10:47 / 28.02.2023
11109

Prokuratura Svetlana Tixanovskaya uchun 19 yillik qamoq jazosini talab qildi

Huquq himoyachilariga ko‘ra, Belarus prezidentligiga sobiq nomzod o‘nta jinoiy ish bo‘yicha ayblanmoqda. Jumladan - tartibsizliklarda ishtirok etishga tayyorgarlik, hokimiyatni egallash uchun fitna uyushtirish.

Foto: Getty Images

Belarus prokuraturasi prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayani sirtdan 19 yilga, sobiq diplomat Pavel Latushkoni ham 19 yilga koloniyaga hukm qilishni talab qildi. Bundan tashqari, prokuratura Tixanovskayaga 37 ming belarus rubli miqdorida jarima solish, Latushkoni 5 yilga mansabdorlikdan mahrum etish zarur deb hisoblaydi. Bu haqda 27 fevral, dushanba kuni Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, Tixanovskaya o‘nta jinoiy ish bo‘yicha ayblanmoqda. Jumladan - tartibsizliklarda ishtirok etishga tayyorgarlik, hokimiyatni egallash uchun fitna uyushtirish, «ekstremistik tuzilmalar» yaratish va ularga rahbarlik qilish. Latushkoga yettita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Tixanovskaya va Latushkodan tashqari sudlanuvchilar orasida Olga Kovalkova, Sergey Dilevskiy va Mariya Moroz bor, bu siyosatchilarga qarshi ish bo‘yicha sud «maxsus ish yuritish» rejimida o‘tkazilmoqda. Uning tafsilotlari noma’lum. 2022 yil iyul oyida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Belarusda sudlarni sirtdan o‘tkazishga ruxsat beruvchi maxsus ish yuritish institutini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

«Vesna» inson huquqlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarusda 2020 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi boshlanganidan buyon mamlakatda saylov natijalariga norozilik namoyishlari bilan bog‘liq 5500 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ishlar «noqonuniy ommaviy tadbirlar, tartibsizliklar, norozilik aksiyalari, davlat suvereniteti va jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish, mulkni qasddan yo‘q qilish va shikastlash, mansabdor shaxslar va ularning oila a’zolariga nisbatan zo‘ravonlik va tahdidlar bilan bog‘liq ko‘rinishlar» bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid
Top