Iqtisodiyot | 20:16 / 13.09.2020
46834
14 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migrantlari: muammo jiddiy, lekin yechimi yo‘q emas - Kun.uz’da e'lon qilingan videolavhani tinglab...

Yaqinda internet sahifalarida Kun.uz muxbirlari ikki oy davomida Rossiyada xizmat safarida bo‘lib, ushbu mamlakatda yashab ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining hayoti to‘g‘risida tayyorlagan  «Kto on — uzbekskiy migrant?» sarlavhali videolavhani tomosha qildim.

Kinolavha balki taqdir taqozosi, balki tirikchilik sababidan musofirchilikda Rossiyada mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimizning begona yurtlarda oilamni tebrataman, pul topib ota-onamga moddiy madad ko‘rsataman, bola- chaqamni boqaman deb o‘z vatanini, yaqin kishilarini, baxtiyor hayotini tark etishga majbur bo‘lgan, og‘ir sharoitlarda kun kechirayotgan vatandoshlarimizning tasodif va qiyinchiliklarga to‘la tahlikali sarguzashtlari, ularning g‘am-alamga to‘lib-toshgan ichki kechinmalari haqida zo‘r mahorat bilan ishlangan.

Kinolavhada muxbirlar O‘zbekiston fuqarolarining muhojirlikning asl sabablarini, ularning ayanchli ahvolini, tasodiflarga to‘la og‘ir va mashaqqatli hayotini astoydil ochib berishga harakat qilishgan. Unda mamlakatimizda agrar islohotlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmagani, qishloq xo‘jaligiga oid tezkor va unumli choralar ko‘rilmagani, qishloq joylarida yashayotgan aholi taqdiriga befarq munosabatda bo‘lish, mehnat resurslariga e'tiborsizlik oqibatida ko‘plab kishilar ishsiz qolgani va natijada o‘z vatanini tark etib, tirikchilik uchun boshqa yurtlarga ish izlab chiqib ketishga majbur bo‘lgani ta'kidlangan.

Lavha shunday katta mahorat bilan ishlanganki, uni tomosha qilgan va tinglagan har qanday kishi yurtdoshlarimizning qismatiga, ularning kulfatlarga to‘la mashaqqatli hayotiga befarq qolmaydi, iztirob chekadi, vijdon azobidan qiynaladi. Shu bois ushbu mavzuga oid o‘zimning ayrim fikr-mulohazalarimni ochiq-oydin bayon qilishni lozim topdim.

Muhojirlik: aybdor kim?

Ayrim davralarda ish izlab xorijga chiqqan yurtdoshlarimizni qanoatsizlikda, yengil-yelpi hayotga moyillikda, go‘yoki yurtimizdagi qiyinchiliklarga dosh bermasdan, oson yo‘llar bilan mo‘may daromad topish maqsadida vatanini tark etishda aybdor qilib ko‘rsatishga urinadilar. Ularga atab naql ham to‘qishgan: «O‘zbekiston tormidi...?»

Aslida ham shundaymi?

Darhaqiqat, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan davrda qishloq xo‘jaligi milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lib, unda jami iqtisodiyotda band bo‘lgan aholining 1/3 qismi mehnat qilar edi, hozir esa bu ko‘rsatkich 26 foizgacha tushdi. Shu davr mobaynida qishloq aholisi tarkibida mehnat resurslarining 1,6 martaga ko‘payganini ham hisobga olsak, qishloq joylarda mehnat bozorida ishchi kuchi taklifi va unga bo‘lgan talab o‘rtasidagi nomutanosiblikning yanada chuqurlashganini va ishsizlik darajasining oshib borishi tabiiy jarayon ekaniga amin bo‘lamiz.

Umuman, qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan aholi sonining nisbiy qisqarishi va jami iqtisodiyotda band aholi sonidagi ulushining pasayib borishi jahon xo‘jaligi tarkibida ro‘y berayotgan global tendensiyalarga xos bo‘lib, O‘zbekistonda ham ushbu jarayonlar kelgusida jadallashishi muqarrar.

