09:53 / 14.03.2023
30411

Sirdaryo viloyati prokurori lavozimidan ozod etildi

Bosh prokuratura Sirdaryo viloyati prokurori jinoyat ustida qo‘lga olingani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Sirdaryo viloyati prokurori Sanjar Mavlonov lavozimini tark etdi.

14 mart kuni telegram-kanallarida Sirdaryo viloyat prokurori Sanjar Mavlonov jinoyat ustida qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

U Sanjar Mavlonov Bosh prokurorning shu yil 10 martdagi buyrug‘iga asosan o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgani, ayni paytda viloyat sobiq prokuroriga nisbatan hech qanday jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganini ta’kidladi.

Sanjar Abdurahimovich Mavlonov mehnat faoliyatini 2006 yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish o‘rganuvchilikdan boshlab, tuman prokuraturasi tergovchisi, Toshkent viloyati prokuraturasi bo‘lim katta tergovchisi, Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, Yangiyer shahar prokurori, Qashqadaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019 yildan Toshkent shahrining Shayxontohur tumani prokurori lavozimida faoliyat olib borgan.

Sanjar Mavlonov 2020 yilning avgust oyida O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.

2022 yilning aprelida Sirdaryo viloyati prokurori lavozimiga tayinlangandi

Mavzuga oid
Top