Jahon | 23:16 / 12.01.2026
1131
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonning sobiq bosh vaziri Garibashvili besh yilga qamaldi

U Jinoyat kodeksining noqonuniy boylik orttirish, noqonuniy moddiy foyda olish yoki jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkka egalik qilish moddasi bo‘yicha aybini tan oldi.

Foto: RIA Novosti

Gurjistonning sobiq bosh vaziri Irakliy Garibashvili aybga iqrorlik to‘g‘risida prokuratura bilan kelishuv tuzdi va noqonuniy boylik orttirish, noqonuniy moddiy foyda olish yoki jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkka egalik qilish moddasi bo‘yicha besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda 12 yanvar kuni Gurjiston bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Garibashviliga qo‘shimcha jazo sifatida bir million lari (taxminan 4,5 milliard so‘m) miqdorida jarima belgilandi. Shuningdek, tintuv davomida olib qo‘yilgan jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘lari davlat foydasiga musodara qilindi.

«Garibashvili sodir etilgan jinoyatni tan oldi va protsessual kelishuv shartlariga rozi bo‘ldi», deyiladi prokuratura xabarida.

Sudlanuvchi Rustavi shahridagi 12-sonli jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirildi.

Shu bilan birga, Gurjiston adliya vaziri Paata Saliya hukmni sharhlar ekan, har qanday odam qonunga rioya qilishi shart va lavozim ahamiyatga ega emasligini ta’kidladi.

«Ayblanuvchi va davlat o‘rtasida kelishuvga erishildi, unga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Albatta, bu juda achinarli fakt, ammo shuni ta’kidlash kerakki, Gurjistonda qonun har bir fuqaro uchun, u amaldormi, oddiy fuqaromi yoki bosh vazirmi, bundan qat’i nazar, ustuvor hisoblanadi. Har kim qonunga bo‘ysunishga majbur va bugun biz buni ko‘rib turibmiz. Kim aybdor bo‘lishidan qat’i nazar, qonun bajarilishi kerak», dedi Saliya.

Irakliy Garibashvili 2013-2015 yillarda va 2021 yil fevralidan 2024 yil yanvarigacha Gurjiston bosh vaziri lavozimida ishlagan. 2019-2021 yillarda mamlakat mudofaa vaziri bo‘lgan. 2024 yil yanvar oyida bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqqanidan ko‘p o‘tmay, Garibashvili «Gurjiston orzusi» partiyasini boshqardi.

2025 yil oktyabr oyida Gurjiston bosh prokuraturasi unga juda katta miqdordagi noqonuniy daromadlarni legallashtirish aybini qo‘ydi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Garibashvili bosh vazir va mudofaa vaziri lavozimlarida ishlagan vaqtida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, noqonuniy daromad olgan, keyinchalik ularni soxta bitimlar va oila a’zolari nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulk orqali qonuniylashtirgan.

Mavzuga oid