12:27 / 09.03.2023
10158

Gurjistondagi hukmron partiya «chet el agentlari» haqidagi qonunni qaytarib oldi

Oxirgi ikki kundan beri minglab odamlar Tbilisida parlament oldida Gurjistondagi avtoritar o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga qarshi namoyish o‘tkazmoqda.

Foto: Reuters

Gurjiston hukmron partiyasi «Gurjiston orzusi» parlamentdagi ko‘pchilik partiyalar qatori ikki kun davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng «chet el agentlari» to‘g‘risidagi munozarali qonun loyihasidan voz kechishini aytdi. Bu haqda 9 mart, payshanba kuni ertalab «Gurjiston orzusi» partiyasi vakillariga tayanib, Reuters xabar bermoqda

«Qabul qilingan qonun loyihasi jamiyatda bahs-munozaralarga sabab bo‘lganini ko‘ryapmiz. Yolg‘onlar mashinasi qonun loyihasini salbiy ko‘rinishda taqdim etib, aholining ma’lum qismini chalg‘itishga muvaffaq bo‘ldi», - deyiladi «Rustavi 2» telekanali iqtibos keltirgan partiyalarning qo‘shma bayonotida. Qonun chiqaruvlar fikriga ko‘ra, hujjat «Rossiya qonuni» deb noto‘g‘ri tamg‘alangan va uning birinchi o‘qishda qabul qilinishi jamoatchilikning bir qismi nazarida Yevropa yo‘nalishidan chekinish sifatida ko‘rsatilgan». 

Partiyalar, shuningdek, o‘ng radikal kuchlarni yoshlarning bir qismini «noqonuniy ishlarga» jalb qilishda aybladi. 

Qonun loyihasi Rossiyaning tegishli qonunchiligiga o‘xshash edi va mamlakatdagi avtoritar o‘zgarishlarni ifodalaydi.

Poytaxt Tbilisida 9 mart, payshanbaga o‘tar kechasi «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Namoyishchilarni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari bir kun oldin bo‘lgani kabi suv purkagichlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin granatalaridan foydalangan. Namoyishchilar ko‘chalarni barrikadalar bilan to‘sib qo‘yishga harakat qilishdi, ularning ba’zilari Gurjiston maxsus kuchlariga qarata turli buyumlar uloqtirishdi.

Namoyish paytida huquq-tartibot idoralari tomonidan 76 kishi hibsga olingan, ularning barchasi mayda bezorilik va politsiyaga bo‘ysunmaslik ma’muriy moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Yana bir kishi politsiya xodimlariga hujum qilganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Namoyishchilar bilan to‘qnashuvda 50 ga yaqin politsiyachi yaralangani aytilmoqda. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi yaralangan namoyishchilarning aniq sonini aytmadi.

Bahsli qonun loyihalari Gurjiston parlamentiga «Xalq kuchi» jamoat harakati tomonidan kiritilgan. U mamlakatda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi va maqsadlaridan biri sifatida «liberal mafkura targ‘iboti» va «G‘arbning Gurjistonni urushga tortish istagi»ga qarshi kurashni belgiladi. Qonun loyihalarini «Xalq kuchi» bilan birgalikda parlamentdagi mutlaq ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qo‘llab-quvvatladi.

Top