Iqtisodiy jihatdan rivojlangan G‘arb davlatlarida ushbu ko‘rsatkich 3-5 foiz atrofidaligi, Germaniyada esa 2 foizdan ham pastligi fikrimizning yoqqol dalilidir. Bu shuni anglatadiki, G‘arb dehqoni 20-33 kishini, nemis dehqoni 50 kishini, o‘zbek dehqoni esa atigi 4 kishini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta'minlaydi.

Kelajakda fermer xo‘jaliklari moliyaviy ahvolining yaxshilanib borishi natijasida qishloq xo‘jaligining moddiy-texnika bazasi rivojlanadi va bandlik darajasining qisqarish jarayonlari yanada jadallashadi va ushbu omil ta'sirida mehnat bozoridagi vaziyat yanada keskinlashadi.

Erkin bozor munosabatlarini shakllantirish maqsadida o‘tish jarayonlarini boshidan kechirgan barcha mamlakatlar tajribasida bir iqtisodiy tizimdan boshqasiga o‘tishda ijtimoiy ishlab chiqarish munosabatlari tarkibida tub o‘zgarishlar zarurligi bugungi kunda barchamizga ayon. Ushbu tizimning eng murakkab, muammoli va aholi turmush darajasini shakllantirishda birinchi galda mehnat munosabatlari ahamiyatga egaligini istisno etib bo‘lmaydi. Shu sababli ham real hayotdagi tub o‘zgarishlar birinchi navbatda mehnat munosabatlariga juda kuchli ta'sir ko‘rsatdi.

Iqtisodiy islohotlar jarayonida bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiy tizimga xos bo‘lgan, uning ajralmas qismi va doimiy yo‘ldoshi bo‘lgan ishsizlik fenomeni yuzaga keldi. Iqtisodiyotda kechgan obektiv jarayonlar oqibatida minglab, millionlab odamlar ishsiz qoldi, o‘zlarining daromad manbayidan judo bo‘ldi. Ish haqi oila daromadining yakkayu-yagona manbayi bo‘lgan yollanma ishchilar uchun bu haqiqiy fojia edi.

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi keskin oshishining hamda sobiq ittifoqdosh respublikalariga nisbatan yanada asoratliroq kechishining inkor etib bo‘lmaydigan o‘ziga xos jihatlari va chuqur sabablari bor edi. Bular qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • sovetlar tizimidan meros bo‘lib qolgan ijtimoiy sohaning beo‘xshovligi;
  • sovetlar hukumatining sun'iy yaratilgan ish o‘rinlari vositasida aholining to‘la bandligini ta'minlash siyosati;
  • sovetlar imperiyasining yemirilishi oqibatida respublikalararo lateral (gorizontal) iqtisodiy aloqalarning izdan chiqishi;
  • murakkab demografik vaziyat;
  • oila tarkibida boqimandalar ulushining kattaligi;
  • bozor munosabatlariga o‘tish davri qiyinchiliklari ta'siri ostida ishlab chiqarish hajmining mutlaq qisqarishi;
  • iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi;
  • eksport tarkibida xomashyo resurslari ulushi yuqoriligi;
  • bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida ekstensiv omillarning intensiv omillarga almashuvi natijasida ishchi kuchi nisbiy ortiqchaligi yuzaga kelishi va hokazolar.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida bir necha o‘tish davrini boshidan kechirdi.

Birinchidan, qaramlikdan mustaqillikka o‘tish, buning oqibatida imperiyaning yemirilishi hamda yaxlit organizm tarkibida ko‘p yillik vertikal va gorizontal iqtisodiy aloqalar izdan chiqishi natijasida ittifoq ko‘lamidagi ko‘plab yirik-yirik korxonalar yopilib ketishi yoki og‘ir holatga tushib qolishi.

Ikkinchidan, bir iqtisodiy tizimdan boshqasiga o‘tish, iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlar, talabning keskin qisqarishi va hokazolar.

Uchinchidan, boqimandalik kayfiyatidan ishbilarmonlik kayfiyatiga o‘tishning muqarrarligi.

Sovet tizimidan meros bo‘lib qolgan ijtimoiy xulq-atvor odamlarning yashash uchun tinimsiz naf keltiradigan mehnat qilish kerakligi unutilishiga olib keldi. Bozor munosabatlari nafaqat tinimsiz nafli mehnat qilishni, balki tadbirkor bo‘lishni ham talab etdi.

Qadim zamonlarda bir buyuk faylasuf o‘tish davrida yashash azoblaridan meni Yaratganning o‘zi asrasin, degan ekan.

Bir yo‘la bir necha murakkab o‘tish jarayonlarini boshidan kechirgan O‘zbekiston iqtisodiyotida qanchalik og‘ir, qanchalik murakkab vaziyat yuzaga kelganini, kun bo‘yi ter to‘kib oilasini arang tebratayotgan oddiy ishchi uchun naqadar ayanchli bo‘lganini to‘la tasavvur qilish uchun iqtisodchi bo‘lish shart emas. Mantiqiy tafakkur va aql-idrok bilan vaziyatni oqilona baholashning o‘zi kifoya qiladi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda erkin bozor iqtisodiy munosabatlarini shakllantirish hamda o‘tish davrining tabiiy qiyinchiliklari oqibatida yuzaga kelgan va tobora avj olib borayotgan ishsizlikning oldini olish, imkon qadar uning ko‘lamini jilovlashning, ya'ni ishsizlik muammosini hal qilishning oqilona ikki yo‘li bor edi.

Birinchi yo‘l — bu mamlakatda ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratish va o‘tish davri qiyinchiliklari oqibatida barcha ishdan bo‘shaganlarni yangidan yaratilgan ish o‘rinlariga joylashtirish. Endigina mustaqillikka erishgan va o‘tish davri inqirozini boshidan kechirayotgan mamlakatda ishsizlik muammosini uzil-kesil hal etishda bu yo‘ldan borishning aslo imkoni yo‘q edi. Chunki buning uchun sifatli va zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashgan ko‘plab yangi zavod va fabrikalarni ochish, katta hajmdagi investitsiyalarni jalb etish lozim edi.

Ikkinchi yo‘l — aholiga boshqa mamlakatlarga chiqib, tirikchilik qilishlari, oilasini boqish uchun imkoniyat yaratib berish, aniqrog‘i mehnat migratsiyasiga yo‘l ochib berishdan iborat edi. Respublikamiz uchun ana shunday mashaqqatli va beqaror vaziyatda ishsiz qolganlarning bir qismi, nomigagina maosh olib yurganlar mana shu ikkinchi yo‘ldan ketishga majbur bo‘lishdi.

Ular o‘z zimmasiga juda katta mas'uliyatni olib, hayotini xavf-xatarga qo‘yib, ona Vatanni tark etishga, tug‘ilib o‘sgan yurtidan uzoq-uzoqlarga ish izlab chiqishga majbur bo‘ldilar. Shu boisdan ham muhojirlikda ishlab yurgan yurtdoshlarimizga barmoq uchi bilan qarash yoki ularni yengil-yelpi hayotni izlashda ayblash kaltabinlikdan o‘zga narsa emas, deb hisoblayman.

Demak, mehnat migratsiyasiga, uning sabab va oqibatlariga ijtimoiy adolat yuzasidan xolisona baho beradigan bo‘lsak, o‘sha davrlarda o‘z xalqining boshqa mamlakatlarda ishlab daromad topishiga imkoniyat bergan davlat uchun ham, begona yurtlarda ishlab, oilasi uchun musofirchilik mas'uliyatini, uning barcha xavf-xatarlarini mardlik bilan zimmasiga olgan yurtdoshlarimiz uchun ham noilojlikdan kelgan majburiy «iloj» edi.

