Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eksportga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlariga salomatlik sertifikati beriladi
Eksportga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlariga salomatlik sertifikati berish bo‘yicha davlat xizmati tartibi belgilanadi. Yangi mexanizm mahsulot xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqligini tasdiqlash, shu orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan.
Qaror loyihasiga ko‘ra, mamlakat hududida yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining xalqaro bozorda xaridorgirligini oshirish hamda tarkibining xalqaro talablarga mosligini ta’minlash maqsad qilingan.
Salomatlik sertifikatini olish xizmati Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchi — oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi oziq-ovqat biznesi operatorlari. Vakolatli organ — Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi (hududiy boshqarma va bo‘limlari bilan).
Ariza DXM orqali (xodim ariza beruvchi nomidan) yoki YaIDXP orqali (ariza beruvchi mustaqil) topshiriladi. Vakolatli organ ariza va ilova hujjatlarni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda arizani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Ariza ko‘rib chiqilgani uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im to‘langanidan so‘ng ariza vakolatli organga avtomatik yuboriladi. Ilova qilingan hujjatlar va to‘lov tasdiqlanmasa (yig‘im to‘lanmasa yoki yolg‘on/noto‘g‘ri ma’lumot aniqlansa), ariza avtomatik qabul qilinmaydi.
Vakolatli organ mahsulot turiga qarab obektda sanitariya tekshiruvi va ekspertiza, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda sanitariya-kimyoviy, bakteriologik, radiologik, toksikologik, parazitologik tahlillar o‘tkazish rejasini tuzadi va oziq-ovqat inspektorini tayinlaydi.
Inspektor mahsulot saqlanayotgan joyga chiqib o‘rganadi, zarur bo‘lsa namuna oladi va dalolatnoma rasmiylashtiradi, ishlab chiqarishda tizim joriy etilgan-etilmaganini ham o‘rganadi.
Laboratoriya xulosasi tayyor bo‘lgach, inspektor ariza beruvchiga 1 ish kuni ichida xabarnoma yuboradi. Xabarnoma yuborilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida davlat xizmati uchun belgilangan tarif bo‘yicha to‘lov undiriladi. To‘lov tasdiqlangandan keyin sertifikat 2 ish kuni ichida QR-kodli shaklda rasmiylashtirilib, DXM yoki YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga yuboriladi. Sertifikat ariza beruvchi talabi bilan o‘zbek, rus va ingliz tillarida rasmiylashtirilishi mumkin.
Davlat xizmati quyidagi sabablar bilan rad etiladi:
- davlat xizmati uchun to‘lov amalga oshirilmasa;
- laboratoriya tahlillari natijalari salbiy bo‘lsa.
Boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanishi qayd etilgan.
Sertifikat berish rad etilganda, ariza beruvchi rad etilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida DXM yoki YaIDXP orqali apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Apellyatsiya 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Qo‘mita Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birga 3 oy muddatda xizmatni DXM va YaIDXP orqali to‘liq joriy etishi, shuningdek, YaIDXPda murojaatlarni bosqichma-bosqich kuzatish tartibini yo‘lga qo‘yishi belgilangan.
Jarayonlarni avtomatlashtirish uchun elektron reyestr ishlab chiqish va uni “Elektron hukumat” idoralararo integratsiya platformasiga ulash nazarda tutilgan.
Mavzuga oid
10:45 / 17.06.2026
Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin
16:35 / 15.06.2026
«Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi». Bu qonuniy talabmi?
08:16 / 02.06.2026
Top-10: dunyo savdosida eng katta ulushga ega davlatlar
11:24 / 31.05.2026