Iqtisodiyot | 18:29 / 30.05.2024
9974
10 daqiqa o‘qiladi

“Bu tadbirkorlarning qo‘rquvda yashashiga olib keladi” – mutaxassis bozor narxlari asosida soliq hisoblanishi haqida

Soliq qo‘mitasi bozor narxlari asosida soliq bazasini hisoblashga urinyapti. Bu borada tegishli hujjat loyihasi e’lon qilindi. Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz uchun tayyorlagan maqolasida bu tartib soliq qonunchiligi va tabiatiga zid ekani haqida fikr yuritadi.

Murod Muhammadjonov / Foto: Kun.uz

Soliq qo‘mitasi tovarlarning bozor narxini aniqlab, shu narx asosida soliq hisoblashga o‘tmoqchi. Avvaliga birja tovarlari, davlat xaridlari portalidagi va markirovkalanadigan tovarlarga tatbiq qilinadigan bu tartib, keyinchalik barcha tovarlar uchun joriy qilinadi. 

Bu tartib “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Soliq qo‘mitasi mas’uli Davron Bobojonov nima sababdan qo‘mita tovar va xizmatlarning bozor narxi asosida soliq hisoblashga o‘tilayotganini tushuntirarkan, soliqlardan qochayotgan tadbirkorlar tufayli raqobat muhiti buzilayotganini asosiy sabab sifatida keltirdi.

Soliq maslahatchisi, «United Tax Advisor» soliq maslahati tashkiloti direktori Murod Muhammadjonov Kun.uzʼga taqdim etgan maqolasida tovarlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq hisoblash mumkinmi, bu qanchalik soliq nazariyasiga to‘g‘ri keladi, degan savollarga javob bergan.

“Qaror loyihasi soliqlarning asl mohiyatiga zid”

Umuman soliq nazariyasida ham, soliq solish mantig‘idan kelib chiqib ham tadbirkorlik faoliyatida hisoblash mexanizmi aniq bo‘lmagan raqamlar uchun soliq hisobash mumkin emas.

Soliqlar qat’iy belgilangan yoki aniq olingan daromadga qaratilgan bo‘lishi lozim. Keyinchalik izlab topiladigan mavhum raqamlar uchun soliq hisoblash soliq to‘lovchilarning faqatgina qo‘rquvda yashashiga olib keladi. Tadbirkorlik muhitiga, investitsion muhitga salbiy ta’sir qiladi. Qo‘rquvdagi tadbirkor rivojlanishni emas, bir amallab yashab qolishni o‘ylaydi. Mavhum raqamdan soliq hisoblanishini ko‘rgan investor bunday qonunchilik amal qilayotgan hududga yaqinlashmaydi.

Afsuski, bu qaror loyihasini ham soliq nazariyasiga va umuman olganda soliqlarning asl mohiyatiga, tabiatiga zid deb hisoblaymiz.

Soliq kodeksining 2-moddasida Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu kodeksdan va qabul qilinishi ushbu kodeksda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iborat bo‘lishi belgilangan. Soliqqa oid barcha normativ hujjatlar Soliq kodeksi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Kodeksning 3-moddasiga ko‘ra ushbu kodeksning normalariga yoki qoidalarining mazmuniga boshqacha tarzda zid bo‘lsa, ushbu kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topilishi belgilangan.

Bozor narxi bo‘yicha soliq hisoblanishi Soliq kodeksi normalariga yoki qoidalariga qanchalik muvofiq keladi?!

Kodeksning 7-moddasida Soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanishi lozim.

Soliq solishning aniqligi va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi prinsipi

SKning 9-moddasida soliq solishning aniqligi prinsipi ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra soliqlarni belgilovchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari soliqlarning boshqa barcha elementlarini aniqlab berishi kerak. Soliq elementlari to‘g‘risida keyinroq so‘z yuritamiz.

Soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi darajasiga ham, adolatlilik darajasiga ham baho berish uchun soliq to‘lovchilarning o‘zlaridan so‘rovnoma olinsa, masala yaqqol oydinlashadi.

Soliq tizimining yagonaligi prinsipi

 Soliq tizimi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagonadir. Ushbu prinsipga asoslanadigan bo‘lsak, respublika hududidagi jamiki tovarlarning turlari va sifatlari, ishlab chiqaruvchisi, brendlari, sotish usuli bo‘yicha soliq bazasi sifatida qo‘llanadigan chakana va ulgurji bozor bahosi butun hudud bo‘yicha bir xil bo‘lishi shart bo‘lib, bu ma’lumotlar ochiq hamda hamma uchun bir xil va soliq solish maqsadida yagona ko‘rsatkichga ega bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonning yagona iqtisodiy makonini buzuvchi, xususan, O‘zbekistonning hududi doirasida tovarlarning (xizmatlarning) yoki moliyaviy mablag‘larning erkin muomalada bo‘lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo‘yadigan soliqlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bozor bahosi bo‘yicha soliq hisoblash esa aynan shu normaning ham aksi hisoblanadi.

