Ukraina oliy antikorrupsiya sudi seshanba, 20 yanvar kuni mamlakatning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni Kiyev viloyatidagi yer uchastkasini noqonuniy egallab olish ishi bo‘yicha sirtdan 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qildi. Bu haqda Ukraina Ixtisoslashtirilgan antikorrupsiya prokuraturasi (IAP) o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.
Sud Yanukovichni 2007 yilda — u Ukraina bosh vaziri bo‘lgan paytda Kiyev viloyatidagi Suxolutskiy qishloq kengashi hududida joylashgan, o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi fondiga tegishli 17,5 gektar maydondagi yer uchastkasini noqonuniy ravishda egallab olganlikda aybdor, deb topdi. Ushbu yerning taxminiy qiymati 22 million grivnadan ortiq deb baholangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq prezidentning sheriklari yaqin insonlar orqali Kiyev viloyati ma’muriyatiga o‘zlariga 1 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalarini ajratib berish haqida arizalar kiritgan, keyinroq esa ularning maqsadini o‘zgartirishni so‘ragan. Shundan so‘ng bu yerlar Yanukovich nazoratida bo‘lgan firmaga o‘tkazilgan. 2009–2011 yillarda mazkur yerda mehmonxona-restoran majmuasi qurilgan va u sobiq prezident tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanilgan.
IAP qo‘shimcha qilishicha, jinoyatda Yanukovichning bir sherigi ham aybdor deb topilgan, biroq uning ismi ochiqlanmagan. Shu bilan birga, da’vo muddati o‘tib ketgani sababli u jazodan ozod etilgan.
2025 yil 28 aprel kuni Kiyevning Podolskiy tuman sudi Viktor Yanukovichni sirtdan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi — sud uni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishni tashkil etganlikda va dezertirlikka undaganlikda aybdor deb topgan. U bilan birga Ukraina Davlat qo‘riqlash boshqarmasi (DQB) rahbarining sobiq o‘rinbosari (shu bilan birga prezident xavfsizlik xizmati sobiq rahbari) Konstantin Kobzar ham sirtdan 10 yilga hukm qilingan.
Ukraina Bosh prokurori idorasi bayonotiga ko‘ra, prokurorlar sudda 2014 yil 23 fevral kuni (Oliy rada Yanukovichni hokimiyatdan chetlatganidan keyingi kun) sobiq prezident prezident xavfsizlik xizmati rahbarining sobiq boshlig‘i va RF vakillari bilan til biriktirgan holda havo yo‘li orqali Ukraina davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganini, shuningdek, o‘zining yaqin atrofidagi odamlar va DQB harbiy xizmatchilaridan kamida 20 nafar kishini olib chiqishni tashkil qilganini isbotlagan.
Bu — Ukrainada Yanukovichga nisbatan sirtdan chiqarilgan ikkinchi hukm bo‘lgan. Undan oldin, 2019 yil yanvar oyida Yanukovich davlatga xiyonat va Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush olib borishga ko‘maklashish ayblovlari bilan 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Shuningdek, o‘sha paytda DQBning 15 nafar sobiq xodimiga dezertirlik bo‘yicha gumon e’lon qilingani ham xabar berilgan.









