14:54 / 15.02.2023
14047

Kimyoviy o‘g‘itlarga to‘yingan tuproq: Ekinzorlarimizni qanday qutqarish mumkin?

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi maydonlariga beriladigan o‘g‘it miqdori jahon darajasidan bir necha karra ko‘p. Bu esa o‘z-o‘zidan ekinzorlarning sifatini tushirib, oziq-ovqat xavfsizligiga daxl qiladi. Kun.uz bu boradagi hozirgi ahvolimiz va ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.

Bir necha kun avval Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari jahon va O‘zbekistonda o‘g‘it iste’moli darajasi bo‘yicha tahlil xulosalarini e’lon qildi. Bu tadqiqotda ham O‘zbekiston umumjahon miqyosida ko‘p o‘g‘it ishlatayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan.

Hisobotda aytilishicha, hozir O‘zbekistonda gektariga o‘g‘it sarfi deyarli 255 kilogrammni tashkil etadi, bu esa umumjahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan 74 foiz yuqori, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 2,9 barobar ko‘p.

E’lon qilingan tahlil va xulosalar jamoatchilik, xususan, tarmoq foydalanuvchilari orasida muhokama va ayni paytda xavotirlarga sabab bo‘larkan, Kun.uz muxbiri bu mavzuni soha mutaxassislari ishtirokida muhokama qildi.

Suhbatdoshlarimiz – qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Murod Karimov, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Gulmira Mirhaydarova, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Rizqivoy Gulmurodov va “O‘zkimyosanoat” AJ bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Abdullayev bo‘ldi.

Murod aka, institut xulosasini o‘qidingizmi? Unda aytilgan xulosalarga qo‘shilasizmi? Ha bo‘lsa, nega bizda bunchalik ko‘p o‘g‘it ishlatilmoqda-yu, yo‘q bo‘lsa, sizda bu tahlillarni inkor qiladigan qanday ma’lumotlar bor? Ko‘p o‘g‘it ishlatish nimasi bilan xavfli?

Murod Karimov:

— Hisobotni o‘qidim. Unda gektariga 256 kg deb aytilgan. Bu dunyo ko‘rsatkichidan bir necha barobar ko‘p degani. 1960 yillar tajribasiga ko‘ra, ekinlarga o‘g‘itning ko‘p berilishi hosildorlik tushib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Qancha o‘g‘it solsang, shuncha hosildorlik yuqori bo‘ladi, degan tushuncha noto‘g‘ri.

Fermerlar ko‘p o‘g‘it ishlatyapti, deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki o‘g‘it qimmat o‘zi. Bu yerda o‘g‘itlarni ishlatish madaniyati pastligi masalasi bor: qachon berilishi, qanday berilishi, qayerga berilishi kabilarni bilmaslik. Ekin ekilgandan to yetilguncha o‘z me’yorida o‘g‘it solib borish kerak. Masalan, o‘g‘itlarni qo‘llashdagi eng yuqori davr ekinlarning gullash davri bo‘ladi. Demoqchimanki, dehqonning o‘g‘it qo‘llash malakasi sustroq bo‘lishi mumkin.

Gulmira Mirhaydarova:

— Iqlim sharoiti degan tushuncha bor. Har bitta hudud iqlimining o‘ziga belgilangan ekini, me’yoriy o‘g‘it darajasi bor. Dehqon yerga o‘g‘it berganda, yuqori hosil kutadi. Lekin u yerni o‘g‘itlaganda qanday reaksion jarayonlar ketishini bilishi kerak. O‘ylashimcha, o‘g‘it ko‘p ishlatilmayapti. Lekin shuni iqlim sharoitiga mos tarzda qo‘llasa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tuproqlar ham tabaqalashgan. Ya’ni qaysidir tuproq unumdor, qaysidiri unday emas. Yerga qaysi ekin turi ekilyapti, o‘g‘itlar qanday miqdorda berilyapti – bularni hisobga olish kerak. Masalan, tuproqning fosforga ehtiyojini hisobga olib, shunga ko‘ra berish kerak bo‘ladi. Tuproqning holatini bilish uchun agrokimyoviy xaritanomalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

— Biz tuproqshunos olimlar bilan gaplashganimizda, ular bu hisobot natijalariga qo‘shilishini, chindan o‘g‘it ko‘p ishlatayotganimizni, chunki O‘zbekistonda yer juda ochligi, hosildorlik pasayib ketgani va o‘g‘it bermasa, hosil ham olib bo‘lmasligini aytishdi.

