12:29 / 08.03.2023
5478

Pistorius «Shimoliy oqimdagi»dagi portlashlar bo‘yicha surishtiruvga izoh berdi

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlarida sodir bo‘lgan portlashlar haqida bir kun avval chop etilgan qator ommaviy axborot vositalarining surishtiruvi bilan bog‘liq ayblovlar haqida ogohlantirdi. 

Foto: POOL / VIA AFP-JIJI

Quvurlarni portlatish bilan bog‘liq diversiya maxsus «maxfiy operatsiya» ham bo‘lishi mumkin – keyinchalik bu jinoyatda Ukrainani ayblash uchun, dedi vazir Stokholmda NATO mudofaa vazirlari yig‘ilishi oldidan Deutschlandfunk radiostansiyasiga bergan intervyusida.

Bundan oldin nemis tergovchilari «Shimoliy oqim»dagi diversiya uchun foydalanilgan kemani aniqlagandi. Bu haqda 7 mart kuni Germaniyaning ARD, SWR telekompaniyalari va haftalik Die Zeit nashri xabar berdi.

Die Zeit nashrining «Izlar Ukrainaga olib boradi» sarlavhasi ostida chop etilgan xabariga ko‘ra, yaxta ikki ukrainalikka tegishli bo‘lgan Polsha kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan. Kema 2022 yil 6 sentabr kuni Sharqiy Germaniyaning Rostok portidan diversiya harakatlari sodir etilgan joyga ketgan. Xuddi shu joyda, portga oldindan avtomashinada olib kelingan operatsiya uchun zarur bo‘lgan yuklar unga ortilgan. Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, ertasi kuni yaxta Germaniyaning Vik-Dars kommunasida, keyin esa - Daniya Kristiansyo oroli yaqinida, Bornholmdan shimoli-sharqda bo‘lgan.

Kema tozalanmagan holatda egasiga qaytarildi – tergovchilar yaxta salonidagi stol ustida portlovchi moddalar izlarini topdi.

Nashrning yozishicha, diversiya guruhi olti kishidan iborat bo‘lgan: kapitan, ikki g‘avvos, ikkita yordamchi va shifokor. Qayiqni ijaraga olish va Yevropa bo‘ylab harakatlanish uchun soxta pasportlardan foydalanilgan. Diversiyaga kim buyurtma bergani hozircha noma’lum.

Mavzuga oid
Top