Jahon | 11:40 / 08.10.2024
12985
3 daqiqa o‘qiladi

«Suzib yurgan megabomba»: Yevroittifoq RFdan yo‘lga chiqqan avariyaviy holatdagi kemani qabul qilishdan bosh tortdi

Ammiakli selitra yukini olib ketayotgan kema shikastlangani sababli sentabr oyidan beri Shimoliy Yevropa qirg‘oqlarida suzib yuribdi. Mahalliy portlar kema bortidagi yuk portlashi mumkinligidan qo‘rqib, uni qabul qilmayapti.

Foto: Stian Saur/Nordlys/TT/IMAGO

Afrikaga yo‘l olayotganda zarar ko‘rgan, Rossiya o‘g‘itlarini olib ketayotgan Malta bayrog‘i ostidagi Ruby yuk kemasi o‘tgan oydan beri Shimoliy Yevropa qirg‘oqlarida suzib yuribdi, mahalliy portlarga ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun kira olmayapti. Ular uning yuki — ammoniy selitrasi portlashi mumkinligidan qo‘rqib, kemani qabul qilishni istamayapti, deb yozadi The New York Times (NYT) gazetasi 6 oktyabr, yakshanba kuni.

Nashrning yozishicha, Ruby avgust oyida Murmansk oblasti Kandalaksha shahridagi portni tark etgan. Bortda Afrika portlaridan biriga yetkazib berish uchun 20 ming tonna ammiakli selitra bor. Kandalakshani tark etgach, ko‘p o‘tmay, kemada nosozlik yuz berdi. Natijada korpusda bir nechta yoriqlar paydo bo‘lgan, rul va harakatlantiruvchi vint shikastlangan.

«Suzib yurgan megabomba»

1-4 sentabr kunlari kema Norvegiyaning Tromsyo portida bo‘lib, u yerda ko‘rikdan o‘tkazilib, boshqa davlatdagi portga ta’mirlash uchun jo‘natilgan. Shundan so‘ng Ruby Klaypeda tomon yo‘l oldi, lekin Litva portga kirishiga ruxsat berilmadi. Mahalliy rasmiylar yuk portlashi mumkinligidan xavotirda. 2020 yil avgust oyida Bayrut portida 2750 tonna ammiakli selitra portlab ketib, 280 kishi halok bo‘lgan va yetti ming kishi jarohatlangandi. O‘shanda iqtisodiy zarar 15 milliard dollardan oshdi.

Litva rasmiylari Ruby'ni «suzib yurgan megabomba» deb atagan va Yevropa siyosatchilarini Rossiyaning ehtimoliy diversiyasi haqida ogohlantirgan. Shundan so‘ng kemaning Maltaga kirishiga ham ruxsat berilmadi.

Ruby hozirda Angliya janubi-sharqidagi Kent qirg‘oqlaridan 14 dengiz milyasida joylashgan. Kema egalari boshqa kemaga o‘g‘it tushirish va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun Britaniya rasmiylaridan to‘xtashga ruxsat so‘ragan. Britaniya sohilni qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kema o‘tgan hafta dengizda langarda qolgan holda yonilg‘i bilan to‘ldirilgan.

Mavzuga oid