11:26 / 17.03.2023
23291

Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lum qilindi

Bugun O‘zbekiston hududi bo‘yicha harorat +22...+25 daraja bo‘lgan ochiq ob-havo kuzatiladi.

Foto: Kun.uz

Shanba kuni respublika janubi-g‘arbiy hududlariga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizidan kelayotgan siklon bilan bog‘liq bo‘lgan bulutli massivlar kirib kelishi boshlanadi. 

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi saqlanib turadi, faqat Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarining ba’zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Yakshanba va dushanba kunlari respublika hududi bo‘yicha nam siklon o‘tishida beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbekistonning ko‘pchilik viloyatlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 20 mart kuni yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli bo‘ladi. Ushbu kunlarda havo harorati nisbatan pasayadi va +17...+20 darajani tashkil etadi. 17-19 martda respublikaning ayrim hududlarida shamol 15-20 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

21 mart Navro‘z bayrami nishonlanadigan kuni O‘zbekiston aholisini kam bulutli va quruq ob-havo quvontiradi. Havo harorat yana +22...+25 darajaga ko‘tariladi. 17-21 mart kunlari Toshkent, Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida 2000 metrdan yuqorida qor ko‘chishi xavfi bor.

Poytaxtda bugun va ertaga yog‘ingarchilik kutilmaydi. Asosan kuchsiz shamol sharqiy yo‘nalishda esadi. Havo harorati kechalari +8...+10 daraja, kunduzi kunlari +21... +23 daraja bo‘ladi.

Yakshanba kuni kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 5-10 metr/soniya tezlikda esishi saqlanib turadi, 12-15 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechasi +8...+10 daraja, kunduzi +20...+22 daraja bo‘ladi.

Dushanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi +8...+10 daraja iliq, kunduzi +17...+19 daraja iliq bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top