Mehnat migratsiyasining kelib chiqish sabablari qanchalik murakkab, uning ildizlari qanchalik chuqur bo‘lmasin, davlatimizning, xalqimizning, qolaversa har birimizning unga nisbatan munosabatimiz, uning kelajagiga nisbatan aniq strategiyamiz bo‘lmog‘i lozim. Ushbu strategiya negizida bir tomondan mehnat migratsiyasining moddiy jihatlari, ikkinchi tomondan esa ma'naviy-axloqiy jihatlari bo‘lmog‘i lozim.

Yurtdoshlarimiz yana qancha vaqt begona yurtlarda muhojirlikda yashab, oila tebratishi kerak, degan hayotiy savolga aniq javob mana shu strategiyada o‘z aksini topmog‘i lozim.

Shaxsan men iqtisodchi olim sifatida mehnat migratsiyasini — O‘zbekiston uchun iqtisodiy jihatdan o‘ta zararli, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri sifatida baholayman. Ma'naviy jihatdan boy tarixga, ibratli an'analarga, xalqlar o‘rtasida o‘ziga xos obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan xalqimizning shon-shuhrati va sha'niga tamoman mos kelmaydigan voqelik deb qarayman.

Shu sababli mehnat migratsiyasida yurgan yurtdoshlarimiz o‘z ona Vatani bag‘riga qaytishining tezkor choralarini ko‘rsak, bu dolzarb muammoni uzil-kesil hal etishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqib, ularni amaliyotga joriy qilsak, buyuk xalqimiz oldidagi burchimizni shunchalik to‘kis ado etgan bo‘lamiz. Ushbu strategiyani amalga oshirish juda og‘ir jarayon bo‘lib, katta safarbarlikni va albatta uzoq vaqtni talab qiladi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mehnat migratsiyasining keng quloch yoyishini mamlakatda favqulodda yuz bergan og‘ir vaziyat, nochor holat, ilojsizlikdan ko‘ra ko‘rilgan tezkor iloj sifatida qabul qilish mumkin.

Lekin bugungacha butun bir avlod tug‘ilib voyaga yetdi. Agar davlatni mustaqillikning dastlabki benihoya og‘ir, mashaqqatli yillarida va favqulodda vaziyatlarida iqtisodiy nochor aholi qatlamlariga yordam ko‘rsatishdan ko‘ra mehnat migratsiyasi uchun eshiklarini keng ochib berganlikda ayblashga haqli bo‘lmasak-da, oradan shuncha yillar o‘tib, mehnat migratsiyasi muammosini hanuz hal etmaganlikda, hozirgi kunda ham son-sanoqsiz yurtdoshlarimiz begona yurtlarda ish izlab yurgani sabablarini bartaraf eta olmaganlikda ayblashga tom ma'noda haqlimiz.

O‘zbekistonda hamon davom etayotgan ushbu voqelikning eng katta aybdorlaridan biri — olimlar, ayniqsa iqtisodiy soha ilmi ahlidir. Aynan ular iqtisodiy jabhaning bepoyon kengliklarida O‘zbekiston uchun eng katta samara berishga qodir tayanch nuqtalari-yu «o‘sish qutblari»ni izlab topishlari, mamlakatni taraqqiyotning ravon yo‘liga olib chiqishda xalqimizga, davlatimizga yaqindan yordam berishlari, yangi iqtisodiy jarayonlarning haqiqiy tashabbuskori va harakatga keltiruvchi lokomotivi bo‘lmoqlari shart.

Albatta, jamiyat iqtisodchi olimlarning maslahatlariga, ilmiy g‘oyalariga ehtiyoj sezmagan, o‘z fikrini erkin bayon etish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan o‘tgan davr muammolar uchun zamonamiz olimlarni ayblash adolat tamoyillariga mos kelmaydi. Lekin hozirgi oshkoralik davrida, o‘z g‘oyalarini va ilmiy taklif hamda tavsiyalarini erkin bayon qilishga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan zamonda olimlarimizga nima xalaqit beryapti?

(Davomi bor)

M.Muhammedov,

SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori.

Mavzuga oid