Light | 12:00 / 01.01.1970
48691
9 daqiqa o‘qiladi

Choch, Vihara, Semizkent... Viloyatlar nomlari qanday ma'noni anglatadi?

O‘zbekiston viloyatlari nega hozirgi nomi bilan atalishiga hech qiziqib ko‘rganmisiz? Quyida shu mavzuga doir toponimik ma'lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Andijon

Bu nomning kelib chiqishi borasida juda ko‘p taxminlar mavjud. Buni shaharning Buyuk ipak yo‘lida muhim o‘rin egallagani, tranzit hudud sifatida turli millat va elatdagi savdogarlarga qo‘noq bo‘lgani va tabiiyki, har bir tilda alohida nomlangani bilan izohlash mumkin.

Afsonalardan biriga ko‘ra, Turonzamin hukmdorlaridan biri bo‘lgan Afrosiyobning qizi Adinajan betob bo‘lib, davo topish ilinjida vodiy hududlariga keladi va bu yerning shifobaxsh havosi bilan tuzaladi. Buning sharafiga Afrosiyob bu yerda shahar barpo etib, qizining nomini beradi. Lekin bu shunchaki afsona xolos.

Boshqa variantga asosan, shu hududda adok, andi, azok nomli turli qabilalar istiqomat qilgan bo‘lib, Andijon nomi shunga bog‘lanadi. Juda qadim zamonda bu yerda andi qabilasi yashagani va «andilar makoni» sifatida Andijon nomini olgani haqida ham taxminlar bor.

Ba'zi xorijiy toponimika lug‘atlarida «Andikan» ─ daryo bo‘yida joylashgan shahar ma'nosini anglatadi, deya keltirilgan o‘rinlar ham kuzatiladi.

Hozirgi Andijon hududida ilk shahar qal'ani barpo etgan shaxs ─ qabilaboshining ismi Andi bo‘lgani va uning sharafiga shahar shunday nomlangani haqida ham farazlar yo‘q emas.

Farg‘ona

Olimlar «Farg‘ona» so‘zi bundan 13 asr ilgari so‘g‘d yozuvlarida «Parg‘ana», «Prag‘ana» shakllarida yozilganini ta'kidlashadi.

Ba'zi manbalarda bu so‘z hind-sanskrit tilida «kichik viloyat», fors tilida «tog‘ oralig‘idagi vodiy», «atrofi berk soylik» degan ma'nolarga egaligi qayd etilgan.

Namangan

Vodiyning shimoliy hududlarida yirik tuz konlari bo‘lgani arxeologik qazishmalar asosida dalillangan. Hududda eramizning dastlabki asrida osh tuzi olingan ko‘l bo‘lgani ham taxmin qilinadi.

Shu bois bu hududga forscha «Namak kon» – tuz koni nomi berilgan. Vaqt o‘tishi bilan esa bu so‘z Namangan shaklini olgan.

Toshkent

Qadimda Choch, Shosh nomlari bilan atalgan hozirgi Toshkent hududining etimologiyasi haqida dastlabki ma'lumotni Xitoy manbalari beradi. Shi, Chjyeshi, Jach, Choch, Shosh ─ bu nomlarning barchasi tosh ma'nosida shu hududga berilgan.

Turkiy manbalarda esa xuddi shu «tosh» ma'nosini anglatuvchi «Toshkent», ya'ni tosh shahar nomi keltiriladi. Aynan tosh shahar deb nomlanishi hududda binolarning toshdan qurilgani, qal'alarning mustahkamligi bilan izohlanadi. Lekin bu borada turli chigalliklar mavjud.

Samarqand

Samarqand toponimi qadimgi so‘g‘d tilidagi «asmara» ─ tosh, qoya va «kand» ─ shahar, qal'a so‘zlaridan shakllangan, degan qarash mavjud. Ba'zi yozma manbalar bu hududning nomi turkiy «semizkent», ya'ni boy shahar ma'nosini anglatadi, deya guvohlik beradi.

O‘rta asrlarga oid Xitoy manbalari va Abu Rayhon Beruniy ham shahar nomi bilan bog‘liq «simisekan» ─ semiz, yo‘g‘on shahar degan variantni tasdiqlaydi. Bu barcha asrlarda madaniyatlar chorrahasi hisoblangan Samarqanddagi to‘kinlik, hunarmandchilik va savdoning rivoji bilan bog‘lanadi.

Sirdaryo

O‘zbekistonning eng yosh viloyatlaridan biri hisoblangan, Mirzacho‘l hududlarini obod etish natijasi o‘laroq shakllangan viloyat o‘z nomini Markaziy Osiyoning asosiy ikki daryosidan biri ─ Sirdaryo nomidan o‘zlashtirgan.

Dastlabki davrda Yaksart («durli daryo»), Sayhun nomlari bilan atalgan daryoning hozirgi nomi bo‘yicha ikki xil qarash mavjud. «Sir» so‘zi qadimgi turkiy tilda yaxshi, ko‘rkam, to‘kin, asosiy kabi ijobiy sifatlarni anglatish uchun qo‘llanilgan degan qarash bor.

