21:53 / 11.02.2023
66406

O‘zbekiston Rossiyaga do‘stona davlatlar qatoriga kiritildi 

Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan 14 ta davlatdan 8 tasi «do‘stona» deb topildi. 

Foto: Reuters

Rossiya 14 qo‘shni davlatdan kamida sakkiztasi bilan yaxshi munosabatlarga ega. Bu haqda Rossiyaning Kommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy tadqiqot institutiga (Natsionalniy issledovatelskiy institut razvitiya kommunikatsiy, NIIRK) tayanib, «Kommersant’» xabar berdi. 

10 fevral kuni NIIRK Rossiyaning qo‘shni davlatlari do‘stonaligi bo‘yicha yillik monitoring natijalarini taqdim etdi.  

Tadqiqotlar 14 davlatda o‘tkazildi, ulardan sakkiztasi do‘stona, to‘rttasi (Estoniya, Latviya, Litva va Ukraina) esa ochiq dushmanlar toifasiga kirdi. Yana ikkitasi, Gruziya va Moldova «nisbatan do‘stona davlat» sifatida sanaldi. 

NIIRK direktori o‘rinbosari Valentina Komleva so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotda nafaqat siyosiy komponent, balki aholining Rossiyaga nisbatan umumiy munosabati ham hisobga olingan. Mahalliy va xorijiy ekspertlar harakat erkinligi, rus tiliga munosabat, iqtisodiy aloqalar, ilmiy va madaniy aloqalar, BMTda ovoz berish kabi jami 68 ta ko‘rsatkichni tahlil qilgan. 

«Do‘stonalik» reytingida Belarus yaqqol yetakchi bo‘lib turibdi. Ushbu davlat bilan barcha aloqa turlari yuqori ball olgan. Faqat nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) o‘rtasidagi munosabatlar istisno qilingan. 

Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston kabi do‘stona davlatlar bilan aloqalar dinamikasi yaxshilangani qayd etilgan. Ammo Armaniston va Qozog‘iston «o‘zgaruvchan rejimlar» guruhiga kiritilgan. Qayd etilishicha, bu davlatlarda Rossiya bilan munosabatlar tarixi qayta ko‘rib chiqila boshlagan. Shu sababli, kommunikatsiyalarni rivojlantirish shartlari yomon tomonga o‘zgarishi mumkin, deb ogohlantirmoqda ekspertlar.  

Mutaxassislar, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishdan bosh tortgan va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirayotgan Gruziya bilan munosabatlar yaxshilanganini qayd etgan. Shu bilan birga, Moldova aloqa sharoitlarining yomonlashuvi yo‘lidan bormoqda, deydi tadqiqot mualliflari. 

Siyosatshunos Yevgeniy Minchenkoning fikricha, reyting siyosatchilarning amaliy ishlarida foydali bo‘lishi mumkin, chunki bu tadqiqot ma’lumotlari yuzlab jildli kitoblardan afzalroq. «Reyting asosida siyosatchilarga nimaga e’tibor berish kerakligi, qanday vositalardan foydalanish, qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish kerakligi darhol aniq bo‘ladi», dedi u. 

Ekspertlarning qayd etishicha, do‘stonalik reytingi har doim ham siyosatchilarning xizmati emas, ko‘p narsa aholining qo‘shnilarga nisbatan an’anaviy yaxshi munosabatiga bog‘liq. Ammo bu munosabatlarni uzoqqa olib bormaydi, ba’zi mamlakatlarda aloqani rivojlantirish uchun qo‘shimcha harakatlar talab qilinishi mumkin. 

Top