O‘zbekiston | 10:19 / 19.06.2023
41602
3 daqiqa o‘qiladi

Topshirilganiga 1 yil to‘lmagan lift 15-qavatdan pastga quladi. Yangihayot tumanidagi voqea tafsilotlari Kun.uz reportajida

“Liftning ichida edim. Lift birdan pastga tushib ketdi. 5 kishining oyog‘i sindi. Hamma joy chang-to‘zon bo‘lib ketdi”, deydi lift ichidan omon chiqqan fuqaro.

Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 16 qavatli uyda pastga tushayotgan liftning “trosi” uzilib, tezlashib ketishi oqibatida 11 kishi jarohat oldi. Kun.uz muxbiri voqea sodir bo‘lgan tundayoq hodisa joyida bo‘lib, guvohlar bilan suhbatlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ko‘p qavatli uyda lift bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar avval ham bot-bot takrorlanib turgan. 

Kecha, 18 iyun 16:15larda Toshkent shahar Yangihayot tumani “Yangi Darxon” MFY, Navro‘z ko‘chasida joylashgan 17-sonli ko‘p qavatli uyning yuk tashish uchun mo‘ljallangan lifti yuqoridan pastga tushayotgan vaqtida texnik nosozlik tufayli tezlashib ketgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 1-qavatga yaqinlashganda liftning avtomatik tormoz tizimi ishga tushib to‘xtagan. Oqibatda liftda bo‘lgan 11 nafar fuqarolar turli darajada yengil tan jarohati olib, RShTYoIMga olib ketilgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilgach, fuqarolarga uyiga javob berilgan. 

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, hodisa guvohlari bilan suhbatlashdi. Ularning ma’lum qilishicha, bu mazkur ko‘p qavatli uyda lift bilan bog‘liq kuzatilgan ilk holat emas.

Trosi 15-14 qavatlarda sekin-sekin uzilib, 10-qavatga kelganida lift birdan pastga tushib ketgan. Lift ichidagilardan ayrimlarining oyog‘i singan, bitta yosh bolaning tishi sinib ketgan. Gap vaznda emas, liftning o‘zida qandaydir nosozlik bor. Chora ko‘rishi kerak tegishli tashkilotlar. Mening ham 2 yoshli farzandim bor. Biror odam halok bo‘lmasidan avval oldini olish kerak”, deydi uyda yashovchi fuqarolardan biri.

Men liftning ichida edim. Lift birdan pastga tushib ketdi. 5 kishining oyog‘i sindi. Hamma joy chang-to‘zon bo‘lib ketdi. Tez yordam kelib, barchamizni shifoxonaga olib ketdi. Sog‘imiz chiqib keldik, qolganlar tibbiy yordam olish uchun qolishdi. Uyning liftlari oldin ham ishlamay qolardi”, deya ta’kidlaydi voqea guvohi.

Yana bir fuqaroning ta’kidlashicha, oldinroq ushbu lift 3-qavatdan pastga “qulagan” va tormozi ishlab, ushlab qolgan.

Guvohlarning ta’kidlashicha, hozirda qurilish tashkiloti mas’ullari liftga ko‘p odam chiqqan va og‘irlik me’yoridan oshib ketgan, degan vaj bilan ishni yopti-yopti qilish harakatida ekan. Ammo zamonaviy liftlarda og‘irlik me’yordan oshsa, ogohlantiruvchi signal chalinib, lift “yurmaydi”.

Tahririyat muxbirini ko‘rgan qurilish tashkiloti mas’ullari voqea joyidan “g‘oyib bo‘lib qoldi”. Shu sababli, holat yuzasidan ularning izohini olish imkoni bo‘lmadi.

Mavzuga oid