O‘zbekiston | 17:15 / 11.05.2024
22290
10 daqiqa o‘qiladi

Magistraturada o‘qimay Britaniyada PhD’ga qabul qilingan qiz – o‘zbekning 23 yoshli Dengizi saratonni tadqiq qilyapti

“Bolaligimda barbilar o‘rniga anatomik figuralar bilan o‘ynaganman, ertaklar o‘rniga tibbiy jurnal o‘qib berishgan. Bakalavriatdagi tadqiqotlarim sabab Buyuk Britaniyada magistraturada o‘qimasdan doktoranturaga qabul qilindim”, deydi Deniz Akin. U ilmiy ish himoyasidan keyin O‘zbekistonga qaytib, vatanda turib saraton kasalliklariga qarshi kurashmoqchi.

Deniz Akin ayni paytda 23 yoshda, u Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. 2018 yilda Londonga Brunel universitetining bakalavriat bosqichi biotibbiyot va genetika yo‘nalishida o‘qish uchun ketadi. Va shu davrdan uning ilm-fan dunyosiga sayohati boshlanadi.

O‘rganishdan charchamaydigan Deniz universitetdagi o‘qishidan tashqari turli nufuzli tashkilotlarda amaliyot o‘tashga ham vaqt topadi. U O‘zbekistonda Molekulyar tibbiyot va hujayra texnologiyalari laboratoriyasi, Nobel farmatsevtika, Respublika Saraton markazida bir muddat ishlab, amaliyot qiladi. Turkiyada Myogen genetik kasalliklar va diagnostika markazida, Buyuk Britaniyada esa GSKʼda (GlaxoSmithKline - ingliz farmatsevtika kompaniyasi) genetik toksikologiya sohasida ish olib boradi.

Deniz hozirgi kunda Birlashgan Qirollik – Uelsdagi Suonsi universitetida saratonni erta aniqlash bo‘yicha tadqiqot olib boryapti. Unga erishgan yutuqlari sabab magistraturani o‘qimasdan turib doktoranturada o‘qish imkoniyati berilgan. Tadqiqotlarini himoya qilsa, vatandoshimiz Yevropaning rivojlangan davlatida tibbiyot va sog‘liqni saqlash fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini oladi.

Deniz “Mikrofon qizlarda” loyihasida o‘zining qanday qilib tibbiyotga qiziqib qolgani, saratondan qo‘rqish kerak emasligi haqidagi muhim ma’lumotlari bilan bo‘lishdi.

“Ertak kitoblar o‘rniga tibbiy jurnallar o‘qib berishgan”

Men Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sganman. Otamning millati turk, u 90 yillarning boshlarida ish uchun bu yerga ko‘chib kelgan va O‘zbekistonda onam bilan tanishib qolib, oila qurishgan.

Bolaligim boshqalarniki bilan deyarli bir xil o‘tgan. Kunlarimning ko‘p qismini mahallamiz atrofida yugurib, quyosh botguncha do‘stlarim bilan o‘ynab o‘tkazardim. Ammo kechqurun men uchun kunning eng sevimli qismi edi. Sababi, har oqshom onam menga bolalar tibbiy jurnallarini o‘qib berardi. Ularning har biri tananing turli qismlari haqida ma’lumot berar, uning qanday ishlashini va nima vazifa bajarishini tushuntirardi. O‘sha paytlari onam bilan o‘tgan kechki mutolaa vaqti men uchun eng sevimli davr edi.

Shu tariqa bolaligimdan ilm-fanga qiziqib qolganman. Barbilar o‘rniga ota-onam sovg‘a qilgan anatomik figuralar bilan o‘ynadim. Qiziqishim tufayli maktabdan tashqari ham biologiya va anatomiyadan qo‘shimcha darslarga qatnashardim.

“Saraton sabab buvim vafot etgan”

Garchi bolalikdan tibbiyot yo‘nalishiga qiziqa boshlagan bo‘lsam-da, aniq qaror qilishimga hayotimdagi dahshatli yo‘qotish sabab bo‘ldi. 15 yoshimda meni doimo qo‘llab-quvvatlab, dalda berib kelgan buvim saraton kasalligidan vafot etdi. Oxirgi telefon suhbatlarimizdan birini hech qachon unutmayman. O‘shanda buvim menga katta bo‘lgach, bu kasallikka davo topib, uning hayotini saqlab qolishim mumkinligini aytdi.

Buvim olamdan o‘tganidan keyin men o‘zimga va’da berdim: garchi uni qutqara olmagan bo‘lsam ham, hayotimni boshqalarga yordam berishga bag‘ishlayman. Men his qilgan yo‘qotish va nochorlik hissini boshqalar boshdan kechirishini xohlamasdim.

O‘rta maktabni tugatganimdan so‘ng tasodifan Brunel universitetida genetika sohasida o‘qishimga yordam bera oladigan bir insonni uchratdim va shundan keyin akademik sayohatim boshlandi. Londonga ilk marta o‘qish uchun kelganimda 18 yoshda edim.

Universitetda o‘qish davomida kursning bir qismi sifatida Buyuk Britaniyadagi yirik farmatsevtika kompaniyasi bo‘lgan GSK’da bir yil amaliyot qilish imkoniga ega bo‘ldim. U yerda men genetik toksikologiya bo‘yicha ishladim va o‘z xulosalarimni muhim anjumanda taqdim etdim. Natijada menga faqatgina moddiy mukofot emas, balki magistrlik darajasini butunlay chetlab o‘tib, doktorlik dissertatsiyasini davom ettirish imkoniyati ham berildi.

Universitetga oxirgi kursimga qaytib, osteosarkoma va yangi terapevtik usullar bo‘yicha qisqa muddatli tadqiqotlar o‘tkazdim. Bu loyiham esa Buyuk Britaniyada Biologiya qirollik jamiyatining mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Saraton qo‘zg‘atuvchi moddalarni tadqiq qilyapman

Hozirda men Suonsi universitetida doktorlik dissertatsiyasini davom ettirmoqdaman, u yerda men sohadagi yetakchi mutaxassislar bilan ishlash imkoniga ega bo‘ldim. Tadqiqotim genetik toksikologiyaga qaratilgan bo‘lib, u kanserogenlarni (saraton qo‘zg‘atuvchi moddalar) aniqlash va ularning mexanizmlarini tushunishga bag‘ishlangan.

Men har doim o‘z ishimni O‘zbekiston bilan bog‘lashga – vatanda keng tarqalgan muammoni hal qilishga urinib kelaman. Mamlakatimizda oshqozon saratoni – saraton sabab kuzatiladigan o‘limning eng keng tarqalgan turi hisoblanadi. Mening tadqiqotim oshqozon-ichak hujayralari chiziqlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Odatda ochiq olovda yoki yuqori haroratda pishiriladigan ovqatlarda, ayniqsa, go‘shtlarda uchraydigan kimyoviy moddalarning ta’sirini o‘rganyapman. Maqsadim – bu kimyoviy moddalarning oshqozon-ichak hujayralariga genotoksik (DNKga zarari) ta’sirini aniqlash va bizning diyetamiz hamda saraton xavfi o‘rtasidagi har qanday potensial aloqalarni o‘rganishdan iborat.

Bundan tashqari, loyihamning boshqa qismi hujayradagi energiya almashinuvini, oddiy so‘z bilan aytganda, bizning hujayralarimiz tomonidan energiya ishlab chiqarilishini o‘rganishga bag‘ishlangan. Men undan kanserogenezni (saraton qo‘zg‘atuvchi) erta aniqlash uchun biomarker sifatida foydalanmoqchiman.

Odamlar nega saratondan qo‘rqadi?

Men "saraton" so‘zi bilan bog‘liq qo‘rquvni to‘g‘ri tushunaman. Ko‘pchilik saraton o‘zlariga hech qachon ta’sir qilmaydi deb o‘ylaydi va shuning uchun zarur choralarni ko‘rmaydi. Menimcha, bu munosabat zararli bo‘lishi mumkin. Saraton bu aniq haqiqat. Ko‘pchiligimiz bu kasallik bilan kurashgan yoki shu sabab vafot etgan odamni bilamiz. Shuning o‘ziyoq kasallik haqida ma’lumotga ega bo‘lish muhimligini anglatadi. Hozirgi kunda olimlarning saratonni davolash borasida qilayotgan izlanishlariga esa optimistik nigoh bilan qarayman.

Biz esa o‘zimizni yaxshiroq himoya qilish uchun birinchi navbatda saraton nima ekanini tushunishimiz kerak. Aslida, saraton hujayralarimizdagi xatolardan kelib chiqadi. Bizning DNK mutatsiyaga uchraydi va bu mutatsiyalar vaqt o‘tishi bilan to‘planib, saraton hujayralarining rivojlanishiga olib keladi. Bu hujayralar tez o‘sadi va bo‘linadi, ular hatto juda og‘ir sharoitlarda ham tanada rivojlanish xususiyatiga ega.

O‘zbekistonda saratonni davolashni maqsad qilganman

Kelgusi uch yil ichida doktorlik dissertatsiyam ustida ishlayman.

Buyuk Britaniyadagi vaqtimni qanchalik qadrlasam ham, vatandek joy yo‘q. O‘zbekiston mening hayotimda alohida o‘rin tutadi: men o‘sgan joy, do‘stlarim, ota-onam bor.

Bundan tashqari, vatandan menga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov va imkoniyat beqiyos bo‘lib, o‘zimda minnatdorlik va bir paytning o‘zida mas’uliyat tuyg‘usini ham sezaman. Xorijda olgan bilim va tajribam bilan qaytib, jamiyatimizga hissa qo‘shishni juda xohlayman.

Ilm-fanga qiziqadigan yoshlarga tavsiyalar

Agar siz ilmga qiziqayotgan bo‘lsangiz, men sizni doim qiziquvchan bo‘lishga va qiyinchiliklarga duch kelsangiz ham, doim yo‘lingizda davom etishga chaqiraman. Yana hayratlanish tuyg‘ungizni ham saqlab qolishingizni so‘ragan bo‘lardim.

Saratondan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar

Suhbat oxirida saraton kasalligiga chalinish xavfini kamaytirish uchun bir nechta tavsiyalar berib o‘tmoqchiman. Buni Harvard Health saytidan ham topish mumkin.

Chekmang: tamaki mahsulotlaridan (sigaretalar va tamaki chaynash) butunlay voz keching.

Sog‘lom parhez: Qayta ishlangan go‘sht va qizil go‘sht iste’molini cheklab, meva, sabzavot va to‘liq donlarga boy ovqatlanishni tanlang.

Muntazam jismoniy faollik: Sog‘lom vaznni saqlang va jismoniy faoliyatni kundalik hayotingizga kiriting.

Quyoshdan himoyalanish: O‘zingizni quyoshdan himoya qiling. Quyoshdan himoyalovchi vositalardan foydalaning, himoya kiyimlarini kiying va quyosh eng kuchli payt:10:00 dan 16:00 gacha undan saqlaning.

Spirtli ichimliklarni cheklang.

Emlashlar: Gepatit B va odam papillomavirusi (HPV) kabi saratonga olib kelishi mumkin bo‘lgan virusli infeksiyalarga qarshi emlaning.

Muntazam ravishda o‘z-o‘zini tekshirish va turli xil saraton turlari uchun skrininglar - davolash muvaffaqiyatli bo‘lganda saratonni erta aniqlash imkoniyatini oshirishi mumkin.

Atrof-muhit xavflari: Atrofingizdan xabardor bo‘ling, ishda va uyda potensial kanserogenlar va zaharli kimyoviy moddalar ta’siridan saqlaning.

Stressni boshqarish: Stress va saraton o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik aniq bo‘lmasa-da, stressni samarali boshqarish sizning umumiy farovonligingizni yaxshilaydi va sog‘lig‘ingizni saqlashga yordam beradi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid