O‘zbekiston | 15:03 / 20.12.2025
4729
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva “Sehrlandiya” multfilmi haqida: “Bu – birinchi qadam”

Toshkentda “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmining premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva asarni bolalar uchun milliy kontent yaratishdagi birinchi qadam deb atadi. “Ona sifatida aytaman: bolalarimiz o‘z tilida, o‘z ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni ko‘rib ulg‘ayishi juda muhim”, dedi u.

Foto: Saida Mirziyoyevaning Telegram-kanali

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmi premerasida ishtirok etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, premerada 2000 nafar bola qatnashgan.

“Ularning ko‘zlaridagi quvonch, hayrat va samimiy kulgini ko‘rib, ko‘nglim to‘lib ketdi. Bolalar multfilmni shunchaki tomosha qilishmadi, go‘yo ichiga kirib ketishdi, qahramonlar bilan birga yashashdi, xursand bo‘lishdi, xavotir olishdi.

Bolani aldab bo‘lmaydi. Ular yolg‘onni ham, haqiqatni ham darrov his qiladi. Agar bola ekrandan ko‘z uzmay o‘tirgan bo‘lsa – demak, ijodkor o‘z ishini chin dildan qilgan. Shu ma’noda, bu multfilm bolalarning qalbidan joy olganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim”, – deya yozdi Mirziyoyeva Telegram-sahifasida.

“Sehrlandiya” – O‘zbekiston tarixida ilk bor 3D formatda ishlangan to‘liq metrajli animatsion film. Saida Mirziyoyeva filmni milliy kontent yaratish yo‘lidagi birinchi qadam deb atadi.

“Ona sifatida aytaman: bolalarimiz o‘z tilida, o‘z ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni ko‘rib ulg‘ayishi juda muhim. Shu sabab Jahongir Ahmedov va butun ijodiy jamoaga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman. Bo‘shashmanglar, oldinda yanada katta yutuqlar, yanada chiroyli orzular bor. Omad sizga yor bo‘lsin!” – deya tilak bildirdi Administratsiya rahbari.

Mavzuga oid