14:52 / 15.03.2023
9719

Chinozda poyezdning yuk vagoni ustiga chiqib olgan 2 bolani tok urdi

Chinoz temiryo‘l bekatida ikki nafar bola bilan bog‘liq baxtsiz hodisa yuz berdi.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” xabariga ko‘ra, joriy yilning 14 mart kuni soat 15:18 da voyaga yetmagan ikki nafar bola poyezdning yuk vagoni ustiga chiqib olishgan.

Xavfli harakatlar natijasida bolalar - M.I. (2013 yilda tug‘ilgan) va B.B. (2012 yilda tug‘ilgan) kontakt tarmog‘ining elektr ta’minoti kuchlanishida tan jarohatlari olishgan. 

Ma’lumotda aytilishicha, ikkala yosh bola ham zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ulardan birining tanasi 20 foizga, ikkinchisining tanasi 80 foizga kuygan.

“Hurmatli fuqarolar! Farzandlaringiz bilan qator xavfsizlik mavzularida tez-tez suhbat qurishingizni iltimos qilamiz! Shu jumladan, ular bilan temiryo‘l liniyalari yaqinida harakatlanish va ulardan o‘tish qoidalari haqida tushuntirish suhbatlari olib borishni, vagonlarga chiqish qanchalik xavfli ekanligi haqida batafsil tushuntirishni so‘rab qolamiz. Bularning barchasi turli xil jarohatlarga, shu jumladan oqibati og‘ir holatlar va o‘limga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” ma’lumotida ro‘y bergan baxtsiz hodisada bolalar mashhur ijtimoiy tarmoqlar uchun videoga tushish va ko‘proq “layk” olishni maqsad qilgani aytiladi.

Mavzuga oid
Top