12:57 / 17.02.2023
11008

Germaniyaning eng yirik aeroportlarida ish tashlash boshlandi

Yuz minglab yo‘lovchilar keng ko‘lamli ish tashlashdan aziyat chekmoqda. ADV aeroport assotsiatsiyasi sodir bo‘layotgan voqeani mehnat mojarosining misli ko‘rilmagan kuchayishi deb atadi.

Foto: Junge Welt

Germaniyada 17 fevral, juma kuni ertalab aeroportlarda ish tashlash boshlandi, bu esa mamlakatdagi havo qatnovining keng ko‘lamli to‘xtab qolishiga olib keldi. Ish tashlash mojaroda qatnashayotgan, yettita aeroportdan tunda ishlashga ruxsat berilgan yagona bandargoh - Hannover aeroportida kechasi boshlandi. Ver.di kasaba uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Hannover aeroporti deyarli ishlamay qolgan. Ish tashlash tashkilotchilari imkon qadar Frankfurt-Mayn, Myunxen, Shtutgart, Bremen, Hamburg va Dortmund aeroportlarida barcha reyslarni to‘xtatish niyatida. 

ADV aeroport assotsiatsiyasi 2340 ta reysning bekor qilinishidan 300 000 ga yaqin yo‘lovchi zarar ko‘rishini taxmin qilmoqda. Uyushma sodir bo‘layotgan voqealarni mehnat mojarosining misli ko‘rilmagan kuchayishi deb atadi. Birgina Lufthansa aviakonserni 1300 ga yaqin reyslarni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Yangi bekor qilishlar deyarli 15 fevralda tuzatilgan aeroportlardagi yirik kompyuter nosozliklaridan so‘ng darhol yuz berdi. 

Germaniyada davlat sektori xodimlari ish sharoitlarini yaxshilash maqsadida faqatgina aeroportlarda ish tashlash uyushtirmoqchi emas. 17 fevral kuni ishchilarning o‘z talablarini qo‘llab-quvvatlash uchun ommaviy aksiyalari rejalashtirilgan. 

Ver.di o‘zining 2,5 million a’zosi uchun maoshni 10,5 foizga oshirish va 500 yevro miqdorida bir martalik to‘lov talab qilmoqda. Mehnat shartnomasining muddati 12 oy bo‘lishi kerak. Ish beruvchilar bu talablarni rad etdi. Muzokaralarning navbatdagi bosqichi 22-23 fevral kunlari Potsdamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid
Top