Xo‘sh, tinimsiz ko‘p o‘g‘it ishlatish bizni taqdirimiz, bundan buyongi majburiyatimizmi? Yerlarni kompleks yaxshilash, unumdorligini oshirish choralari yo‘qmi?

Murod Karimov:

— Agrokimyogarlarning tuproqdan olib chiqib ketilgan ozuqalarni qaytarish qonuni, degan oltin qoidasi bor. Ekinlar o‘zi bilan ma’lum miqdorda turli o‘g‘itlarni olib chiqib ketadi. Bularni qaytarish kerak. Solingan o‘g‘itlarning bir qismi yerda qoladi. Hosilni qanchalik ko‘p olsak, shuncha ozuqa moddasini tuproqdan yo‘qotayotgan bo‘lamiz. Ko‘pchilik organik o‘g‘itlar solish kerak, deydi, lekin organik o‘g‘it bilan yo‘qotilayotgan ozuqa o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi. Organik o‘g‘itlarni gektariga 20-30 tonna berish tavsiya qilinadi, shunda yetarli bo‘ladi. Lekin bunday miqdorda organik o‘g‘it (go‘ng) yo‘q. Chorvachilik komplekslari ham yo‘q. Organik o‘g‘itlar bilan unumdorlikni orttirib bo‘lmaydi.

Qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlar mineral o‘g‘itlar qo‘llaydi. Ularda yerga dam berish ham bor. Yashil massa amaliyotida ham tuproqda bor ozuqani oladi o‘simlik, bunda faqat tuproqning biologik va fizik holati yaxshilanadi, azot yoki fosfor ko‘payib qolmaydi.

Gulmira Mirhaydarova:

— O‘zbekiston ikkita geomorfologik hududga bo‘linadi. Shundan 30 foizi tog‘li hududlarga to‘g‘ri keladi, 70 foizi esa cho‘l hududiga. Cho‘l hududlarida o‘z-o‘zidan unumdorlik past bo‘ladi, tog‘li hududlarda esa katta maydonlarga ekin ekish imkonsiz. Fikrimcha, bir nechta kompleks tadbirlar ishlab chiqilsa va buning ichida oraliq ekinlar ekilsa, bu jarayonda tuproqning xossa-xususiyatlari yaxshilanib boradi. O‘z-o‘zidan o‘sha yerda sharoit yaxshilanib boradi, bir yaxshilangan sharoit ikkinchisini chaqiradi va bu sikl davom etadi.

Shu kabi kompleks tadbirlar bo‘lishi kerak. Mineral o‘g‘itlarning ma’lum qismi o‘zlashtiriladi, qolgani yerda turadi, hech qayerga ketmaydi Mineral o‘g‘itlarni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish kerak, shunda yerda mineral o‘g‘itlar kam qoladi va zarar berishi ham kamayadi.

— G‘ayrat aka, ayting-chi, Bugun O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining o‘g‘itlarga bo‘lgan yillik jami talabi qancha va mamlakat miqyosida yiliga qancha azotli, fosforli, kaliyli va shular asosida qancha kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqariladi? Qancha eksport qilamiz va qancha ichki iste’molga ishlatilmoqda?

G‘ayrat Abdullayev:

— O‘simlikning ilmiy isbotlangan talabi bor. O‘sha talab bizga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan har yili taqdim etiladi. Masalan, 2023 yilda respublika bo‘yicha 1 mln 100 ming tonna talab qo‘yilgan. Bunda 700 ming tonna fosforli, 300-350 ming tonna kaliyli o‘g‘itlarga talab mavjud.

Kimyosanoatda ishlab chiqarish haqida gapirsak. O‘zbekistonda uch turdagi – azot, kaliy, fosfor o‘g‘itlari ishlab chiqariladi. O‘z ehtiyojimizni bemalol qoplaymiz. 2022 yil natijasiga ko‘ra, 1,5 mln tonna sof holda o‘g‘it ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shundan 1 mln 150 ming tonna azot, 200 ming tonna kaliyli, 200 ming tonna fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarilgan. 300 ming tonna o‘g‘it esa eksportga ketdi (25 foiz).

