Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
Rossiya hukumati Ukraina qurolli kuchlari HIMARS bilan zarba berganini bildirgan. Qurbonlar va yaralanganlar bor.
Kursk oblastidagi Rilsk shahri 20 dekabr kuni o‘qqa tutildi. Kursk oblasti rahbari Aleksandr Xinshteyn ma’lum qilishicha, ukrain harbiylari raketa zarbasini mahalliy vaqt bilan soat 15:30 atrofida, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimini qo‘llagan holda yo‘llagan. Oblast gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari bir necha raketani urib tushirgan. Mash telegram-kanali esa zarba berishda uzoq masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalaridan foydalanilgani haqida xabar qilgan, bu ma’lumot mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Rilsk o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor. Xinshteyn 21 dekabr kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, besh kishi halok bo‘lgan. Oldinroq bir bola ham halok bo‘lgani haqida xabar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot tasdig‘ini topmadi. Xinshteynning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlardan o‘n kishi shifoxonaga yotqizilgan, jumladan, 13 yoshli o‘smir ham. «Ularning jarohati yengil deb tasniflangan», — degan oblast rahbari. Shot yaralanganlar soni 18, Baza esa 30 kishi ekanini xabar qilgan.
Rilsk deyarli to‘liq elektr ta’minotisiz qolgan, ko‘p qavatli uylardagi ayrim derazalardagina svet yonib turganini ko‘rish mumkin, deb xabar bergan TASS muxbiri.
Mahalliy OAV Rilskda o‘nlab binolar shikastlangani to‘g‘risida yozgan. Xinshteynning ma’lumotiga ko‘ra, Rilsk aviatsiya kollejining o‘quv va yotoqxona korpuslari, Granin nomidagi oblast ko‘p tarmoqli kolleji, Madaniyat uyi, jismoniy-sog‘lomlashtirish kompleksi, maktab, o‘t o‘chirish qismi, zags, SDEK va Ozon kompaniyalari ofislari shikastlangan. Uchta ko‘p kvartirali uyning derazalari to‘kilib ketgan. Bir necha xususiy uy va 15 ta avtomobilga ham zarar yetgan. Portlash to‘lqini oqibatida Rilskdagi ibodatxona binosi ham zararlangan.
RF mudofaa vazirligi, xuddi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi kabi Rilsk o‘qqa tutilishi yuzasidan izoh bermagan. RF TIV rasmiysi Mariya Zaxarova esa Rossiya BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rilsk bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llanganini muhokama qilishini bildirgan. Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya Ukraina qurolli kuchlarining Rilsk bo‘ylab zarbasi javobi ko‘p kuttirmasligini aytgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt haqidagi modda bo‘yicha (JK 205-modda, 3-qismi, «b» bandi) jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Rossiya juma kuni tongida ballistik raketalar bilan Kiyevga zarba yo‘llagandi. Hujumni qaytarish chog‘ida shahar markazidagi binolar shikastlangan. Bir kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralangan. Rossiya mudofaa vazirligi bu zarbani Rostov oblasti ATACMS va Storm Shadow raketalari bilan o‘qqa tutilishiga javob deb atagan. O‘tgan juma kuni rossiyalik harbiylar Ukrainaning o‘ta muhim infratuzilma obektlari bo‘ylab o‘nlab raketalar va dronlar orqali zarbalar yo‘llab, buni ATACMS raketalari bilan Taganrogdagi aerodrom o‘qqa tutilishiga javob deb atagandi.
Rilsk — rayon markazi bo‘lib, «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda kamida 15 ming kishi yashaydi. Shahar Ukraina chegarasidan 30 km masofada joylashgan, undan Sudjaga qadar 70 km chiqadi. Ukraina qurolli kuchlari 6 avgust kuni boshlangan Rossiyaga bosqindan keyin Kursk oblastining bir qismini egallab olgandi, jumladan chegara yaqinidagi Sudja shahri hamon ukrainlar nazoratida qolmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19 dekabr kungi jonli muloqoti chog‘ida Rossiya armiyasi Kursk oblastini qachon to‘liq ozod etishi mumkinligini ayta olmasligini bildirgandi. U muayyan muddat belgilash harbiy taktika nuqtayi nazardan to‘g‘ri emasligini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
14:01 / 04.01.2025
Bratislavada Ukraina bilan birdamlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi
19:37 / 03.01.2025
«Tramp hal qilishi mumkin». Zelenskiy 2025 yildan umidlari va ikkinchi muddati ehtimoli haqida gapirdi
14:58 / 03.01.2025