O‘zbekiston | 17:17 / 23.11.2019
217631
2 daqiqa o‘qiladi

General-mayor Dmitriy Pan qamoqqa olindi 

Dmitriy Pan / Foto: Uznews

IIV Qorovul qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni general-mayor Dmitriy Panga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy bayonotida aytilgan. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan 2019 yil 19 noyabr kuni IIV Qorovul qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni general-mayor Dmitriy Panga nisbatan Jinoyat kodeksining 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

2019 yil 23 noyabr kuni Dmitriy Pan Jinoyat kodeksining 301-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, Toshkent harbiy sudining ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida “qamoqqa olish” qo‘llanildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 noyabr kuni IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni sifatida ishlab kelgan general-mayor Dmitriy Valerevich Pan ishdan olingani xabar qilingandi.

Shuningdek, ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Muhiddin Jo‘rayev va IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Baxtiyor Pormonov ham lavozimidan ozod qilindi.

Mavzuga oid