O‘zbekiston ham ko‘p miqdorda o‘g‘it ishlatayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Yuqorida aytilgandek, tuproqda ehtiyoj bo‘lsa, buning o‘rnini to‘ldirish kerak bo‘ladi, albatta. Tahlillarga ko‘ra, 2005 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan jarayonda ichki iste’molda o‘sish bor. 2005 yilda 560 ming tonna azotli o‘g‘it ishlatilgan bo‘lsa, 2022 yilda 875 ming tonna ishlatilgan. Yana bir narsa bor bu yerda: aholi soni o‘syapti, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash kerak. Shuning uchun g‘alla va paxta maydonlari qisqarib, ozuqabop ekinlarga o‘tilyapti. Va yana bir narsa: rivojlangan davlatlarda tomchilatib sug‘orish tizimi orqali o‘g‘it sarfi kamaygan, bizda ham tezroq shuni joriy qilish kerak.

Umuman, respublikamizda azotli va kaliyli o‘g‘itlar bilan ta’minlaymiz o‘zimiz. Faqat fosforli o‘g‘itlarda yetishmovchilik bor. Bu bo‘yicha ham o‘zimizga dastur belgilaganmiz. Olmaliqda fosforli o‘g‘it ishlab chiqaradigan yangi zavod qurilyapti. Samarqandda yil oxirida eski kimyo zavodining o‘rnida fosforli o‘g‘it ishlab chiqaradigan zavod ishga tushadi. Yaqin kelajakda 500 ming tonnaga yetkazamiz fosforli o‘g‘it ishlab chiqarishni.

— Bilasiz, yoz yaqinlashishi bilan bizda poliz mahsulotlaridan zaharlanish holatlari keskin oshib ketadi. Bunda mutaxassislar zaharlanishning poliz mahsulotlariga solingan amiakli selitradan bo‘lganini qayd etishadi. Xo‘sh, nega bizda o‘g‘itlar insonlar salomatligiga zarar yetkazadigan, zaharlaydigan tarzda tartibsiz ishlatilyapti-yu, buni to‘xtatishning imkoni bo‘lmayapti. Buni kim, qanday nazorat qilishi kerak?

Murod Karimov:

— Bu muammo o‘tgan asrdan beri bor. Nitrat – o‘simlik tuproqdan oladigan azotning bir shakli. Dinamikasi yuqori, muqim bir joyda turmaydi. O‘simlik uchun juda zarur bu modda. Lekin uni o‘g‘it bilan solish shart emas. Har qanday organik modda chirisa, nitrat tuziga aylanadi. Nitrat tuzlari o‘simlik tanasiga kirib boradi. Tuzlar kerakli organoidga aylanishi kerak. Agar nitrat tuzligicha qolib ketsa, insonga nojo‘ya ta’sir qiladi.

Biz ekinga aynan nitratli o‘g‘itlar solishimiz shart emas. Tarkibida nitrat bo‘lmagan o‘g‘itlar ham bor (korbamid, sulfat ammoniy). Agar birinchi marta berishga nitratsiz o‘g‘it topolmasa, ammiakli selitra berib, keyingilariga nitratsiz bersa, mahsulot tarkibida nitrat kam bo‘ladi. Bizda bozorga kelgan poliz ekinini tekshirish emas, dalada paytiyoq umumiy tekshirib ruxsat berish kerak.

— Domla, sizni bu intervyuga taklif qilganimizning sababi borki, maqsad – bugungi mavzuni imkon qadar kengroq, kompleks tahlil qilish. Shu ma’noda, bugun qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan ekinlar hosildorligi, oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan omillardan biri bu o‘simlik kasalliklari, zararkunandalarining ko‘payib ketgani. Muammo ko‘lamini yaxshi bilasiz. Ayting-chi, nima yetmayapti, qaysi bo‘g‘inda xato qilinyaptiki, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurash yo‘li topilmayapti?

Rizqivoy Gulmurodov:

— Aslida, kasalliklar ko‘payib qolgani yo‘q. Sobiq ittifoq davrida g‘o‘zada o‘nga yaqin kasallik bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shu. Mustaqillikkacha bizda bug‘doy yetishtirilmas edi. Mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda bug‘doy yetishtirila boshlandi, shuning hisobiga zararkunandalar, kasalliklar paydo bo‘la boshladi. Ilgari asosiy maydonlarimizda g‘o‘za yetishtirilgan va e’tibor shunga qaratilgan. Hozirda respublikamizda noan’anaviy ekinlar ekish ko‘paygan. O‘simlik kirib keldimi, uning kasalligi ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi.

Kasalliklar kirib kelishiga sabab xalqaro hamkorlik kengaydi va biz chet eldan urug‘lar, ko‘chatlar olib kelyapmiz, asosiy kasalliklarni shular olib keladi. Bu narsa strategik ahamiyatga ham ega. O‘simlik turi ko‘paygani sari kasalliklar soni ham ortyapti.

