Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojlar kamaytiriladi, lekin istisnolar ham bo‘ladi – JST bo‘yicha bosh muzokarachi
O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov a’zolik kechikayotganini ayrim mamlakatlar hujjatlarni ko‘rish jarayonini cho‘zayotgani bilan izohladi. U JSTga a’zolik yo‘lida ayrim sohalar uchun 3 yildan 8 yilgacha o‘tish davriga kelishilayotganini ham ma’lum qilgan.
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish dunyo mamlakatlariga xalqaro savdoni osonlashtirish, erkin va raqobatbardosh bozor shakllantirish, buning ortidan esa iqtisodiy foyda olish uchun juda muhim. O‘zbekiston 1994 yildan beri shu tashkilotga kirishga urinib keladi.
O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar 2026 yil martigacha yakunlanishi kutilayotgandi. Ammo O‘zbekistonning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili – bosh muzokarachi Azizbek Urunovga ko‘ra, muddat kechikishi mumkin.
U jurnalistlar qarshisida a’zolik nega kechikayotgani, JSTga a’zolikdan keyin importchilarga bojlar pasaytirilishi ehtimoli, shuningdek, mahalliy bozor uchun imtiyozli davr olinishi borasidagi savollarga javob qaytardi.
Bojlar pasaytiriladimi yoki mahalliy bozor uchun imtiyozli davr olinadimi?
Azizbek Urunov JSTga a’zolikda har bir mamlakat mahalliy bozor uchun imtiyozli davr so‘rashi tabiiy ekanini ta’kidlaydi. Shu sabab O‘zbekiston ham sezgir sohalarda 3 yildan 8 yilgacha o‘tish davriga kelishayotgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, proteksionizmga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.
«JSTga a’zo bo‘lganda olinadigan majburiyatlar kelishiladi, demak, maksimal biz ishlatishimiz mumkin bo‘lgan daraja belgilab beriladi. O‘sha nuqtayi nazardan davlat o‘zida bu narsani iloji boricha ko‘proq saqlab qolishga harakat qiladi. Lekin bu degani, davlat proteksionizm qiladi degani emas.
Agar katta davlatlar: Xitoyni, Hindistonni oladigan bo‘lsak ham, ulardagi JSTga a’zo bo‘lgandagi o‘rtacha bojlar biznikidan 4-5 barobarga ko‘proq. Men hozir har bittasining tafsilotini yana ochiqlay olmayman, umumiy olib qaraydigan bo‘lsak, bojlar kamaytiriladi, lekin biz uchun sezgir bo‘lgan sohalar bor, ular bo‘yicha biz o‘sha muhokamalarda tariflarni erkinlashtirishda ham 3 yil, 5 yil, 7 yil, 8 yilgacha o‘tish davrini ham kelishgan joylarimiz bor.
Sezgir yo‘nalishlar deganda, bu qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, avtomobil sanoati ham bo‘lishi mumkin. Men chunki shunaqa gapirishga majburman, bugungi kunda ochiqlay olmayman. Lekin umumiy olib qaraganda, bizlarda, demak, o‘sha bozorga kirish sharoitlari ancha yengillashadi», – dedi u.
Qonunchilik qanchalik mutanosib, qayta ko‘rib chiqiladimi?
O‘zbekistonning bosh muzokarachisi ayrim sektorlarda mavjud eksklyuziv huquqlar, imtiyoz va preferensiyalar borligi inobatga olinib, qonunchilik bazasi qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan ham ma’lumot berdi.
«Albatta, ko‘rib chiqiladi. Endi bu muzokaralar jarayonida hech narsani yashira olmaysiz. Agar yashiradigan bo‘lsangiz, bu tashkilotga a’zoligingiz cho‘zilib ketaveradi. Chunki davlatlar ham bu narsani juda yaxshi bilishadi. Hatto o‘sha avtomobil sanoatini ham olib qaraydigan bo‘lsak, nechta davlat bizga eksport qiladi? Eksport qilayotgan davlatlarning kompaniyalari bizga bozorga kirish sharoitlarini juda ham yaxshi biladi-ku. Har bitta davlat biz bilan muzokaralarni yurgazganda o‘zining biznesi bilan bu narsalarni juda qattiq muhokama qilib oladi, sharoitlarni bilib olishadi. Shu asosda keyin biz bilan muzokaralarga kirishadi. Shuning uchun bu yerda nimanidir yashirish – juda ham qiyin masala», – deydi Urunov.
JSTning subsidiyalar bo‘yicha alohida talablari mavjudligi qayd etildi. Ya’ni a’zo davlatlar bunga oid har yillik ma’lumotlarni tashkilotga hisobot tarzida berib borishi talab qilinadi.
«Qaysi sohalarga qancha subsidiya berildi? O‘shandan kelib chiqqan holda, agar bu subsidiyalar darajasi JSTga a’zo bo‘lgandagi olingan majburiyatlardan oshadigan bo‘lsa, demak, JST bu narsani to‘g‘rilashga majbur qiladi. Demak, o‘sha kelishilgan majburiyatlar doirasida faqatgina subsidiya berish masalasi», – deydi rasmiy vakil.
JSTga a’zolik kechikishi mumkinmi?
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida 2025 yilda 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlab bo‘lgan. Bu yil Tayvan bilan muzokarani yakunlash va O‘zbekiston mart oyida JST a’zosi bo‘lishi reja qilingandi. Urunov bu muddat kechikishini aytdi.
«Martdan o‘tishi mumkin. Chunki dekabr oyida xavotirlar haqida gapirgandik, ayrim mamlakatlar bor, ular bizning hujjatlarni ko‘rish jarayonini cho‘zmoqda.
[Qaysi mamlakat ekanini] ochiqlasam noto‘g‘ri bo‘ladi. Bor shunaqa mamlakatlar. Ular bilan biz shu jarayonni tezlashtirish maqsadida bugungi kunda gaplashib, kelishishga harakat qilyapmiz», – dedi u.
O‘zbekistonning o‘ziga qo‘yib berilsa, mart oyidayoq JSTga a’zo bo‘lish mumkinligi qayd etilgan. «Lekin yuqorida ham aytib o‘tdim, bu faqatgina bir tomonlama emas. Buning ikkinchi tomoni ham bor. Bu – JSTga a’zo mamlakatlar. Chunki pirovardida faqatgina bu mamlakatlarning qarori asosida biz a’zo bo‘lishimiz mumkin», – deydi Urunov.
Mavzuga oid
09:05
Prezidentning IIVga e’tirozi, energetik mustaqillik va o‘pirilgan yo‘l - hafta dayjesti
06:00 / 19.02.2026
Prezident ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi
10:48 / 18.02.2026
Ayrim tovarlar uchun import boji stavkalari vaqtincha pasaytiriladi
15:57 / 14.02.2026