniyasida (Gomel viloyati) rele shkafiga o‘t qo‘ygan. Shu sababli, uchastkada svetoforlar va ko‘rsatkichlar ishlashni to‘xtatdi, bu esa Ukrainadagi urush uchun RF Qurolli kuchlarining qurollari va harbiy texnikasi bo‘lgan poyezdlar jadvalida uzilishlarga olib kelishi mumkin edi.

Uchalasi ham 4 mart kuni Svetlogorskda hibsga olingan va ularga bir nechta moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan: Jinoyat kodeksining 361-1-moddasi 3-qismi («Ekstremistik tuzilishda ishtirok etish»), 289-modda 3-qism («Uyushgan guruh tarkibida sodir etilgan, og‘ir oqibatlarga olib keladigan, odamlar uchun o‘lim xavfini tug‘diradigan va ularga tan jarohati yetkazadigan terrorchilik harakati»), 309-modda 2- va 4-qismi («Aloqa vositalarini qasddan yaroqsiz holga keltirish, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi, shuningdek avariya, baxtsiz hodisa va odamlarning o‘limi xavfini yuzaga keltirishi») va 356-modda 1-qism («Davlatga xiyonat»).

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top