Nega kurasha olmayapmiz? Hosil olib bo‘lmayapti. Shunaqa kasalliklar ham borki, bir kasallansa, hosil butunlay yo‘q bo‘ladi. Har bir o‘simlikda o‘nlab kasallik bor. Bizda asosiy e’tibor keng tarqalgan kasalliklarga qaratiladi. Qarshi turolmayotganimizga sabablardan biri dehqon kasallikni aniqlay olmayapti. Fermer va dehqonlarni qiynayotgan muammo ham bilolmaslik bo‘lyapti.

Yuqorida aytganimdek, biz asosiy e’tiborni keng tarqalgan asosiy ekinlardagi kasalliklarga qaratganmiz. Hozir zamonaviy agronomiyada oldin biz bilmagan ko‘p kasalliklar aniqlanyapti va shuning hisobiga ko‘payib ketyapti, deyapmiz. Iqlim o‘zgarishi ham kasallik ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Haqiqiy mutaxassislar keyingi yilda bo‘ladigan kasalliklarni «bashorat» qilishi va dori zaxiralari tayyorlanishi kerak.

— Va bu borada, bugun O‘zbekiston yerlarida o‘simlik kasalliklariga qarshi pestisidlar, fungisidlar, akarasidlar shunchalik ko‘p va tartibsiz qo‘llanyaptiki, bizning yerlar bemalol Xitoyda ishlab chiqarilgan pestisidlarni sinovdan o‘tkazadigan bir joyga aylanib qolgan. Buning oqibatida insonlarda turli kasalliklar soni ham ortib boryapti. Xo‘sh, nega bizda bu soha bunchalik tartibsiz ishlayapti?

Rizqivoy Gulmurodov:

— Hozirda 429 ta akaramidlar, fungisidlar 495 ta, gerbitsidlar 395 ta ro‘yxatga kiritilgan. Bu dorilar faqat Xitoydan emas, boshqa davlatlardan ham olib kirilyapti. Nima uchun ularning samarasi kam bo‘lyapti, degan savol bor. Bizdagi muammo – kasallikka aniq tashxis qo‘ya olmaslik. Yuqorida aytilgan bashorat qilish ham birlamchi muammo. Deylik, bug‘doydagi zang kasalligini bashorat qilish mumkin-ku. Masalan, kuzgi paxta terim mavsumidagi bug‘doy maydonlariga ko‘p yomg‘ir yog‘sa, zang kasalligi bo‘lishi ehtimoli bor. Ilmiy asoslangan bashoratlar bo‘lsa va shunga qarab dori zaxiralarini yaratsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Amerikada kasallik, infeksiya tarqalishidan bir necha kun oldin aytilarkan va chora ko‘rilar ekan. Bizda esa infeksiya tushib bo‘lgandan so‘ng pestisidlarni sepamiz va samarasiz bo‘ladi. Yana bir sababi ba’zi pestisidlarni keraksiz payt ishlatamiz. Bizning iqlim quruq. Namlikda ekan kasallik ko‘p bo‘ladi, shuning uchun Yevropada ko‘p dori sepiladi. Agar bizda bahor quruq kelayotgan bo‘lsa, uzog‘i bilan 2 marta dori sepilsa, yetarli bo‘ladi. Bizda zang kasalligi uchun 10 maydan keyin dori sepishadi, uning foydasi yo‘q, chunki zang 27 gradus issiqdan balandida rivojlanmaydi, u payt esa harorat 30 dan baland bo‘ladi.

Agar ekinga kasallik tushmaydigan bo‘lsa, dori sepish kerak emas. Iste’moldan tashqari bo‘lgan dori zararli bo‘ladi. Sepilgan dori bir necha kun o‘simlikni «stress» holatiga tushirib qo‘yadi. Agar biz aniq bashorat qilolsak, kasalliklar tarqalishi mumkin, lekin yoppasiga tarqalmaydi.

Ikki barobar ko‘p dori sepish – xato. Har bir dorining me’yori bor. O‘simliklarda pestisid qoldig‘i degan narsa bor. Hatto dondayam, nondayam qoladi. Eng yomoni to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’mol qiladigan pomidor, bodring kabi mahsulotlarda pestisidlar qoldig‘i qoladi. Qoidasiga ko‘ra bozorga chiqishdan 20 kun oldin to‘xtatish kerak dorilashni. Pestisidlar qoldig‘i esa onkologik kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top