Jahon | 18:44 / 30.10.2017
10740
2 daqiqa o‘qiladi

Atmosferada CO2 darajasi 800 ming yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi

Foto: Getty Images

Atmosferadagi karbonat angidrid (CO2) gazi darajasi 2016 yilda millionga 403 qismdan (403 ppm) oshdi, bu 800 ming yil uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shunday ma'lumotlar Butunjahon meteorologiya tashkiloti (JMT) tomonidan dushanba kuni Jyenevada e'lon qilindi.

"O‘tgan 800 ming yil davomida sanoatdan avvalgi davrdagi atmosferada CO 2 miqdori 280 ppm’dan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yilga kelib jahon miqyosida 403,3 ppm’ga ko‘tarilgan", - deya ta'kidlanadi JMT’ning parnik gazlar to‘g‘risidagi xabarnomasida. 2015 yilga nisbatan o‘sish 3,3 ppm’ni tashkil etdi, karbonat angidrid darajasi sanoatdan avvalgi davrga nisbatan (1750 yilgacha) 145%ga yetdi. Meteorologlar bunda ikki omil - inson faoliyati va 2015-2016 yillarda tropik mintaqalarda qurg‘oqchilikka sabab bo‘lgan El-Nino kuchli tabiat fenomeni kombinatsiyasini ko‘rishmoqda.

O‘tgan 70 yil ichida atmosferada karbonat angidrid darajasining o‘sish sur'ati so‘nggi muzlik davri oxiriga qaraganda deyarli 100 barobarga ko‘p bo‘ldi. Bu kabi keskin o‘zgarishlar oldin hech qachon kuzatilmagan, deya ta'kidlanadi xabarnomada. Tadqiqotlarga ko‘ra, CO2’ning hozirgi darajasi bilan teng holat Yerda 3-5 million yil avval mavjud bo‘lgan: o‘shanda sayyorada harorat Tselsiy bo‘yicha o‘rtacha 2-3 darajaga issiqroq, dengiz sathi esa 10-20 metrga balandroq bo‘lgan.

JMT ma'lumotlariga ko‘ra, nafaqat karbonad angidrid, balki boshqa parnik gazlar darajasi ham hozirda sanoatga qadar davrga nisbatan ancha yuqori. Xususan, metan (CH4) darajasi 2016 yilda milliardga 1853 qismga (1853 mmb) teng bo‘ldi, ya'ni 1750 yildan avvalgi darajadan 226 foiz. Azot oksidi (N2O) hozirda 328,9 mmb darajaga ega, yoki sanoat davridan avvalgi holatdan 128 foiz.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid