Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalar kontent qurboniga aylanyaptimi? Psixologlar ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan ogohlantirmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar ishtirokidagi videolar soni keskin oshmoqda. Mutaxassislar esa bu holatni oddiy kontent emas, balki bola psixikasiga ta’sir qiluvchi jiddiy omil sifatida baholab, uning ortida yashirin xavflar borligini ta’kidlamoqda.
Bugun urf bo‘lgan bolalar bilan bog‘liq kontentlarni tayyorlash va ommaga taqdim etish o‘ta nozik masala. Biroq mutaxassislar bu tendensiyaga jiddiyroq qarashga chaqirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bolalarni kontentga jalb qilish, ayniqsa ularning roziligi va manfaatlari hisobga olinmagan holda, kelajakda psixologik muammolar, bulling va shaxsiy chegaralarning buzilishiga olib kelishi mumkin.
«Bolalarning onlayn ishlashi ularni paxta terdirish yoki tilanchilikka chiqarishdan battarroq»
Rozaliya Gabdulhakova, bolalar psixologi:
«Har bir ota-ona farzandining shirin qiliqlarini yoki kulgili harakatlarini, ba’zida yig‘lab, isterika qilgan vaqtlarida videoga olib ommaga ko‘rsatishni, yaqinlariga ko‘rsatishni xohlaydi. Ba’zi bir paytlarda ana shu ota-onaning o‘zi ham bilmagan holatda bolaning kelajagida uning ustidan kuladigan, boshqa tengdoshlari tomonidan bullingga uchraydigan harakatlar qilib qo‘yadi. Lekin masalaning yana bitta tarafi ham bor. Hozir bolalar marketing uchun eng yaxshi qurol bo‘lib borishmoqda. Afsuski, bolalarning onlayn ishlashi ularni paxta terdirish yoki tilanchilikka chiqarishdan hech yaxshiroq emas. Onlayn ishlash deganda, kontent uchun bolalardan foydalanish nazarda tutiladi. Masalan, nimanidir reklama qilmoqchi bo‘lganingizda, mana Chocotella’ning reklamasi kichkina shirintoy bola bilan hammamizning esimizda. Agar uni katta odam “shirin” deganda, hech kim eslab qolmagan bo‘lardi. Qarang, mana bolaning shirintoyligidan marketing maqsadida qanday foydalanilyapti. Ana shu narsa endi ommaning ichida, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarni hech kim boshqarmaganligi uchun hamma o‘zining ilhomidan kelib chiqqan holatda foydalanyapti va, afsuski, bolaning emotsional holatiga yoki kelajakda ana shunaqa tengdoshlari tomonidan ulg‘aygach bulling bo‘lishi-bo‘lmasligiga qanday ta’sir qilishi haqida ko‘pchilik o‘ylamayapti».
Mutaxassislarga ko‘ra, turli ta’lim maskanlarida bolalar bilan bog‘liq kontentlar asosan SMM menejerlari tomonidan olinadi. Bu esa ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi.
«Bolaning psixikasi xohlagan odam tajribasini o‘tkazadigan maydon emas»
Sayyora Azlarova, bolalar psixologi:
«Aslida bizda ijtimoiy tarmoqlarga bolalarni olib chiqish nisbatan boshqa davlatlardan ko‘ra yangi urfga chiqayotgan odat. Chet davlatlarda bo‘lsa, deyarli yigirma yildan beri bu odat bor. Bolaning har xil qiliqlari, shirin odatlari va hokazo holatlarni beziyon, bezarar, hatto marketing uchun emas, shunchaki kundalik hayotini ko‘rsatish uchun ham blogerlar tomonidan olib chiqish bor va bu normaga kirgan. Lekin bolaning huquqlari, ayniqsa ijtimoiy tarmoqdagi huquqlari to‘g‘risida, ularda ijtimoiy tarmoq oldindan rivojlangani uchun sekin-sekin tartibga solib kelinyapti. Bolani ijtimoiy tarmoqda necha yoshgacha qo‘yish mumkin, necha yoshgacha qo‘ymaslik kerak, unga tegishli axborotlarning qanchasini berish mumkin, qanchasini bermaslik kerak. Va bola bilan ijtimoiy-psixologik eksperiment — hozir biz aytgan rolik ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi — qay tarzda o‘tkazilishi mumkin, qay tarzda o‘tkazilishi mumkin emas, ota-onaning roziligi kerak bo‘lgan va kerak bo‘lmagan holatlar haqida alohida qonun, hujjatlar bor. Lekin bizda hali bu tartibga solinmagan.
Bu ochiqchasiga ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi. Bu holatda aslida o‘sha xalqaro huquqlarga ko‘ra, bolaning ota-onasi ogohlantirilishi kerak, roziligi bildirilishi kerak va bu bolaga ziyon yetkazmasligi haqida kafolat berilishi kerak. Xohlagan odam xohlagan paytida ijtimoiy tarmoqda ko‘rgan eksperimentini bola bilan o‘tkazishi mumkin emas. Bolaning psixikasi xohlagan odam tajribasini o‘tkazadigan maydon emas».
Mavzuga oid
21:36 / 26.03.2026
«Kontent emas, dizayn aybdor» - AQShda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi bo‘yicha tarixiy sud yakunlandi
23:20 / 18.03.2026
Dunyo bo‘ylab bolalar semirishi epidemiyasi kuzatilmoqda
21:30 / 18.03.2026
“Jazoni og‘irlashtirishga ehtiyoj va talabni sezdik” – administratsiya rahbari o‘rinbosari
12:41 / 16.03.2026