Turizm | 10:03 / 09.01.2026
1656
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonga turistik safar qiladiganlar uchun tibbiy sug‘urta polisi majburiy bo‘ladi

Gurjistonning “Turizm to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Gurjiston hududiga turistik maqsadlarda kiradigan barcha chet el fuqarolari amal qiluvchi tibbiy sug‘urta polisiga ega bo‘lishi shart.

Foto: Uzbekistan Airports

Mamlakatning Bokudagi elchixonasiga Gurjiston Tashqi ishlar vazirligining maxsus notasi kelib tushdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Notada qayd etilishicha, 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran turistik maqsadlarda Gurjistonga kiruvchi barcha chet el fuqarolari baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashni ham o‘z ichiga olgan, qog‘oz yoki elektron shaklda rasmiylashtirilgan hamda gurji yoki ingliz tilidagi amal qiluvchi tibbiy sug‘urta polisiga ega bo‘lishi talab etiladi.

Sug‘urta polisi Gurjistondagi yoki xorijiy sug‘urta kompaniyasi tomonidan berilishi mumkin. Bunda eng kam sug‘urta summasi kamida 30 ming gurji larisiga (1 ming 154,88 AQSh dollari) teng bo‘lishi kerak.

Sug‘urta polisida majburiy tartibda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart:

  • sug‘urta shartnomasi tomonlari;
  • sug‘urtalangan hudud;
  • sug‘urta predmeti;
  • sug‘urta qoplamasining boshlanish va tugash sanalari;
  • sug‘urtalangan risklar;
  • sug‘urta summasi miqdori (javobgarlik limitlari);
  • sug‘urta mukofotining miqdori, uni to‘lash joyi va shartlari.

Polis turistning Gurjiston hududida bo‘lgan butun davrini, shu jumladan kirish va chiqish sanalarini ham qamrab olishi lozim.

Shu bilan birga, quyidagi toifadagi shaxslar sug‘urta polisi majburiy talab etilishidan ozod etiladi:

  • diplomatik va maxsus viza egalari;
  • diplomatik, xizmat, rasmiy va maxsus pasport egalari;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan tuzilmalarning akkreditatsiya qilingan xodimlari hamda ularning akkreditatsiya qilingan oila a’zolari;
  • Gurjistonga kirishi Gurjistonning xalqaro shartnomalari va bitimlariga muvofiq amalga oshiriladigan shaxslar;
  • avtomobilda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar.

Elchixona mazkur ma’lumotni O‘zbekistondagi tegishli vazirlik va idoralar hamda fuqarolarga belgilangan tartibda yetkazish, davlat chegarasini kesib o‘tishda ehtimoliy qiyinchiliklarning oldini olish maqsadida sug‘urta polisini oldindan rasmiylashtirishni tavsiya qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid