O‘zbekiston | 18:00 / 30.01.2017
61559
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ahli Islom Karimovni xotirladi

Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning tug‘ilgan kuni mamlakat bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Mamlakat mustaqilligini e'lon qilib, 25 yil davomida bu mamlakatni boshqargan siyosatchi bugun 79 yoshni qarshilagan bo‘lardi.

Bugun O‘zbekistonning barcha hududlarida xalq o‘zining birinchi yurtboshisini xotirlamoqda, bir necha kundan buyon marhumning Samarqand shahridagi qabriga minglab kishilar ziyorat uchun bormoqda.

Shuningdek, turli davlat tashkilotlari, muassasalar, harbiy qismlar, mahallalarda ma'rifiy kechalar, doira stol atrofidagi uchrashuvlar tashkil etilgan.

30 yanvar kuni ham Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasida joylashgan «Hazrati Xizr» qabristoniga jamoatchilik vakillari, davlat xizmatchilari va fuqarolar millat yetakchisini xotirlash uchun kelishdi.

Islom Karimov 1938 yilning 30 yanvarida Samarqand shahrida, xizmatchi oilasida tavallud topgan. U 1960 yilda O‘rta Osiyo politexnika instituti, 1967 yilda esa Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan va injyener-muhandis hamda iqtisodchi mutaxassisliklarini olgan.

Mehnat faoliyati
Mehnat faoliyatini 1960 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi mashinasozligi ("Tashselmash") zavodida master yordamchiligidan boshladi. So‘ng mazkur korxonada master, texnolog. 1961 yildan 1966 yilgacha V. P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi. 1966 yilda O‘zbekiston Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 1983 yildan O‘zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986 yildan O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari — respublika Davlat plan komitetining raisi. 1986—89 yillarda O‘zbekiston KP Qashqadaryo viloyat komitetining birinchi kotibi, 1989 yil iyunidan O‘zbekiston KP MK birinchi kotibi. 1990 yil 24 martda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi.

Siyosiy faoliyati
1991 yil 31 avgustda Karimov tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e'lon qildi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 1995 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlariga ko‘ra, Karimovning Prezidentlik vakolati 2000 yilga qadar uzaytirildi. 2000 yil 9 yanvarda u muqobillik asosida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti etib qayta saylandi.

Islom Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi.

Marhum prezidentning xotirasini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Ushbu qaror asosida har yili Islom Karimov tavallud topgan sana — 30 yanvar kuni keng nishonlanadi, 2 sentabr kuni Xotira kuni sifatida yod etiladi.

 

Mavzuga oid