O‘zbekiston | 22:46 / 02.06.2026
2668
6 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat, san’at va adabiyot sohasi uchun keng ko‘lamli imtiyozlar e’lon qilindi

Prezidentning «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Foto: afisha.uz

Farmonda teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at hamda adabiyot kabi yo‘nalishlarda ijodiy birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash; shoir va yozuvchilar tomonidan har yili kamida 50 ta eng sara asarlar yaratilishini, milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinishini ta’minlash; ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, jumladan, har yili 1 ming nafar ijodkorni uy-joy bilan ta’minlash, 3 ming nafarini bepul davolash; nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028 yilda 50 taga yetkazib, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini 25 foizga oshirish kabi maqsadlar belgilangan.

Farmonga ko‘ra, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Ularning ijodiy rahbarlari va ularga tashkiliy masalalarni hal etishda ko‘maklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.

2027 yildan boshlab ijodiy birlashmaning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yil davomida har oyda 5 million so‘m miqdorida gonorar to‘lanadi; uch yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi, bunda tashish xarajatlari bo‘yicha olinmay qolgan daromadlar keyinchalik har oyda qoplab beriladi; davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati to‘liq qoplanadi.

Iste’dodlarni aniqlash va rivojlantirish, ularning prodyuserlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan biznes loyihalarni moliyalashtirish maqsadida Madaniyat vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘armaga 2026 yil 1 iyulga qadar respublika budjeti hisobidan 200 milliard so‘m ajratiladi hamda 2027 yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida har yili kamida 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutiladi.

Madaniyat vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2027 yildan boshlab har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida tuman – viloyat – respublika darajasida tanlovlarni o‘tkazib boradi.

Bunda har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika darajasidagi tanlovda g‘olib deb topilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga o‘z ijodini targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari xarid qilish uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 500 million so‘mdan grant beriladi.

2026 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga milliy cholg‘u asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2026 yil 1 sentabrdan 2036 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bo‘lgan sub’yektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mol-mulk solig‘idan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;

Iste’dodlar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvatlash bo‘yicha 2026 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

  • Gran-pri va 1-o‘rin g‘olibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 300 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 100 million so‘m miqdorida;

  • 2-o‘rin sohibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 200 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha – 50 million so‘m miqdorida;

  • 3-o‘rin sohibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 100 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 25 million so‘m miqdorida;

  • tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;

2026 yil 1 iyuldan boshlab ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi:

  • har yili 1 ming nafargacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lmagan, biroq o‘z faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish;

  • har yili 2 ming nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga sug‘urta mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari uchun xarajatlarning 50 foizini qoplab berish;

  • har yili 100 nafargacha sohada kamida 10 yil ishlagan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanish.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid