Sport | 16:00 / 19.02.2026
10862
18 daqiqa o‘qiladi

Angliyada poyga boshlandi. «Arsenal»ga nima bo‘lyapti?

Foto: Reuters

Kecha «Arsenal» 31-turning ko‘chirilgan o‘yinini so‘nggi o‘rinda borayotgan «Vulverhempton»ga qarshi o‘tkazdi va 2:0 hisobidagi ustunlikni boy berdi. Endi yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblaganda «Manchester Siti» bilan oradagi farq atigi 2 ochkoni tashkil qilmoqda. Oldinda da’vogarlarning «Etihad»da o‘zaro uchrashuvi ham borligini inobatga olsak, chempionlik poygasi boshlandi. Tabiiyki, avvalroq bunday raqobatni boy bergan «Arsenal»da qo‘shimcha bosim yuzaga kelishi mumkin. Axir atigi bir oy oldin Arteta shogirdlari ta’qibchilaridan oradagi farqni hatto 9 ochkoga yetkazishi, bugungi kunda masalaga amaliy tomondan nuqta qo‘yishi mumkin edi-ku? «Arsenal»ga nima bo‘lyapti?

«Arsenal»ga nima bo‘lyapti?

«Arsenal» oxirgi 7 o‘yinning atigi ikkitasini o‘z foydasiga hal qildi xolos. 4 durang va 1 mag‘lubiyat. Taqqoslash uchun aytamiz, jamoa chempionlik poygasida ishtirok etgan 2022/23 mavsumida shuncha ochko yo‘qotishi uchun yanvardan aprelgacha vaqt ketgandi. Sovrin uchun yanayam yaqin kelgan 2023/24 mavsumida esa yanvardan to mavsum oxirigacha atigi 1 durang va ikki mag‘lubiyat qayd etgan xolos, qolgan barcha o‘yinlarda g‘alaba qozongandi. Quyida so‘nggi 7 o‘yin bo‘yicha ba’zi faktlarni tilga olamiz:

— «Liverpul»ga qarshi (0:0) o‘z maydonida o‘tgan o‘yinning 1-taymida ustunlik qilgan bo‘lsa-da, 2-taymda to‘p nazorati 35-65, mehmonlar foydasiga. Chempionlik uchun kurashayotgan jamoa 2-taymning to 90+ daqiqalarigacha raqib darvozasiga birorta ham zarba bera olmadi.

— «Nottingem Forest»ga qarshi o‘yinning (0:0) 1-taymida birorta ham aniq zarba berilmadi.

— «Manchester Yunayted»ga qarshi uy uchrashuvida (2:3) katta ustunlik bilan hisobni ochgan bo‘lsa-da, 30-daqiqadan to 55-daqiqagacha, ya’ni raqib 2:1 hisobida oldinga chiqib olguncha ustunlik butunlay topshirib qo‘yildi: zarbalar nisbati 1:7. Zero «MYu» bu stadionda 9 yildan beri APLda g‘alaba qozona olmayotgan, oxirgi 4 o‘yinni yutqazgan edi.

— «Lids» (4:0) bilan o‘yinda ishonchli g‘alaba, lekin shu o‘yinda ham 1-taymda standart vaziyatdan urilgan goldan tashqari, atigi 1 marta uzoqdan zarba berildi xolos.

«Sanderlend» (3:0) ham yirik hisobda mag‘lub etildi, ammo hisob 42-daqiqada ochilgan ushbu o‘yinning 1-taymida to‘p nazoratida mehmonlar ustunlik qildi. Usluban to‘pni raqibga berib qo‘yadigan, mavsumda faqat 4 uchrashuvda to‘p nazoratida ustunlik qilgan «Sanderlend»ga ham «Emireyts»da to‘p topshirib qo‘yildi.

— «Brentford» bilan (1:1) o‘yinda raqibning xG bo‘yicha ustunligi – 0.91. «Arsenal» uchun mavsum antirekordi.

— Nihoyat «Vulverhempton» (2:2) bilan o‘yinda jamoa 2:0 hisobida oldinga chiqib olgach, 56-daqiqadan to hisob tenglashguncha, ya’ni 90+ daqiqalargacha «Arsenal» atigi 1 ta zarba berdi xolos.

Jamoada inqirozmi?

Albatta, yo‘q. Yuqoridagi statistik ko‘rsatkichlar «barmoqdan so‘rib olingandek» tuyuladi, zero hozir ham «Arsenal» turnir jadvalida peshqadam, Liga kubogi finaliga chiqdi, Chempionlar Ligasi guruh bosqichini 1-o‘rinda yakunladi. Raqib – «Manchester Siti»da ham hammasi joyida emas, o‘zi 2026 yil g‘alati boshlandi, Pep Gvardiola ham yangi yilda 5 o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Unda shuncha negativ qayerdan?

Hamma gap shunda, «Arsenal» natijalaridagi yomonlashuv «Liverpul» yoki «Manchester Siti» boshdan kechirgan inqirozlarga o‘xshamaydi. Futbolchilar sport formasining tushib ketishi, g‘oya yetishmasligi yoki jarohatlar bilan ham bog‘liq emas. «Arsenal» bemalol o‘zi nazorat qilishi mumkin bo‘lgan, hammasi o‘z qo‘lida hisoblangan, g‘alaba uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan o‘yinlarni boy bermoqda. Raqiblar jamoaning biror ochiq muammosini topib, xuddi Slotga qarshi uzun paslar ish bera boshlagandek, foydalana olayotgani yo‘q – hammasi «Arsenal»ning mavsumdagi doimiy ssenariysi ostida kechyapti. 4:0 yutilgan o‘yinda ham, 2:2 bilan tugagan bahsda ham «Arsenal» o‘sha-o‘sha.

Shuning uchun ham Artetaga nisbatan tanqidlar ko‘payib boryapti – murabbiyning o‘ta ehtiyotkorligi, hammasini nazorat qilishga urinishi jamoadagi kurashish ko‘nikmasiga putur yetkazmoqda. Nazoratdagi jarayonda rejadan tashqari biror hodisa ro‘y bersa, jamoa o‘zini yo‘qotib qo‘ymoqda. Oddiy misol, yuqorida tilga olingan «MYu»ga qarshi o‘yin – mehmonlar hatto markazdan ham o‘ta olmayotgan bir paytda Subimendi bitta xato qildi va hisob tenglashdi. Shuning o‘zi «Arsenal»ning dovdirashiga, o‘ziga kela olmasligiga yetarli bo‘ldi. Yoki boshqacha misol – kecha «Vulverhempton» hisobni tenglashtirgach, 90+ daqiqalarda «Arsenal» bor kuchi bilan oldinga tashlandi va hatto bemalol gol ham urib qo‘yishi mumkin edi. Jamoada hatto qandaydir berilgan 1-2 daqiqada xavfli vaziyatlar yaratish salohiyati bor ekan, passiv o‘yinning sababi qayerda?

Foto: Getty images

So‘nggi mavsumlar bosimi

Yuqorida aytilgan «Vulverhepton»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalariga klub afsonalaridan biri Pol Merson ham e’tibor qaratdi. Rostdan ham so‘nggi mavsumlardagi 2-o‘rinlar, ya’ni raqobatni boy berish kompleksi jamoani ham, Artetani ham o‘zgartirib qo‘ygandek. Ilgari jamoaga doimiy «to‘rtinchilik» maqomi berilgandi, ammo bunda 2-o‘rinlar qadar negativ fon yo‘q. Chunki «Arsenal» mavsumni qanday boshlashidan qat’i nazar, oqibatda baribir kuchli to‘rtlikka kira olar, belgilangan maqsad – Chempionlar Ligasi yo‘llanmasiga ega chiqardi. Yuqoriroq o‘rinlar uchun kurasha olmaslik tabiiy qabul qilinar, «MYu», «Chelsi» yoki «Manchester Siti»ning xarajatlari, imkoniyatlari anchagina kattaroq edi. 2-o‘rin esa poygada yutqazish hissini beradi, bunday mavsumlar ko‘paygan sari futbolchilar uchun ham, muxlislar uchun ham og‘riq beradi.

Transferlar bosimi

Yozni eng faol o‘tkazgan jamoalardan biri – «Arsenal». «Liverpul» ko‘proq sarflagan bo‘lsa-da, juda ko‘p futbolchilar tark etdi ham. «Manchester Siti» ko‘p futbolchilarni jalb qilgan bo‘lsa-da, bu o‘tgan mavsumdagi inqirozga yechim qidirdi. «MYu» umuman 15-o‘rinni olgan, butun tarkibni yangilagan taqdirda ham «Arsenal» turgan bosqichga yetib kelolmasdi.

«Arsenal» esa – APL 2-o‘rin sohibi, YeChL yarimfinalchisi maqomi ustiga yana bir qator futbolchilar sotib oldi. Transferlar qandaydir og‘riqli, muammoli pozitsiyaga emas, bunday pozitsiyaning o‘zi yo‘q, har bir chiziq uchun qo‘shimcha amalga oshirildi. Gyokeresh, Eze, Madueke, Inkapiye, Nergor, Moskiyera – bularning birortasida ham tarkibda kafolatlangan o‘rin yo‘qligi buning isbotidir.

Ya’ni klub chempionatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday kutilmalarga tayyorlandi – futbolchilarning sport formasi tushib ketadimi, jarohatlar ko‘payadimi, farqi yo‘q, o‘sha darajadagi o‘rinbosar bor. Asosiy tarkibga tushmaganlik uchun ziddiyat chiqarishi mumkin bo‘lgan yulduzlar ham yo‘qligi muhitdagi toksik vaziyatlarning ham oldini oladi. Xullas, hammasi yagona maqsad – chempionlik uchun. Ligada bu mavsum sovrinni olishga loyiqroq boshqa jamoa yo‘q. Ayniqsa «Liverpul»ning mavsum boshidagi inqirozidan keyin.

Avvalgi murabbiylarda mavsumlarda bo‘lmagan bunday imkoniyat shu safar taqdim etilgach, kamida muxlislar va jamoatchilik nuqtai nazaridagi kartina shunday bo‘lgach, tabiiyki, bosim o‘ta yuqori bo‘ladi.

Mukammallik va ommaviy yoqtirmaslik bosimi

«Arsenal» doim o‘ziga xos uslubga ega, chiroyli o‘yin ko‘rsatadigan jamoa bo‘lgan. Arsen Venger yovvoyi Angliya uchun biroz begona bo‘lgan nafis futbolni olib kirdi, mini-futbolni eslatadigan «Xayberi»da Anri, Bergkamp, Pires va boshqa yulduzlar aynan mini-futbolga xos go‘zal va nozik harakatlarni ijro etishardi. O‘zil, Sanches, Uilshir, Rositski, Kasorla, Uolkotlar to‘p surgan keyingi davrda ham garchi chempionlik qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, Angliyada eng chiroyli, romantik futbolni aynan «Arsenal» ko‘rsatar edi. Mikel Arteta davrida ham bu yo‘qolmagandi aslida, 2022-2024 yillardagi «Arsenal» yana o‘sha paytlarni eslatgan eng yoqimtoy jamoalardan edi.

Ammo qachonki chempionlik bosimi paydo bo‘lgach, kurs o‘zgardi. Jamoa hisobni qo‘riqlash uchun o‘ynashga, standart vaziyatlarga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. O‘tgan mavsumda jamoa chempionlik poygasidan erta chiqib ketganining sababi ham shu – «Arsenal» 14 o‘yinda hisobni ochgan, oldinda borgan bo‘lishiga qaramasdan, shu ustunlikni saqlab qolishga harakat qilib, ochkolarni boy berib qo‘ygandi. «Liverpul»ga qarshi o‘zaro o‘yin ham yaqqol misol.

Bu mavsumda bu qarash yanada avjiga chiqdi. «Arsenal» shu qadar ehtiyotkorki, raqib qarshi hujumlaridan qo‘rqib, deyarli markazdan o‘yin qurmayapti. Markaz orqali o‘tkir paslar kamayib, faqat qanotlar orqali hujum uyushtirilmoqda. Birinchidan, qanotda to‘p yo‘qotilganda raqibning hujumlari xavfli bo‘lmaydi, ikkinchidan, qanotlar orqali burchak to‘plari va standart vaziyatlar ishlash ehtimoli oshadi.

Artetaning tsinikka aylanishi chempionlik uchun kurashda tabiiy, hech qaysi jamoadan ularchalik sovrin kutishmayapti. Mavsum boshida qatorasiga bir necha o‘yin gol o‘tkazish tugul, hatto raqibga zarba berish imkoniyati berilmagan, qatorasiga g‘alabalar bo‘lib turganda, muammo emas. Lekin bu mukammallik neytral muxlislarni o‘zidan itaradi, ikkinchidan, raqiblar «Arsenal»ga qarshi muvaffaqiyatli o‘yinni chellenj sifatida ko‘ra boshlaydi.

Ma’lum bir uslubda yoki ochiq hujumkor futbol ko‘rsatadigan kuchli jamoalar ustidan g‘alabalar ham katta voqea, to‘g‘ri, ammo buning zamirida qandaydir qarshi usul topish, ojizlikdan foydalanish borligi uchun u qadar ishonchli emas. «Atletiko» «Barselona»ni, «Renn» «PSJ»ni yutdi, ha, muvaffaqiyatli o‘yin, qoyil, shu xolos.

«Arsenal» shunday jamoaga aylandiki, ojiz nuqtani topa olmaysiz, uni yopib o‘yinni yutish mumkin bo‘lgan asosiy futbolchi ham yo‘q – «Arsenal»ni yutgan jamoa qisman, ba’zi jabhalarda emas, to‘liq mukammal o‘yin ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Mukammal himoyalanish, vaziyatlardan mukammal foydalanish va hokazo. Bu yanada qiyinroq chaqiriq, demak har qanday raqib aynan «Arsenal»ga qarshi boshqacha kuch bilan o‘ynashi tabiiy. «Arsenal»ning ochko yo‘qotishi APL uchun katta voqeaga aylanayotgani ham qo‘shimcha motivatsiya beradi.

Futbol jamoatchiligida ham «Arsenal»ga nisbatan munosabat o‘zgardi. «Arsenal»ning chempionligi ko‘pchilikni go‘zal futboliga oshufta qilgan romantik jamoaning katta tanaffusdan so‘ng sobiq futbolchisi qo‘l ostida shohsupaga qaytishi sifatida ko‘rilmayapti ham. Albatta, aslida boshqalarning qanday qabul qilishi muhim emas, chempionlik avvalo, jamoa muxlislari uchun kerak va qanday uslub bilan qo‘lga kiritilsa ham, farqi yo‘q. Lekin jamoa ko‘rsatayotgan uslubga nisbatan salbiy fikrlar bu uslub bilan faqat va faqat yutishni shart qiladiki, aks holda sovringa qo‘shilib, jamoa o‘sha maftunkorligidan ham ayrilib qolishi mumkin.

«Manchester Siti» bosimi

Chempionlik poygasi aslida kecha emas, «Enfild»da boshlangan. G‘alaba qozonish eng mushkul bo‘lgan stadionda, so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirgan «Siti» futbolchilarining to‘pni olib maydon markaziga qarab yugurishi haqiqiy chempionlik poygasidan darak bergandi. Yuqorida transferlar va uzoq vaqt davom etayotgan loyiha sifatida «Arsenal»ni favorit degan bo‘lsam-da, nozik bir jihatni ham tilga olish kerak. «Manchester Siti» tarkibida Angliya chempioni bo‘lgan 10 nafar futbolchi bor. «Arsenal»da atigi 1 nafar, u ham bo‘lsa o‘sha chempionliklarni «Manchester Siti» tarkibida qo‘lga kiritgan Gabriyel Jyezus. Qog‘ozda ko‘rsatish qiyin, lekin bu manchesterliklarga juda muhim ustunlik beradi. O‘sha «Enfild»da to‘pni olib markazga yugurgan futbolchi ham Bernardu Silva edi.

Endi Pep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti» odatda bunday poygalarni qanday o‘tkazishi haqida. 2016/2017, 2019/2020 va 2024/25 mavsumlarda «Manchester Siti» chempion bo‘lolmagan va chempionlik uchun kurashmagan. 2017/18 va 2020/21 mavsumlarda jamoa raqiblaridan ancha o‘zib ketib, sovrinni qo‘lga kiritgan, ya’ni rosmana chempionlik poygasi bo‘lmagan. Endi aynan so‘nggi turlargacha kurash bo‘lgan mavsumlarni ko‘rib chiqamiz.

— 2018/2019 mavsumida «Manchester Siti» «Liverpul» bilan raqobat qilgan. So‘nggi 14 o‘yinning barchasini o‘z foydasiga hal qilgan.

— 2021/2022 mavsumida yana «Liverpul» bilan kurash. So‘nggi 7 o‘yinda faqat «Vest Hem» bilan durang. Lekin bu jamoani qoniqtirardi. «Manchester Siti»ga oxirgi 2 o‘yinda 4 ochko yetarli bo‘lib, 37-turda safarda «Vest Hem» bilan durang o‘ynagan.

— 2022/2023 mavsumida «Arsenal» bilan raqobat. Qatorasiga 12 o‘yinni, jumladan, «Arsenal» bilan o‘zaro o‘yinni ham o‘z foydasiga hal qilgan. Chempionlikni rasmiylashtirgach, oxirgi 2 turni yuta olmagan.

— 2023/2024 mavsumda yana «Arsenal» bilan poyga. «Manchester Siti» qatorasiga 9 o‘yinni yutib, chempionga aylangan.

Bundan kelib chiqadiki, Pep Gvardiola jamoasi so‘nggi bosqichda doim, agar g‘alaba kerak bo‘lsa, g‘alaba qozongan. Biror marta mana shunday o‘yinda ochko yo‘qotib qo‘ymagan. Shu jihatdan «Arsenal»ning kechagi «Vulverhepton»ga qarshi ochko yo‘qotishining ta’siri katta edi. Aynan shu o‘yindan keyin sovrin yutish imkoniyati «Siti»ning ham qo‘liga o‘tdi. «Manchester Siti» endi «Arsenal»ning ochko yo‘qotishini kutmaydi, o‘z o‘yinlarini yutsa, kifoya, o‘rtadagi ikki ochkolik farq yo‘qqa chiqadi.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yozgi mavsumoldi tayyorgarliklar paytida Mikel Arteta futbolchilarning diqqatini test qilish maqsadida professional o‘g‘rilarni yollagan edi. Bu tadbirdan qanday foyda chiqqan, bilmadim-u, ishqilib eng katta o‘g‘irlik bahorda sodir bo‘lib, «Arsenal» sovrinni o‘g‘irlatib qo‘ymasin-da...

Қаҳрамон Асланов
Muallif Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid