15:11 / 08.03.2023
6444

Shols: Davlatlar chegaralarini kuch bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi

Davlatlar chegaralarini kuch bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi, G‘arb davlatlari esa Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qila olishi uchun qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo bu urush uzoq davom etishi mumkin, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols Germaniyaning Kotbus shahri aholisi bilan uchrashuvda, deb yozadi Berliner Zeitung. 

Foto: AP

«Biz bu uzoq vaqt davom etishidan xavotirlanishimiz kerak, ammo, albatta, biz har kuni boshqacha narsalar sodir bo‘lishini istayapmiz», dedi Germaniya hukumati rahbari

Ukrainadagi urush, deydi u, har ikki tomonning ham «aql bovar qilmaydigan yo‘qotishlari bilan bog‘liq». Birgina Rossiya, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 30-40 ming yoki 100 ming askarini yo‘qotgan. «Ikkalasi ham tasavvur qilib bo‘lmaydigan miqdor», deb ta’kidladi Shols.

Bundan oldin Germaniya kansleri Putin G‘arbning birdamligini baholashda adashgani haqida gapirgandi.

Germaniya kansleri Olaf Sholsga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda G‘arbning birdamligini baholashda adashgan. «U Yevropa, AQSh va Ukrainaning barcha do‘stlari birdamligini, shuningdek, biz Ukrainani doimiy ravishda qurol-yarog‘ bilan ta’minlab turishimizni yetarli darajada baholay olmadi», dedi Shols 5 mart kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida. 

Shu tufayli ukrainaliklar o‘z vatanlarini himoya qilish imkoniga ega bo‘ldilar, dedi kansler. «Ular kelajakda ham buni uddalay oladilar», dedi u va G‘arb davlatlari «Ukrainani moliyaviy, humanitar yordam, shuningdek, qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlashda» davom etishini tasdiqladi. 

Rossiyaning keng miqyosli harbiy harakatlari boshlanganidan beri Germaniya Ukrainaning kontinental Yevropa mamlakatlari orasida eng yirik donoriga aylandi, deb xabar berdi Shols. «U yoki bu yo‘l bilan biz o‘tgan yili Ukrainaga 14 milliard yevro berdik va buni davom ettiramiz», — dedi u. 

Top