22:58 / 17.03.2023
15884

Dmitriy Kuleba Ukrainani qo‘llab-quvvatlamagan davlatlar jazolanishini aytdi

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari harbiy mojaro tugaganidan keyin ular javobgarlikka tortilishini ta’kidladi. 

Foto: AP

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari Dmitriy Kuleba Rossiyaga qarshi jangovar harakatlar paytida Kiyevga yordam berishdan bosh tortgan davlatlar harbiy mojaro tugaganidan keyin javobgarlikka tortilishini aytdi. 

«Agar dunyoda kimdir u yoki bu davlat o‘zini qanday tutgani yoki Ukrainaga o‘z tarixining eng qorong‘i daqiqalarida qanday munosabatda bo‘lgani - kelajakdagi munosabatlarni qurishda e’tiborga olinmaydi deb o‘ylasa, bu odamlar diplomatiya qanday ishlashini bilmaydi», dedi ukrainalik vazir. 

Kulebaga ko‘ra, ushbu harbiy mojaro paytida o‘zini «noto‘g‘ri tutgan» va «Ukrainaga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan» davlatlar kelajakda javobgarlikka tortilishi kerak. Bu omillarning barchasi Kiyev tomonidan hisobga olinadi, chunki jangovar harakatlar paytida «har kim o‘z tanlovini qilishi kerak», deb tushuntirdi Ukraina TIV rahbari. 

Avvalroq Dmitriy Kuleba Ukraina ikki jabhada – diplomatik va harbiy jabhada katta jangga tayyorlanayotganini aytgandi. Uning fikricha, ko‘plab davlatlar Kiyevni Rossiya bilan muzokaralar olib borishga ko‘ndira boshlashi mumkin. 

23 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini qoralovchi va Moskvani qo‘shni davlat hududidan qo‘shinlarini olib chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. 141 davlat rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi, yetti davlat qarshi chiqdi, 32 davlat betaraf qoldi. Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya, Eritreya, Mali, Nikaragua va Suriya qarshi ovoz berdi. Betaraf qolganlar orasida Armaniston, Xitoy, Hindiston, Kuba, Eron, Qozog‘iston, Janubiy Afrika, Efiopiya, Vetnam, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Pokiston va boshqa bir qancha davlatlar bor. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top