Jahon | 20:43 / 01.07.2025
5572
4 daqiqa o‘qiladi

Suriyada alaviylar genotsidi paytida 1,5 ming kishi halok bo‘ldi – Reuters

Mart oyida Suriyaning yangi hukumati kuchlari sobiq prezident Bashar Asad rejimiga oid diniy ozchilik – alaviylarni ommaviy qirg‘in qilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Reuters nashri jurnalistlari 2025 yil 7-9 mart kunlari Suriyaning dengizbo‘yi hududlarida alaviylarning ommaviy qirg‘in qilinishi yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv o‘tkazdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uch kun ichida hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Bashar Asad rejimiga aloqador diniy ozchilikning 1,5 mingga yaqin vakili o‘ldirilgan. Tergov Suriyaning O‘rtayer dengizi sohillari bo‘ylab joylashgan alaviylar jamoatlarida ommaviy qotillik va talon-torojga uchragan 40 ta joyni aniqladi. O‘ldirilganlar orasida oilalar, jumladan, ayollar, bolalar, qariyalar va nogironlar bor.

Ta’kidlanishicha, qotilliklar to‘lqini Asad tarafdorlarining 6 mart kuni boshlangan qo‘zg‘oloniga javob bo‘ldi. Sobiq prezidentga sodiq sobiq askarlar yangi hokimiyatning xavfsizlik postlariga hujum qildi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘zg‘olonda xavfsizlik kuchlarining 200 nafar xodimi halok bo‘lgan.

Prezident vazifasini bajaruvchi Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi yangi hukumat avvalgi rejim «qoldiqlarining» davlat to‘ntarishiga urinishlarini bostirishga («fulul») buyruq bergan. Biroq, ta’kidlanishicha, ko‘plab sobiq jangarilar «fulul» so‘zini istisnosiz barcha alaviylar deb talqin qilgan.

Reuters xabariga ko‘ra, Al-Muxtoriya qishlog‘ida 157 kishi o‘ldirilgan, bu aholining deyarli to‘rtdan bir qismi. Sanobar qishlog‘ida esa 236 kishi halok bo‘lgan. Ar-Rusafa qishlog‘ida 25 yoshli Sulaymon Rashid Saad vahshiyona tarzda o‘ldirilgan. Shundan so‘ng, qotillar marhumning telefonidan otasiga qo‘ng‘iroq qilib, jasadni olib ketishni buyurgan.

Reuters xabariga ko‘ra, qotilliklarda Suriyaning yangi armiyasiga qo‘shilgan kamida 12 guruh ishtirok etgan. Ularning deyarli yarmi inson huquqlarini buzgani uchun yillar davomida xalqaro sanksiyalar ostida edi. Qirg‘inda ishtirok etganlar orasida «400-otryad» elita kuchlar bo‘linmasi, «Usmon» brigadasi, Umumiy xavfsizlik xizmati, «Sulton Sulaymon Shoh» brigadasi, «Hamza» diviziyasi, «Jaysh al-Islom» va Turkiston Islom partiyasi bor edi. Jangchilarning ko‘pchiligi niqob kiyib, «sunniy, sunniy» deb hayqirib, «alaviylarni qirg‘in qilishga» chaqirgan.

Prezident ash-Sharaa zo‘ravonliklarni mamlakatni birlashtirish missiyasiga tahdid deb atadi va aybdorlarni jazolashga va’da berdi.

«Biz mazlumlarni himoya qilish uchun kurashdik va hatto eng yaqin ittifoqchilarimiz orasida ham qonning nohaq to‘kilishiga yoki jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi u.

Ta’kidlanishicha, tergov komissiyasi tuzilib, mingdan ortiq odam bilan suhbat o‘tkazilgan.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, shunga qaramay, alaviylarni o‘ldirish davom etmoqda. 10 maydan 4 iyungacha Laziqiya va Hama viloyatlarida yana 20 alaviy otib o‘ldirilgan. Minglab alaviylar hamon uylariga qaytishdan qo‘rqib, Rossiyaning Xmeymim aviabazasidagi chodir lagerlarida yashamoqda.

Mart oyidagi qirg‘indan keyin 20 may kuni Rossiyaning Xmeymim aviabazasiga qurolli hujum uyushtirilgan. Noma’lum shaxslar bazaning xavfsizlik postlarini yorib o‘tishga uringan, biroq rossiyalik qo‘shinlar tomonidan to‘xtatilgan. Suriya Inson huquqlari observatoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum Suriyaning yangi xavfsizlik kuchlariga aloqadorligi taxmin qilingan guruh tomonidan amalga oshirilgan.

Mavzuga oid