15:18 / 05.05.2023
8783

Ikkinchi respublika? Yoxud huquqlarni talab qilish haqida

Konstitutsiyaning yangilanishi o‘zbekistonliklarga o‘z haqqini talab qilishni o‘rganishiga turtki berishi kerak. Jamiyat pessimizm, apatiya va befarqlikni to‘xtatib, kichik-kichik bo‘lsa-da hamjihatlik bilan tashlangan qadamlar bilan siyosiy faollikka intilishi lozim.

Ba’zi demokratik davlatlarda, jiddiy konstitutsiyaviy islohotlar bo‘lganida, “yangi respublika”, “ikkinchi respublika”, “beshinchi respublika” deb nomlash an’analari bor.

Har safar jiddiy o‘zgargan konstitutsiyani – davlatning tabiati o‘zgarishiga sababchi deb ko‘rishadi; shu sababli “yangi davlatchilik boshlandi”, “respublikaning yangi hayoti boshlandi” deb talqin qilishadi.

Misol uchun, Fransiyada 1958 yildan keyingi davr “beshinchi respublika” hisoblanadi. O‘sha yili yangi konstitutsiya qabul qilingan edi. Hozirga qadar davlat o‘sha konstitutsiya asosida faoliyat yuritadi.

O‘tgan yakshanba, 30 aprel kuni O‘zbekistonda yangi konstitutsiya qabul qilindi. Har bir qabul qilinayotgan konstitutsiya, o‘sha davrdagi hukmron siyosiy kuchlar va jamiyatdagi qarashlar, qadriyatlar hamda kuchlar nisbatini ifoda qiladi. Davlatlarning konstitutsiyalari chuqur o‘ylab, o‘ta demokratik ruhda yozilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu konstitutsiyalarni talqin qiladigan, hayotga tatbiq qiladigan siyosiy kuch, sinf bo‘lmasa yoki zaif bo‘lsa, konstitutsiyaning o‘zi qadriyat va institut sifatida obro‘yini yo‘qotadi.

O‘zbekistonning 1992 yilda qabul qilingan konstitutsiyasini shartli ravishda ikki yirik blokka bo‘lish mumkin. Birinchisi – qadriyatlar qismi. Ikkinchisi – hokimiyat vakolatlarini taqsimlash va davlat institutlarining qudratini belgilash bo‘limlari. Qadriyatlar bo‘limida, O‘zbekiston har doim inson huquqlarini hurmat qiluvchi, huquqiy-demokratik davlat bo‘lish majburiyatini olgan. Lekin, hokimiyat vakolatlarini taqsimlashga kelganda, o‘zaro tiyib turish va posangilar mexanizmi muvozanatga solinmagan.

Yangi konstitutsiyada qadriyatlar bo‘limi yanada kengaytirildi va kuchaytirildi. Konstitutsiyaga huquqiy-demokratik davlatchilikning ko‘plab yangi g‘oyalari, institutlari kiritildi. Davlat institutlari faoliyatini demokratlashtirishda, hokimiyatlarni taqsimlash va o‘zaro tiyib turish mexanizmlarini joriy qilishda, O‘zbekiston, tadrijiylik yo‘lidan ketayapti.

Har qanday konstitutsiyani 5-6 xil ko‘rinishda talqin qilish mumkin. Chunki konstitutsiyani anglash va unga ma’no berish, alaloqibat, siyosiy elitaning, jamiyatning siyosiy qarashlari, talqinlariga borib taqaladi.

Ba’zi o‘ta demokratik davlatlarda, hattoki, konstitutsiya mavjud ham emas. Misol uchun, Birlashgan Qirollik (Britaniya)da konstitutsiya yo‘q. Yoki, o‘ta demokratik konstitutsiyalari bor bo‘lgan o‘nlab avtoritar davlatlar bor. Demokratik ruhiyatda yozilgan konstitutsiyalar, agar ular ishlamasa, yoki ishlatish imkoniyati past bo‘lsa, bundan foyda yo‘q.

Xo‘sh, konstitutsiyalarni kim ishlatadi, qanday ishlatadi? Kim konstitutsiyalarni talqin qiladi? Javob bitta – jamiyatning siyosiy ongi, tafakkuri. Siyosiy elita, mutafakkirlar, davlat mulozimlari – bular ham aynan jamiyatning mahsuli, jamiyatning bir bo‘lagi hisoblanadi.

O‘zbekiston siyosiy tafakkurida, konstitutsiya va hokimiyat borasida, shakllanib ulgurgan muhim qarashlar mavjud. Bu qarashlarning tarafdorlari ko‘p. Aksariyat aholimiz konstitutsiyani “rasmiyatgarchilik” deb biladi. Bunday qarashlar 10 yilliklar davomida shakllandi. Bu qarashlar uchun jamiyatni ayblab bo‘lmaydi, albatta.

Lekin siyosiy tafakkur – juda qiziq narsa. Bu xuddi “avval tovuq paydo bo‘lganmi yoki tuxum?” degan topishmoqqa o‘xshaydi. Agar aksariyat “konstitutsiya ishlamaydi”, “bizga hech narsa bog‘liq emas” deb o‘tiraversa, albatta shunday bo‘ladi. Agar jamiyatning faol qismi “konstitutsiyaning talabi shu!”, “konstitutsiyaga ko‘ra, mana bunday bo‘lishi kerak”, “konstitutsiyaning o‘zi mana bu tarafga o‘zgarishi kerak” deyishsa, real voqelik ham shu tomonga qarab o‘zgarib boradi.

Konstitutsiyaning ishlashi uchun, unga bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy ishonch oshib borishi kerak. Ishonchning oshib borishi uchun, konstitutsiyani anglash, undagi qadriyatlar va institutlarni anglash kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda konstitutsionalizm, konstitutsiya doirasidagi davlatchilik shakllantirish uchun, muttasil nolish, permanent pessimizm, apatiya va befarqlikdan, intiluvchanlik va faollik sari o‘tib borish kerak bo‘ladi.

Aslida, konstitutsiyaga befarqlik – bu jamiyatning o‘zini o‘zi jazolashi, demokratik-huquqiy davlatchilikka berilgan zarba bo‘ladi. Albatta, konstitutsiyaning o‘zida ham, uni talqin qilishda ham, siyosiy vaziyat doirasida ham, ziddiyatlar ko‘p. Lekin, mana shu ziddiyatlarni huquqiy-demokratik davlatchilik foydasiga o‘zgartirib borish uchun ham, avvalo, jamiyatning intilishlari birlamchi bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda yirik konstitutsiyaviy islohot yuz berdi. Bu, O‘zbekistonda “ikkinchi respublika” boshlanishiga turtki, yangi siyosiy davrga tamal toshi bo‘la oladimi? Bu savolga bir tomondan jamiyatning intilishlari va siyosiy madaniyati, ikkinchi tomondan esa siyosiy elitaning tarixiy tafakkuri javob beradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos 

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning mualliflik materiallari
Barchasi
Top