Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina: Kaspiyda Rossiyaning qurol tashigan ikki kemasiga hujum qilindi
Kaspiy dengizida Qalmiqiston sohillari yaqinida ukrain harbiylari qurol va harbiy texnikani tashigan Rossiyaning ikki kemasini nishonga olganini UQK Maxsus operatsiyalar kuchlari ma’lum qildi.
Foto: UQK Maxsus operatsiyalar kuchlari
Rossiyaning “Kompozitor Raxmaninov” va “Askar-Saridja” kemalari — harbiy maqsadlarda foydalaniladigan va Eron bilan Rossiya o‘rtasida harbiy yuklarni tashishda ishtirok etgani sabab AQSh sanksiyalari ostida turgan kemalarga Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmasi tomonidan “Chernaya Iskra” isyonchi harakati bilan hamkorlikda zarba berildi. Bu haqda juma kuni, 12 dekabrda UQK Maxsus operatsiyalar kuchlarining Telegram-kanali xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, hujum Kaspiy dengizi akvatoriyasida, Qalmiqiston Respublikasi sohillari yaqinida, kemalar Ukrainaga qarshi urushda qo‘llanadigan qurol-yarog‘ va harbiy texnikani tashayotgan vaqtda sodir etilgan. “Isyonchi harakat vakillari zarba berilgan kemalarning yo‘nalishi va yuki haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi”, — deya aniqlik kiritgan UQK.
Hujum oqibatlari haqida hech narsa ma’lum qilinmagan. Rossiya hokimiyati va RF Mudofaa vazirligi Kaspiy dengizidagi kemalarga zarba berilgani haqidagi bayonotni izohlamagan. “Maxsus operatsiyalar kuchlari Rossiya armiyasining hujumkor salohiyatini susaytirish maqsadida asimmetrik harakatlarni qo‘llashda davom etmoqda”, — deb ta’kidladi ukrain harbiylari matbuot bayonotida.
DW bilan suhbatda Ukraina maxsus xizmatidagi manba bir kun oldin xabar qilganidek, Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU)ning “Alfa” maxsus operatsiyalar markaziga tegishli uzoq masofali dronlar Kaspiy dengizidagi Filanovskiy nomi berilgan neft qazib olish platformasini nishonga olgan. Platforma “Lukoyl-Nijnevoljskneft” kompaniyasiga qarashli bo‘lib, hujum natijasida uning ishi to‘xtatilgan. Koning zaxirasi 129 mln tonna neft va 30 mlrd kub metr gaz ekani qayd etilgan.
DW manbasiga ko‘ra, bu — Ukraina tomonidan Kaspiy dengizida Rossiyaning neft qazib olish bilan bog‘liq infratuzilmasi birinchi marta nishonga olinishi. “Dengiz platformasiga kamida to‘rtta zarba berilgan. Hujum oqibatida u xizmat ko‘rsatadigan 20 dan ortiq quduqdan neft va gaz qazib olish to‘xtadi”, — deydi SBUdagi manba va shunday qo‘shimcha qildi: RFda “urushga xizmat qilayotgan” barcha korxonalar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar “qonuniy nishon” hisoblanadi.
28 noyabr kuni kechqurun SBUning Sea Baby dengiz dronlari Rossiyaning “soya floti”ga mansub Kairos va Virat tankerlariga hujum qildi. Ular Turkiya sohillari yaqinida Qora dengizda bo‘lgan, hujum esa tankerlar yuksiz holda Novorossiyskka yo‘l olgan paytda sodir bo‘lgan. Ikki kema ham Gambiya bayrog‘i ostida harakatlangan va G‘arb davlatlari sanksiyalari ostida. Avvalroq hujumga uchragan Kairos Bolgariya sohillari yaqinida halokatga uchrayotgani haqida 5 dekabr kuni mahalliy OAV xabar bergan.
2 dekabr kuni ertalab Qora dengizda Rossiyaning yana bir tankeriga hujum qilingan. Turkiya Dengiz ishlari bo‘yicha bosh boshqarmasi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar qilishicha, Gurjistonga ketayotgan Midvolga 2 kemasi mamlakat sohilidan taxminan 120 km masofada hujumga uchragan.
DW’ning SBUdagi manbasi 10 dekabr kuni ma’lum qilishicha, Komor orollari bayrog‘i ostida harakatlanuvchi, Rossiyaning “soya floti” tarkibiga kiruvchi Dashan neft tankeri Qora dengizda Sea Baby dronlari hujumi natijasida jiddiy shikast olgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanishdan chiqarilgan.
Mavzuga oid
14:23
Tramp Ukrainaning Rossiya “soya floti”ga zarba berishini ma’qulladi
14:06
Moskva Zelenskiyning Donbass bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasini rad etdi
13:16
Zelenskiy Berlinda YeIdagi ittifoqchilar bilan muzokaralarni davom ettiradi
12:30