Sport | 11:26
6491
12 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal»da yirik g‘alaba, «Barsa» bugun chempion bo‘lishi mumkin

«Arsenal» turnir jadvalida «Siti» bilan oradagi farqni 6 ochkoga yetkazdi, Ispaniyada esa bugun «Real» Kataloniyaning «Espanyol» jamoasiga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, bu turda navbatdagi g‘alabaga erishgan «Barselona» muddatidan oldin chempionlikni nishonlashi mumkin.

Foto: David Price/Arsenal FC via Getty Images

Angliya: Tiago Holand bilan poygalashmoqda

«Brentford» – «Vest Hem» 3:0
Gollar:
Mavropanos, 15 – avtogol (1:0). Tiago, 54 – penalti (2:0). Damsgor, 82 (3:0)
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Hiki, 90+1), Kayode, Yyensen, Yarmolyuk, Damsgor (Dasilva, 90+1), Shade (Ayyer, 80), Uattara (Furo, 90), Tiago
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf (Traore, 74), Uoker-Piters (Van-Bissaka, 65), Fernandesh, Souchek, Sammervill (Skarlz, 88), Bouen (Magassa, 88), Pablo, Kastelyanos (Uilson, 65)
Ogohlantirishlar: Kayode, 73 – Kastelyanos, 59. Sammervill, 62. Skarlz, 90

Bu mavsumda APLda qolish uchun kurash chempionlik tituli uchun kurashdagi kabi qizg‘in kechmayapti. «Vulverhempton» va «Byornli» chempionshipga tushib ketishi allaqachon aniq bo‘lgan, mavsumning uchinchi omadsiz jamoasi esa katta ehtimol bilan «Vest Hem» klubi bo‘ladi. Shanba kuni ushbu jamoa «Brentford» maydonida ilojsiz ahvolda qoldi va hozirda 18-o‘rinda turgan «Tottenhem»da turnir jadvalining quyi qismini tark etish uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘ldi. «Bolg‘achilar» darvozasiga uchta javobsiz gol urgan «asalarilar» yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda, jamoa to‘purari Igor Tiago mavsumdagi sakkizinchi penaltini aniq ijro etib, to‘purarlar poygasida Holandni quyishda ta’qib etmoqda. Hozircha bu poygada norvegiyalik hujumchi ikkita gol oldinda (24:22), ammo braziliyalik hujumchi hozir pik formasida – u gollarining yarmini 2026  yilda urgan va bu borada hech bir hujumchi unga teng kelolmaydi.

«Arsenal» – «Fulhem» 3:0
Gollar:
Yokeresh, 9 (1:0). Saka, 40 (2:0). Yokeresh, 45+4 (3:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Uayt (Moskera, 83), Rays (Subimendi, 64), Lyuis-Skelli, Eze (Douman, 78), Trossar, Saka (Madueke, 46), Yokeresh (Gabriel Jyezus, 64)
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Robinson, Kastan, Rid (Kerni, 63), Lukich, Smit-Rou (Kusi-Asare, 78), Chukvueze (King, 64), Uilson (Bobb, 64), Ximenes (Rodrigu Munis, 73)
Ogohlantirish: Lukich, 23

Chempionlik poygasida qatnashayotgan «Arsenal» esa bu oqshom raqibni yirik hisobda mag‘lub etish uchun maydonga tushgandi va buni birinchi bo‘limdayoq uddaladi. Arteta shu kuni boshlang‘ich tarkibdagi tanlovlari bilan ko‘pchilikni ajablantirdi. Birinchidan, so‘nggi vaqtlarda muntazam ravishda ilk daqiqalardan o‘ynab kelgan Inkapiye zaxirada qoldirildi va uning o‘rnini hujumkorligi bilan farq qiladigan Kalafiori egalladi. Ikkinchidan, bu mavsumda top-5 ligalarda eng ko‘p o‘ynagan yarimhimoyachi bo‘lib turgan Martin Subimendiga dam berildi. Uchinchidan, uning o‘rniga tayanch yarimhimoyasiga Rays o‘tkazildi, Deklanning o‘rniga esa chap qanot himoyachisi Lyuis-Skelli tushirildi. Shu bilan birga, hujumning o‘ng qanotida ancha vaqtdan buyon jarohatini davolagan Saka paydo bo‘ldi. Aynan Saka va Skellining harakatlari o‘yin taqdirini hal qildi. Bukayo o‘z qanotida istagan ishini qildi va uning uzatmasidan keyin Yokeresh tezkor gol bilan hisobni ochdi.

Keyin esa Sakaning o‘zi shvetsiyalik hujumchining uzatmasini golga aylantirdi. Arteta uni seshanba oqshomida YeChL yarimfinalida «Atletiko»ga qarshi kechadigan javob o‘yini uchun asrashga qaror qilib, tanaffusda zaxiraga oldi. Ammo u unga 45 daqiqa ham uchta yubiley natijaga erishish uchun yetarli bo‘ldi – 80 gol, 70 assist va 150 ball. Uning maydonga tushishi Yokereshning ham o‘yinini ochib yubordi, u bo‘lim oxirlarida Trossarning uzatmasi orqali dubl qayd etdi. Bu uning uchun «Arsenal» safida ilk bor bir o‘yinda 2+1 ko‘rsatkich qayd etishi bo‘ldi. Shuningdek, Viktor Aleksis Sanches davridan buyon «Arsenal»dagi ilk mavsumida yigirmadan ortiq gol urgan (21) ilk futbolchiga aylandi.

Bu o‘yin mezbonlarning to‘liq ustunligida o‘tgani quyidagi suratda yaqqol aks etgan: «Arsenal» himoya chizig‘i shu qadar yuqori joylashganki, darvozabon David Rayya maydonning ikkinchi qismiga kelib podkat amalga oshirmoqda.

Bu o‘yindagi yirik hisobdagi g‘alaba chempionlik poygasida qo‘l kelishi mumkin, agar mavsum yakunida «Arsenal» va «Manchester Siti»ning ochkolari teng kelib qolsa, birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. Hozirda «kanonirlar» +4 ko‘rsatkichiga ega va keyingi raqiblar ham nisbatan osonroq: «Vest Hem» (18-o‘rin), «Byornli» (19-o‘rin) va «Kristal Pelas» (14-o‘rin). «Siti»ning qolgan 5 raqibidan 3 tasi yevrokuboklar uchun kurashmoqda: «Everton» (11-o‘rin), «Brentford» (6-o‘rin), «Bornmut» (8-o‘rin), «Kristal Pelas» (14-o‘rin) va «Aston Villa» (5-o‘rin).

Ispaniya: Simeonening 1000-o‘yini va YeChLga chiqqan «Vilyarreal»

«Vilyarreal» – «Levante» 2:1
Gol:
Mikautadze, 38 (1:0). Espi, 51 (1:1). Moleyro, 62 (2:1). Mikautadze, 68 (3:1). Byukenen, 87 (4:1). Pepe, 90 (5:1)
«Vilyarreal»: Tenas, Veyga, Navarro (Kambvala, 81), Pedrasa (Kardona, 74), Frimen, Parexo (Parti, 74), Komesanya, Moleyro, Pepe, J. Moreno (Byukenen, 84), Mikautadze, Peres
«Levante»: Rayan, M. Moreno, Matturro, Pampin, Tolyan, Arriaga (Ragube, 68), Olasagasti, Pablo Martines (Bruge, 77), Romero (Tunde, 46, Etta Eyong, 68), Alvares (Losada, 30), Espi
Ogohlantirishlar: Parexo, 45. Veyga, 55 – Arriaga, 45

Mavsumning katta qismida uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab turgan «Vilyarreal» bu turda «Levante»ni yirik hisobda tor-mor etib, valensiyaliklarning ligada qolish imkoniyatlarini amalda nolga tenglashtirdi. O‘z navbatida, «submarinalar» bu g‘alaba orqali qatorasiga ikkinchi mavsumda Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichida ishtirok etishini kafolatladi. Marselino shogirdlarida yevrokubokning bu mavsumidagi muvaffaqiyatsizlikni to‘g‘rilash imkoni bo‘ladi. Shanba oqshomidagi o‘yinni Mikautadzening dubli hal qildi, u avvaliga raqib himoyasidagi qo‘pol xatodan foydalandi, keyin esa Pepening qanotdan uzatmasini darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi. O‘tgan yozda «Lion»dan Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan ushbu gurjistonlik hujumchi ilk mavsumida barcha turnirlar doirasida 13 gol urishga erishdi.

«Valensiya» – Atletiko» 0:2
Gollar:
Luke, 74 (0:1). Kubo, 82 (0:2)
«Valensiya»: Dimitriyevski, Tarrega, Pepelu, Xose Gayya (Vaskes, 73), Saraviya (Raba, 82), Rodriges, Gerra, Ugrinich (Duro, 59), Rioxa (Diyego Lopes, 59), Sodiq, Ramazani (Gruneveld, 73)
«Atletiko»: Musso, Langle, Le Norman, Dias, Bonyar (Purich, 90+7), Mendosa (Koke, 73), Vargas, Morsilio (Luke, 63), Almada (Grizmann, 73), Molina, Belaid (Kubo, 63)
Ogohlantirishlar: Tarrega, 67 – Almada, 29. Mendosa, 52. Vargas, 61

«Atletiko» «Valensiya» uchun noqulay raqib sifatidagi maqomini mustahkamlab, qatorasiga beshinchi o‘zaro o‘yinda g‘alaba qozondi. Qolaversa, «matraschilar» o‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlarga darvoza sohasi tomon birorta zarba berishga imkon qoldirmadi, ikkinchi bo‘lim oxirida esa shu kuni la ligada debyut qilgan ikki yosh futbolchi «ko‘rshapalaklar» jamoasini nokautga uchratdi. Diyego Simeone YeChL yarimfinali doirasida Londonga safar oldidan asosiy tarkib futbolchilariga dam bergandi va yosh futbolchilar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanishdi.

Avvaliga 20 yoshli forvard Luke o‘z debyutini gol bilan nishonladi, keyin esa 18 yoshli Migel Kubo bu darajadagi ilk o‘yinini madridliklar afsonasi Grizmanning uzatmasi orqali urgan goli bilan eslab qoladigan bo‘ldi. Fransuz hujumchi klublar darajasidagi 800-o‘yinida navbatdagi golli harakatini amalga oshirdi. Bu o‘yin Simeone uchun ham yubiley edi, argentinalik mutaxassis shu kuni murabbiylik faoliyatidagi 1000-o‘yinini o‘tkazdi. Shunday o‘yinda jamoa tarixida 1984 yildan buyon kuzatilmagan holat qayd etildi: 42 yildan buyon «Atletiko» ikki debyutantning ikki goli bilan g‘alaba qozonmagandi.

«Osasuna» – «Barselona» 1:2
Gollar:
Levandovski, 81 (0:1). Torres, 86 (0:2). Raul Garsiya, 88 (1:2)
«Osasuna»: Errera, Boyomo, Katena, Galan, Roze, Torro (Osambela, 85), Monkayola (Barxa, 85), Moyses Gomes (Oros, 70), Moro, R. Garsiya (Bretones, 86), Budimir (Raul Garsiya, 70)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, E. Garsiya (Arauxo, 82), Gavi (de Yong, 62), Pedri (Bernal, 88), Olmo (Torres, 62), Fermin Lopes, Barji (Reshford, 62), Levandovski
Ogohlantirishlar: Monkayola, 74. Krus, 90 – Gavi, 24. E. Garsiya, 60

«Barselona»ning vaziyati juda oddiy – kataloniyaliklar shu turdayoq maydondan tashqarida turib chempion bo‘lishi mumkin. Buning uchun «Real» yakshanba kuni «Espanyol»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishi talab etiladi.

Ammo jamoa birinchi navbatda shanba kuni Pamplonada kechadigan o‘yinda g‘alaba qozonishi talab etilardi va bu har qanday raqib uchun oson ish emas. O‘yinning birinchi bo‘limi «Osasuna» nafaqat peshqadamning hujumlarini qaytarib turdi, balki o‘zi ham xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi.

O‘yin kartinasi ikkinchi bo‘limda o‘zgara boshladi va Rafinya va Yamal kabi yetakchilar yo‘q sharoitda Reshford ko‘p ishni o‘z gardaniga oldi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan ingliz hujumchisi avvaliga o‘zi xavfli zarba berdi, keyinroq qanotdan Levandovskining boshiga ajoyib uzatma berdi. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin mezbonlar to‘liq kuch bilan oldinga o‘tib ketishdi va ikkinchi golni o‘tkazib yuborishdi – Fermin Lopes chiziqlar orasidan o‘tkazilgan pas bilan Ferran Torresning goliga assistentlik qildi. 

Ikki gol ustunligidan keyin «Barsa» futbolchilari biroz bo‘shashdi va 88-daqiqada jarima maydonida yolg‘iz qoldirilgan Raul Garsiya mezbonlarning hisobni qisqartiruvchi golini urdi.

Shunga qaramay, «Barselona» la ligada qatorasiga 10-g‘alabasini nishonladi va endi bugun «Real» va «Osasuna» o‘yini qanday natijada yakunlanishini kutmoqda. Madridliklar bugun safardan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, «Barselona» keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan klasikoda chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid