18:57 / 22.02.2023
21018

«O‘yinning 70-daqiqasi, «hisob» esa hozircha 1:1». Budanov frontdagi vaziyat haqida

Ukraina harbiy razvedkasi rahbari «hal qiluvchi janglar bahorda bo‘lib o‘tishi»ni aytdi.

Foto: Forbes

Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov Forbes nashriga katta intervyu berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sharqiy frontda Rossiyaning katta hujumi allaqachon davom etmoqda. Ammo hamma ham uning qanday sifatdagi hujum ekanini ko‘rmayapti. Rossiya armiyasi oldida strategik vazifa turibdi – 31 martgacha Donetsk va Luhansk oblastlarining ma’muriy chegaralariga yetib borish.

«Bu ular orzu qilgan maqsad, lekin buni amalga oshira olmaydilar. Rossiyada yangi safarbarlik to‘lqini boshlandi, u yashirin. Birinchi to‘lqinda safarbar etilganlarning 90 foizidan ortig‘i frontga tayyorgarliksiz jo‘natilgan», deydi u.

Budanovning ta’kidlashicha, Ukraina ittifoqchilari Baxmutni saqlab qolish uchun kuch sarflamaslikni maslahat berishmoqda.

«Bu xuddi Fransiya prezidentiga Marselni yoki AQSh rahbariga Nyu-Yorkni vaqtincha topshirishni taklif qilishga o‘xshaydi. Men uchun vatanparvar sifatida, Ukraina hududining bir millimetrini ham dushmanga topshirish falokatdir.

Harbiy nuqtayi nazardan, Baxmutda biz ruslarni holdan toydirmoqdamiz. Ikki oy davomida rus qismlari imkon qadar artilleriya o‘q-dorilarini tejashga harakat qilmoqda. Bizda ham tanqislik bor. Baxmutda rus qo‘shinlari boshqa taktikaga o‘tishdi: piyodalar to‘lqini ketma-ket keladi, artilleriya faqat ularni qo‘llab-quvvatlaydi», dedi u.

Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada harbiy sanoat bilan bog‘liq vaziyat og‘ir.

«Rossiya harbiy sanoati raketa yetkazib berishga ulgurmayapti. Shu sababli, ommaviy o‘qqa tutishlar miqdori va intensivligi pasaymoqda. Rossiya changyutgichlar va kir yuvish mashinalarini bo‘laklab, raketa uchun mikrochiplarni olmoqda. Bu sharmandalik.

Rossiyadagi yong‘inlar va portlashlar tasodifiy emas. Muntazam ravishda nimadir yonyapti va bu bejiz emas. Ukrainaga Rossiyada nafaqat ukrainlar yordam bermoqda: pul mo‘jiza yaratyapti», dedi u.

U Ukraina va Rossiya urushida «hisob» hozircha tengligini aytib o‘tdi.

«Bahorda hal qiluvchi janglar bo‘ladi. Bu burilish nuqtasi. Endi futbolga taqqoslasak, hisob 1:1, o‘yinning 70-daqiqasi ketyapti. Ukrainaning uchta asosiy mag‘lubiyati: Severodonetsk, bosqin boshida Volnovaxa hududida mudofaaning yorib o‘tilishi, 2014 yilda Donbass va Qrimning bosib olinishi. Uchta yirik g‘alaba: dushmanning Kiyev yo‘nalishidan ortga qaytarilishi, Xarkivda qarshi hujum, Xersonni ozod qilish.

Bosib olingan hududlar ozod etilgandan so‘ng chegara yaqinida quroldan xoli hudud tashkil etish zarur. Urushni tugatish uchun bir shartimiz bor – 1991 yil chegaralariga yetib borish, qolganini keyinroq hal qilamiz», dedi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top