Jahon | 14:28 / 03.11.2025
2790
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh zarbasi oqibatida Karib dengizida uch kishi halok bo‘ldi

AQSh mudofaa vaziri Hegsetning ma’lum qilishicha, mamlakat qurolli kuchlari Karib dengizi orqali giyohvand moddalarni tashishda foydalanilgan, deb gumon qilinayotgan kemaga zarba berishi natijasida uch kishi o‘ldirildi. AR agentligi qayd etishicha, bu AQSh tomonidan kamida 15-zarba hisoblanadi.

Foto: Andrew Eggert / U.S. Navy via Getty Images

AQSh Mudofaa vazirligi qo‘shinlari Karib dengizi hududida, giyohvand moddalarni tashishda qo‘llangan, deb da’vo qilinayotgan kemaga bergan zarba natijasida uch kishi o‘ldirildi. «Bugun prezident Tramp ko‘rsatmasiga binoan, Mudofaa vazirligi Karib havzasida giyohvandlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi terroristik tashkilot (DTO) tomonidan boshqarilgan yana bir kemaga halokatli zarba berdi», — deb yozdi Pentagon rahbari Pit Hegset 2 noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.

Amerikalik vazirning (AQSh razvedka ma’lumotlariga tayangan) bayonotiga ko‘ra, «ushbu kema, boshqalar kabi, giyohvand moddalarni kontrabanda qilishda ishtirok etgan». «Xalqaro suvlarda amalga oshirilgan hujum paytida kema bortida uch nafar erkak — narkoterrorist bo‘lgan. Ularning uchalasi ham o‘ldirildi, AQSh harbiy xizmatchilari orasida jabrlanganlar yo‘q», — dedi Hegset.

Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, bu sentabr oyi boshidan Karib dengizi va Tinch okeanning sharqiy qismida giyohvand savdosida gumon qilingan kemalarga nisbatan amalga oshirilgan kamida 15-hujumdir. Ular natijasida kamida 64 kishi halok bo‘lgani qayd etilgan. Oq uy bu zarbalar, ularning qurbonlari va bunday hujumlarning huquqiy asosi haqida rasmiy axborot e’lon qilmayapti.

BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasiga ko‘ra, dunyodagi hech qaysi davlat xalqaro suvlarda kemalarga hujum qilish huquqiga ega emas. Istisnolar sifatida «qaroqchilik yoki qul savdosi» aytib o‘tilgan, giyohvand moddalar tashish bu ro‘yxatga kirmaydi. BMT nizomining 51-moddasida nazarda tutilgan o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqi esa faqat qurolli hujumga javob tarzida kuch ishlatishni qonuniylashtiradi, deb yozadi Insider nashri.

AQSh prezidenti Donald Tramp 23 oktyabr kuni Oq uyda o‘tkazgan matbuot anjumanida Venesueladan mamlakatga giyohvand moddalarni olib kiradigan «odamlarni o‘ldirishini» aytgan edi. Jurnalistning AQSh Kongressidan Venesuelaga urush e’lon qilishga ruxsat so‘raysizmi, degan savoliga Tramp: «Biz albatta buni so‘raymiz, deb o‘ylamayman. Menimcha, biz shunchaki mamlakatimizga giyohvand moddalarni olib kirgan odamlarni o‘ldiramiz», — deb javob bergan.

U, shuningdek, Vashington «bu Lotin Amerikasi davlatidan juda norozi» ekanini ta’kidlab: «Bilasiz, u yer navbatda», — dedi. Reuters uning so‘zlarini Karakasga qarshi yaqin orada harbiy operatsiya e’lon qilinishi deya talqin qildi.

Sentyabr oyida AQSh Venesuela sohillari yaqinida giyohvand savdosiga qarshi kurashni asos qilib, harbiy kemalar guruhini joylashtirdi va o‘zining hududi — Puerto-Rikoga qiruvchilarni yubordi.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Karib dengizi kemalariga AQSh qurolli kuchlari zarbalarini «Lotin Amerikasi uchun eng jiddiy tahdid» deb atadi, mamlakat mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes esa buni «e’lon qilinmagan urush» deya baholadi. Sentyabr o‘rtasida Karakas Venesuelaning hududiy suvlarida «Karib suvereniteti 200» nomli harbiy mashqlarni o‘tkazdi.

7 oktabr kuni Reuters va The New York Times Tramp Venesuela bilan munosabatlarni normallashtirishga urinishini to‘xtatganini xabar qildi. Manbalarga ko‘ra, prezidentni Maduroning Vashington talablarini bajarib, ixtiyoriy ravishda lavozimdan ketishni xohlamagani va Venesuela rasmiylarining narkotrafikka aloqador emasligini ta’kidlashda davom etgani ranjitgan.

Mavzuga oid