49 yoshli ukrainalik Sergey K. Italiyada «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlaridagi portlashlar ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinganidan so‘ng, qamoqda saqlash sharoitlari va asosiy huquqlari buzilayotganiga nisbatan norozilik belgisi sifatida boshlagan ochlik aksiyasini to‘xtatdi. Bu haqda 11 noyabr kuni ANSA axborot agentligiga ukrainalikning advokati Nikola Kanestrini xabar berdi.
Huquqshunosning aytishicha, aksiya davomida Sergey K. to‘qqiz kiloga ozdi. U ochlikni to‘xtatishga Italiya uning huquqlariga to‘la rioya etilishini, jumladan ehtiyojlariga mos oziqlanish masalasida, ta’minlashga va’da berganidan keyin qaror qilgan.
ANSA yozishicha, Sergey K. qamoqxonadan qilgan murojaatida uni qo‘llab-quvvatlagan va hamdardlik bildirgan barchaga minnatdorchilik aytgan.
Kanestrini 4 noyabr kuni ma’lum qilganidek, uning 49 yoshli mijozi 31 oktyabrdan buyon ovqatlanishdan bosh tortgan va ochlik orqali o‘zining asosiy huquqlari ta’minlanishiga erishmoqchi bo‘lgan. Ukrainalik, jumladan, «to‘g‘ri oziqlanish, sog‘lom muhit va munosib saqlash sharoiti, oila bilan uchrashuv va axborotga teng kirish huquqi»ni talab qilgan.
Advokatga ko‘ra, Sergey K. avgust oyida qo‘lga olinganidan beri unga zarur parhez taomlar berilmagan, bu esa sog‘ligi yomonlashuviga olib kelgan. U Italiya shimolidagi qat’iy rejimdagi qamoqxonada saqlanmoqda.
8 noyabr kuni Ukraina Oliy radaci huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets Italiyadan hamyurti huquqlarini himoya qilishni talab qildi. Ombudsman Sergey K.ning holati yaxshi emasligini ta’kidladi. «Sergeyni qat’iy rejim koloniyasida va nomutanosib shartlarda saqlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiyaga zid!» — dedi Lubinets.
27 oktyabr kuni Italiya sudi Sergey K.ni GFRga ekstraditsiya qilishga rozilik bergani haqida Kanestrini xabar qilgan. Himoya taraf yana bir bor mamlakatning eng yuqori sud instansiyasi — Italiya Oliy sudiga shikoyat qilish niyatida.
Rimdagi Oliy sud 15 oktyabr kuni ukrainalikni GFRga topshirish haqidagi quyi instansiya qarorini bekor qilib, ishni boshqa sudda qayta ko‘rib chiqishga yo‘llagan edi. Kassatsiya sudi bunday qarorni qo‘lga olish va keyingi sud jarayonida gumonlanuvchi huquqlari buzilgani bilan izohlagan, deb ma’lum qilgan edi Kanestrini.
Rimdagi navbatdagi sud majlisi qachon bo‘lishi hozircha noma’lum. Advokatning aytishicha, «sud bu ishda xalqaro huquq va inson huquqlari masalalarini ko‘rib chiqmagunicha» taslim bo‘lmaydi, deb yozadi dpa. Agar ish GFR sudigacha yetsa, ehtimol, u Hamburgda ko‘rib chiqiladi. Germaniyaning Federal prokuraturasi Sergey K.ni portlashlarda sheriklik va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi buzg‘unchilik faoliyatida ayblamoqda.
















