22:02 / 16.02.2023
10199

“O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘g‘itlar samarasiz ishlatilmoqda” - olim

Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Murod Karimov Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘g‘itlarning samarasiz va noto‘g‘ri ishlatilayotganini tanqid qildi.

“Yaqinda prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti xodimlari hisobotini o‘qidim. Unda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida gektariga 256 kg o‘g‘it ishlatilayotgani haqida yozilgan. Bu dunyo ko‘rsatkichidan bir necha barobar ko‘p degani. Aslida unday emas. Masalan, 3 tonna paxta yetishtirish uchun ham 200 kilogramm sof azot, 90-100 kilogramm kaliy va shuncha fosfor, hammasi bo‘lib 300-400 kilogramm o‘g‘it ishlatiladi.

Ya’ni O‘zbekistonda o‘simliklarga ko‘p o‘g‘it berilyapti degan tushuncha bu statistika bilan aniqlanmaydi. Masalan, qaysi ekinimiz hozir zo‘r hosil berib yuboryapti?

1960 yillar tajribasiga ko‘ra, ekinlarga o‘g‘it ko‘p berilishi hosildorlik tushib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Qancha o‘g‘it solsang, shuncha hosildorlik yuqori bo‘ladi, degan tushuncha noto‘g‘ri.

Fermerlar ko‘p o‘g‘it ishlatyapti, deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki o‘g‘it qimmat o‘zi. Bu yerda o‘g‘itlarni ishlatish madaniyati pastligi, samarasiz ishlatilishi masalasi bor: qachon berilishi, qanday berilishi, qayerga berilishi kabilarni bilmaslik. Ekin ekilgandan to yetilguncha o‘z me’yorida o‘g‘it solib borish kerak. Masalan, o‘g‘itlarni qo‘llashdagi eng yuqori davr ekinlarning gullash davri bo‘ladi. Demoqchimanki, dehqonning o‘g‘it qo‘llash malakasi sustroq bo‘lishi mumkin”, – dedi olim.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top