Referendumda ovoz berish tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda
Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, endi referendumlarda ovoz beruvchining xohish irodasini «ha»/«yo‘q» yoki «rozi»/«qarshi» deb ko‘rsatilishi belgilanmoqda.
Oliy Majlis Senati bugun, 7 oktyabr kungi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Senatning Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarovning aytishicha, so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa hujjatlar mohiyatini aholiga «sodda tilda tushuntirishning imkoni bo‘lmayapti».
«Amaliyotda qonun loyihasi umumxalq ovoziga qo‘yilganida, ovoz berish byulletenini to‘ldirishning amaldagi tartibi fuqarolarning o‘z xohish-irodasini ifoda etish uchun muayyan murakkabliklarga to‘la. Muhokamangizga taqdim etilayotgan ushbu qonun mazkur holatlarni bartaraf etish bilan birga, normativ huquqiy hujjatlarni qabul qilish zaruriyati, sabablari, maqsadlari va mohiyatini aholiga sodda va tushunarli tilda yetkazish hamda ovoz berish jarayonida fuqarolarning o‘z xohishlarini to‘la bildira olishiga sharoit yaratish uchun ishlab chiqilgan», - deydi senator.
Qonun bilan, «Referendum to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Ya’ni «ovoz beruvchining xohish irodasini «ha»/«yo‘q» yoki «rozi»/«qarshi» deb ko‘rsatish belgilanmoqda.
Qonunning amaldagi 29-moddasi quyidagicha bayon qilingan:
“Referendumda ovoz berish byulletenida referendumga qo‘yilayotgan masalaning matni aniq aks ettiriladi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari ko‘rsatiladi.
Referendumga bir nechta masala qo‘yilganda ular bitta ovoz berish byulleteniga kiritiladi, ketma-ket raqamlab chiqiladi va biri ikkinchisidan gorizontal chiziqlar bilan ajratiladi. Qonun loyihasi biron-bir moddasining muqobil matnlari ham ketma-ket raqamlab chiqiladi va biri ikkinchisidan gorizontal chiziqlar bilan ajratiladi. Ovoz berish byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida tushuntirish bo‘lishi kerak».
Senatorlar ma’qullagan qonun bilan «Referendum to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish uchastkadagi stendda byulleten namunasi va uni to‘ldirish bo‘yicha yo‘riqnomani ilishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi reglamentiga doir ayrim tartiblarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqin oylar ichida O‘zbekistonda Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kutilyapti.
Mavzuga oid
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024