Nazorat qiluvchi organ uchun soliq to‘lovchiga bozor bahosini, ya’ni soliq bazasini xohlasa birjadan, xohlasa internetdan yoki hisobvaraq fakturalardan, xohlasa bojxonadan olib hisoblab berish imkonini berish adolatdan bo‘larmikin? Bizningcha, bu adolatlilik prinsipiga ham to‘g‘ri kelmasa kerak.

Soliq solishning oshkoralik prinsipi (SK 12-modda)

Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari rasman e’lon qilinishi shart.

Rasman e’lon qilinmagan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek respublika hududidagi jamiki tovarlarning turlari va sifatlari bo‘yicha soliq solish maqsadida qo‘llanadigan bozor bahosi aniq belgilanib, rasman e’lon qilinishi kerak. Chunki aynan shu bozor bahosi soliq hisoblash uchun baza sifatida foydalanilmoqda. Soliq to‘lovchi uchun esa soliq bazasi aniq va oshkor bo‘lishi shart. Demak oshkoralik prinsipi ham buzilmoqda.

Soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi (SK 13-modda)

Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi.

Bu prinsipga asoslanadigan bo‘lsak, har gal soliq organi bozor bahosidan kelib chiqib soliq hisoblaganida tadbirkor norozi bo‘lib “Soliq kodeksidagi soliq obekti, bazasi va hisoblash mexanizmiga qarab hisobladim, kodeksda bozor bahosi bo‘yicha hisoblashim mexanizmi mavjud emas” degan fikrni bildirsa, sud adolatli qaror qabul qilgan taqdirda ushbu prinsipga asosan har gal masala tadbirkor foydasiga hal etilishi kerak.

Demakki, ushbu prinsiplarga asoslanmagan norma Soliq kodeksi normalariga zid keladi.

Soliq elementlariga muvofiqlik masalasi

 SKning 69-moddasida ko‘zda tutilgan soliq elementlarining barchasi aniqlab qo‘yilgan taqdirdagina ushbu soliq belgilangan deb hisoblanadi.

Soliq bazasi, obekti, hisoblash mexanizmlari soliq elementlari hisoblanadi.

Bozor narxidan kelib chiqib soliq hisoblashda kodeksda QQSdan tashqari hech qaysi soliq uchun soliq obekti va soliq bazasi sifatida yoki soliqni hisoblab chiqarish tartibida bozor bahosi asos sifatida belgilab berilmagan. Boshqa hollarda bozor bahosi hech qaysi soliqning soliq solish bazasi hisoblanmaydi.

QQSda ham kodeksda belgilangan holatlar chetda qolib, hech qanday mexanizm yo‘q bo‘lmagan holatda o‘ylab topilgan usul bilan ko‘plab tadbirkorlar uchun bozor bahosini hisoblash amaliyoti qo‘llanib kelmoqda.

Demak, bozor bahosi ushbu soliqlarning bazasi ham, obekti ham, hisoblash tartibi ham bo‘lolmas ekan, bozor bahosidan kelib chiqib soliq hisoblanishi ham mumkin emas.

Yuqoridagi asoslarni inobatga olsak, taqdim etilgan loyiha Soliq kodeksidagi soliq solish prinsiplariga, soliq elementlariga, shuningdek, soliqlar obekti, bazasi va hisoblash mexanizmlarini ko‘zda tutuvchi bir qancha moddalarga zid kelishini ko‘rishimiz mumkin.

Xulosa

Qonunchilikda soliqqa oid barcha normativ hujjatlar Soliq kodeksi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak deb belgilangan bo‘lsa-da, afsuski, so‘nggi paytlarda avval soliq kodeksiga muvofiq bo‘lmagan normativ hujjatlar qabul qilinib, keyinchalik Soliq kodeksini ushbu qonunga zid keluvchi normalarga muvofiqlashtirish amaliyoti kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.01.2021 yildagi 1-sonli hamda 22.09.2021 yildagi 595-sonli qarorlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Nazorat funksiyalarini kengaytirish, tekshiruvlar bilan qo‘shimcha soliqlar hisoblash mexanizmini shaklllantirish bu - bizningcha doimiy ravishda “oqibatlar” bilan kurashish bo‘lib, mamlakatimiz ravnaqi uchun ko‘zlagan maqsadga erishishimizda o‘ta og‘ir va yetib borib bo‘lmaydigan yo‘l bo‘lib ko‘rinmoqda.

Soliq tekshiruvlarining 98 foizidan ortig‘ida soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlanayotgan bo‘lsa, balki bunga barcha tadbirkorlar aybdor emasdir! Balki qonunni soliq to‘lovchilar uchun komfort formatga moslashtirish to‘g‘ri bo‘lar. Tekshirish, qo‘shimcha soliq hisoblash, umuman jazolash metodidan ko‘ra masalaning yechimini soliq to‘lash komfort zonaga aylanishiga qaratishimiz, jazolashni keyinga qoldirish karakdir.

Tadbirkorlar soliqdan qochish maqsadida tovar narxini pasaytirib ko‘rsatishmoqda, degan asos bilan qilmishning “oqibatlari” bilan kurashgandan ko‘ra, ushbu holatga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganib, tahlil qilib, “sabablarga” e’tibor qaratishimiz maqsadga muvofiqroq bo‘lardi deb o‘ylaymiz.

Mavzuga oid