Jahon | 15:27
1194
6 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Davosga safari xavfsizlik kafolatlariga bog‘liqligini aytdi

Foto: REUTERS

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy seshanba, 20 yanvar kuni aytishicha, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi (JIF)ga faqat AQSh bilan xavfsizlik kafolatlari hamda Ukraina uchun “farovonlik rejasi” (ya’ni urushdan keyingi tiklanish rejasi) bo‘yicha hujjatlar imzolanadigan bo‘lsagina boradi. U buni RFning Kiyev va mamlakat boshqa hududlariga bergan navbatdagi zarbalaridan keyin oqibatlarni bartaraf etish ishlarini davom ettirish zarurati bilan izohladi.

“Albatta, bu holatda men iqtisodiy forumni emas, Ukrainani tanlayman. Lekin hamma narsa istalgan payt o‘zgarishi mumkin, — deya Reuters ingliz tilida WhatsApp chatida jurnalistlar bilan muloqotdan parchani keltiradi. — Chunki ukrainlar uchun bu urushni yakunlash juda muhim”. Ukraina rahbari bahosi bo‘yicha, 20 yanvar kungi RF hujumi oqibatlarini bartaraf etish 80 mln yevroga tushadi.

Zelenskiy shu kuni Telegram’da ham shunga yaqin bayonot berdi: “Ukraina barcha hamkorlar bilan uchrashuvlarga tayyor — agar bu hayotni himoya qilishga va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilsa, agar bu haqiqatan ham ishlaydigan uchrashuvlar bo‘lsa. Jamoamiz shunday hujjatlarni imzolashimiz uchun, xususan Amerika bilan, xavfsizlik kafolatlari va Ukraina tiklanishi bo‘yicha barcha zarur narsani tayyorladi”, — deb yozdi u.

“Agar Davosdagi uchrashuvlar Ukrainadagi haqiqiy odamlar, haqiqiy shaharlar va qishloqlarga ko‘proq himoya bera olsa — Ukraina Davosda bo‘ladi. Agar hamkorlar tayyor bo‘lmasa, Ukraina vakillarining barchasi davlatimiz va fuqarolarimizga yordam beradigan aniq ishlarga e’tiborni qaratishi kerak”, — deb ta’kidladi Zelenskiy. U, bu yerda, uchta narsa nazarda tutilayotganini aniqladi: HHM (havo hujumidan mudofaa) uchun raketalar, energetika uskunalari, front va Ukraina jamoalariga yordam beradigan qo‘llab-quvvatlash paketlari. “Har bir ukrain amaldori, barcha vakillarimiz hozir natija ko‘rsatishi kerak — o‘z davlati va xalqi bilan bo‘lishi, o‘z vazifasini bajarishi lozim”, — dedi u.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotida aytilishicha, 20 yanvar kechasi Rossiya Ukrainaga qo‘shib olingan Qrim hududidan bir dona “Tsirkoniy” kemalarga qarshi raketasini uchirgan, shuningdek RFning Bryansk va Rostov viloyatlaridan 18 ta “Iskander-M/S-300” ballistik raketasini, Volgograd viloyatidan esa 15 ta X-101 qanotli raketasini yo‘llagan. Bundan tashqari, Rossiya 339 ta dronni ishlatgan, shu jumladan taxminan 250 ta Shahed turidagi dronlar.

Qayd etilishicha, uchirishlar quyidagi yo‘nalishlardan amalga oshirilgan: RFdagi Kursk, Oryol, Millerovo, Primorsko-Axtarsk, Shatalovo, Bryansk, qo‘shib olingan Qrimdagi “Gvardeyskoye” aviabazasi va Chauda buruni, shuningdek, Donetsk atrofidan.

Hujumning asosiy yo‘nalishi Kiyev viloyati bo‘lgan. Havo kuchlarining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, HHM vositalari 342 ta nishonni urib tushirgan yoki bostirgan: 14 ta “Iskander-M/S-300” ballistik raketa, 13 ta X-101 qanotli raketa va mamlakatning shimoli, janubi, sharqi hamda markazida 315 ta dron.

Kiyev meri Vitaliy Klichko ma’lum qilishicha, RF hujumidan keyin Kiyevda 5635 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolgan. “Ularning deyarli 80 foizi — 9 yanvardan beri issiqlik ta’minoti qayta tiklanib kelayotgan uylar”, — deya qo‘shimcha qilgan u. Shuningdek, Klichko Telegram’dagi xabariga ko‘ra, Dnipro daryosining chap sohilidagi ayrim uylar suv ta’minotisiz ham qolgan.

Vashingtonning vositachilik harakatlari bir necha haftadan beri davom etmoqda, ammo Ukraina NATOga kirishi ehtimoli va Rossiyaning hududiy da’volari kabi asosiy masalalarda Moskva va Kiyev pozitsiyalari hali ham keskin farq qiladi. Rossiya tomoni, Kiyev bahosiga ko‘ra, Ukraina taslim bo‘lishiga teng keladigan maksimal talablarni ilgari surmoqda.

Ukrainada tinchlikka erishish shartlari muhokama qilinayotgan AQSh–Ukraina delegatsiyalari navbatdagi uchrashuvi 17 yanvar kuni Mayamida bo‘lib o‘tgan. Ushbu muzokaralar arafasida Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina Mayamida xavfsizlik kafolatlari va “Ukrainaning iqtisodiy ko‘tarilishi” bo‘yicha hujjatlar ustida ishlanishini aytgan — bu reja summasi 690 mlrd yevrogacha bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Ijobiy o‘zgarish bo‘lsa, hujjatlarni Davosda imzolash ehtimoli borligi ham aytilgan edi.

Shu orada Axios internet-nashri 20 yanvar kuni nomi aytilmagan ukrain amaldoriga tayanib, AQSh bilan “farovonlik rejasi”ni Davosda imzolash keyinga qoldirilganini yozdi.

Bir vaqtning o‘zida, nomi keltirilmagan amerikalik amaldor bunday “reja”ni imzolash uchun aniq bir sana belgilangani haqidagi ma’lumotni rad etib, hujjat hali yana takomillashtirishga muhtojligini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid