14:33 / 03.03.2023
11072

Belarusda Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy 10 yilga qamaldi

Belarus davlat ayblovchisi Ales Belyatskiyni 12 yil, «Vesna» ishi bo‘yicha boshqa ayblanuvchilarga esa 9 yildan 11 yilgacha qamoq jazosini so‘radi. 

Foto: AFP

3 mart, juma kuni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy Minsk sudi tomonidan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. «Vesna» inson huquqlari markazi rahbari «kontrabanda» va «ommaviy tadbirlarni tashkil etish yoki o‘tkazish tartibini takroran buzish» (Belarus Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi va 342-moddasi 2-qismi) bo‘yicha aybdor deb topildi.

Belyatskiy bilan birga uning o‘rinbosari va ayni paytda Xalqaro Inson huquqlari federatsiyasi (FIDH) vitse-prezidenti Valentin Stefanovich, «Vesna» huquqshunosi Vladimir Labkovich va inson huquqlari markazi a’zosi Dmitriy Solovyov «Vesna» markazi ishi bo‘yicha sirtdan sud qilindi. Ular mos ravishda to‘qqiz, yetti va sakkiz yilga qamaldi. 

Belyatskiy sudi jahon hamjamiyatida keng rezonansga sabab bo‘ldi. Bir kun avval 21 ta xalqaro inson huquqlari tashkiloti, jumladan, Human Righs Watch ham Belarusda o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan va qamoqqa olingan barcha huquq himoyachilari bilan bir qatorda sudlanuvchilarni zudlik bilan va sharsiz ozod qilishga chaqirdi. 

«Bizning to‘rt nafar do‘stimiz va hamkorimiz ishi bo‘yicha prokuraturaning pozitsiyasi Belarus hukumatining qonunsizligining timsolidir. Qamoq jazolari va jarimalar, hatto chuqur buzilgan Belarus adliya tizimi standartlari bo‘yicha ham sudlanuvchilar va ularning oila a’zolari uchun og‘ir sinovdir, - dedi «Vesna» boshqaruvi a’zosi Pavel Sapelko. - Inson huquqlari himoyachilariga nisbatan bu sharmandali repressiya amaliyoti asosiy xalqaro ishtirokchilardan qat’iy choralar ko‘rishni talab qiladi». 

9 fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi Belyatskiyni 12 yil, Stefanovichni 11 yil, Labkovichni 9 yil va Solovyovni 10 yil ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. Shuningdek, davlat ayblovchisi sudlanuvchilarning har biriga 185 ming Belarus rubli (68 ming yevro) miqdorida jarima solishni talab qildi.

Ales Belyatskiy, Valentin Stefanovich va Vladimir Labkovich 2021 yil iyulida hibsga olingan edi. Sudda ular qafasda, qo‘llari kishanlangan holda edi. Belyatskiy eshituvlar chog‘ida Belarusda huquq faollariga nisbatan uzoq muddatli ta’qiblar siyosiy sabablarga ko‘ra ekanligini ta’kidladi. Nobel mukofoti sovrindori Belarus Adliya vazirligi «Vesna»ni bir necha bor ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortganini esladi. Ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lishmagan. 

Top