Rus tarixchisi Bartold esa «sir» so‘zini daryoning quyi oqimi bo‘ylarida yashagan qadimgi qabilalardan birining nomi bilan bog‘laydi.

Jizzax

Jizzax hududidagi shaharlar haqidagi ilk ma'lumotlar milodiy X asrga tegishli yozma manbalarda uchraydi. Hudud nomi qadimgi so‘g‘d tilidagi «Dizak» ─ kichik qal'a, katta bo‘lmagan shaharcha ma'nosini anglatadi.

Navoiy

O‘zbekiston iqtisodiyotida alohida o‘ringa ega Navoiy viloyatining nomi mutafakkir Alisher Navoiy sharafiga bag‘ishlab qo‘yilgani hech kimga sir emas.

Hudud jihatidan eng katta viloyatga (110800 km.kv.) 1982 yilda asos solingan. Samarqand va Buxoro viloyatining hududlaridan ajratilgan holda tashkil etilgan viloyat energetika hamda kon-metallurgiya bo‘yicha respublikaning yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi.

Surxondaryo

O‘zbekistonning eng janubiy viloyati Surxondaryo o‘zining go‘zal tabiati bilan ajralib turadi. Viloyat nomi shu hududdan oqib o‘tuvchi daryo ─ Surxondaryo (Amudaryoning o‘ng irmog‘i) bilan bog‘liq.

Foto: Sreda.uz

Suv havzasining nomi esa tojik tilida «surx» ─ qizil daryo ma'nosini anglatadi. Bu daryoning jo‘shqinligi va toshib oqishi bilan bog‘liq.

Qashqadaryo

Sohibqiron Amir Temurning ota yurti hisoblangan, sarhadsiz yaylovlari bilan dong taratgan Qashqadaryo o‘z nomini hududidan oqib o‘tuvchi suv havzasi ─ Qashqadaryo (Zarafshon daryosining asosiy o‘zanlaridan biri)dan olgan.

Daryoning bunday nom olishi esa qadimgi qabilalardan biri «qashqa» nomi bilan yoki suv havzasidagi suvning tiniqligi bilan bog‘lanadi, degan taxminlar mavjud.

Buxoro

Azaldan ilm-ma'rifat rivojlangan, islom dinining yetakchi peshvolari yurti hisoblangan Buxoroning etimologiyasiga oid bir necha fikrlar bor.

Tarixchi Juvayniyning taxminiga ko‘ra, Buxoro so‘zi sanskritcha «Vihara» ─ «buddizm ibodatxonasi» so‘zidan kelib chiqqan. Lekin bu hududda buddizm dini bilan bog‘liq hech qanday artefakt topilmagani bois mazkur variant uncha ommalashmagan. Qadimgi so‘g‘d tilida Buxoro ─ «baxtli joy, bilim manbasi, ma'rifat kesishmasi» ma'nolarini anglatadi, degan variant ilmiy davralarda kengroq tarqalgan.

Xorazm

Xorazm toponimi manbalarda turlicha keltirilgan: Avestoda Xavirizem, qadimgi forsiy tilda Uvarazmis, lotinchada Xorasmiya, yunonchada Xorazmiya. Arab manbalarida esa Xvorazm shaklida tilga olingan.

Xorazm atamasining ma'nosini rus olimi Bartold eronchadan «xurshed» va «zmzem» ─  «quyoshli o‘lka», «quyoshli yer» sifatida talqin qiladi.

So‘g‘dshunos olim Bogolyubovning fikricha, mazkur toponim «xu» – yaxshi, «var» –  marza, devor, qal'a, «zem» ─ yer, o‘lka qismlaridan tarkib topgan. Barcha taxminlar umumlashtirlganda, Xorazm so‘zi «mustahkam qal'alari bor diyor», «yaxshi qo‘rali yer» degan ma'nolarni anglatadi.

Qoraqalpog‘iston

Qoraqalpog‘iston hududida odamlar neolit davridan beri yashab kelgani taxmin qilinadi. Dastlabki qabilaning nomi manbalar va tarixiy artefaktlarda «saka tigraxauda» – «uchli kuloh kiygan saklar» sifatida keltirilgan. Bu yerda asosan chorvadorlik bilan shug‘ullangan qabila ─ qoraqalpoqlar istiqomat qilgan.

Yaylovlarda poda boqish bilan kun ko‘rgan elat uchun qo‘y terisidan qilingan qalpoq kiyib yurish odat bo‘lgan. Tantana va marosimlarda ayol va erkaklarning ust-boshi ham asosan qora mato, qizil bezaklardan tayyorlangan.

Badiiy adabiyot manbalarida bu qabila hatto o‘zlari uchun nom tanlamagani, juda ozchilik bo‘lgani bois bir-birini yaxshi tanigani haqida ma'lumotlar ham keltiriladi. Faqatgina savdogarlar, ular bilan qo‘shni yashagan xalqlar ajratib ko‘rsatish uchun tashqi ko‘rinishidan kelib chiqqan holda «qoraqalpoq» nomini ularga berishgan, degan farazlar mavjud.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid