O‘zbekiston | 08:55 / 11.08.2021
1082
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda Xalifa bin Zoid Ol Nahayon jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shifoxona quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nukus shahrida ayollar va bolalar shifoxonasini tashkil etish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida Xalifa bin Zoid Al Nahayon jamg‘armasining grant mablag‘larini O‘zbekistonga jalb etishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Ushbu bitim 2021 yil 26 may kuni Toshkent va Abu-Dabi shaharlarida imzolangan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Bitimni amalga oshirish yuzasidan vakolatli organ etib belgilandi.

Loyiha doirasida qurilish ishlari yakunlangach, shifoxona o‘rnatilgan tartibda Jamg‘arma tomonidan beg‘araz ravishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga beriladi.

Bitimdagi kelishuvlar ijrosini ta'minlash maqsadida, istisno tariqasida, loyihani amalga oshirishda:

  • bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan, ularning xodimlari JShDSdan ozod qilinadi;
  • bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari tomonidan Jamg‘arma uchun amalga oshiriladigan ishlar (xizmatlar, tovarlar)ga nisbatan «nol» darajali stavkada QQS qo‘llanilishi ta'minlanadi. Bunda QQS bo‘yicha salbiy farqni qaytarish qonunchilikda belgilangan tezlashtirilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi;
  • import qilingan tovarlar va moddiy boyliklarni majburiy sertifikatlash tartibotlaridan o‘tishdan, bojxona boji, aksiz solig‘i va QQSdan ozod qilinadi. Bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno.

Ushbu soliq va bojxona imtiyozlari Bitim belgilangan tartibda kuchga kirganidan so‘ng qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin BAA Nukusda shifoxona barpo etilishiga 27 mln dollar ajratishi haqida xabar bergan edik.

Mavzuga oid