Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
8,4 mlrd dollarlik oltin sotuvi, sezilarli darajada oshgan benzin importi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning 8 oyida O‘zbekistonning savdo aylanmasi BAA, Hindiston va Afg‘oniston bilan keskin yaxshilangan bo‘lsa, Turkmaniston, Janubiy Koreya, AQSh va Turkiya bilan sezilarli yomonlashgan. Hisobot davrida 8,4 mlrd dollarlik oltin sotildi. Bu rekord ko‘rsatkichdir. Xitoyga bog‘liqlik yanada ortib, umumiy tashqi savdo hajmining 18,9 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Foto: Shutterstock
2025 yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 51,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 8,5 mlrd dollarga yoki 19,8 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 22,9 mlrd dollar (+31,3 foiz), import hajmi esa 28,4 mlrd dollar (+11,3 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5,4 mlrd dollargacha qisqargan.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (18,9 foiz), Rossiya (16,1) Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 8 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan Turkmaniston (-20,7 foiz), Janubiy Koreya (-13,3 foiz), AQSh (-7,7 foiz) va Turkiya (-3,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. BAA (+90 foiz), Niderlandiya (+53 foiz), Afg‘oniston (+51,3 foiz), Hindiston (+42,3 foiz), Belarus (+34,5 foiz), Pokiston (+26,9 foiz), Germaniya (+25,2 foiz), Xitoy (+21 foiz), Fransiya (+18,5 foiz) va Qozog‘iston (+15 foiz) kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.
Eksport
Hisobot davrida 8,4 mlrd dollarlik (+68,5 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 36,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,8 foiz), kimyoviy vositalar (5,9 foiz), turli xil tayyor buyumlar (4,8 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,4 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,5 foiz), XXR (5,4 foiz), Qozog‘iston (4 foiz), Afg‘oniston (3,8 foiz), Turkiya (3,2 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,6 foiz) Tojikiston (1,5 foiz) va Pokiston (1,2 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 38 foizni tashkil etadi.
Yanvar-avgust oylarida 495 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,1 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 399 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-2 foiz), 107 mln dollarlik elektr toki (+52,2 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.
Hisobot davrida qariyb 180 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 26,9 foizga kam.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,8 foiz), sanoat tovarlari (16,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,6 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:
- Xitoy – 29,7 foiz;
- Rossiya – 19,1 foiz;
- Qozog‘iston – 7,4 foiz;
- Turkiya – 4,1 foiz;
- Janubiy Koreya – 3,9 foiz;
- Germaniya – 2,7 foiz;
- Hindiston – 2,6 foiz.

Hisobot davrida 886 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 72 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 1 mlrd 23 mln dollarlik benzin import qilingan.
Tayyor avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar-avgust oylari davomida 641 mln dollarlik (-29,7 foiz) mashina import qilingan. O‘z navbatida, avtomobillar qismlari va anjomlari importi 40,9 foizga oshib, 1 mlrd 125 mln dollarga yetgan.
Mavzuga oid
16:43 / 23.12.2025
Oltin sotish to‘xtadi, go‘sht importi keskin o‘syapti, elektr sotish 58 foizga oshdi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
15:40 / 05.12.2025
Tashqi savdo tovarlariga qo‘yilgan cheklov va taqiqlar bo‘yicha yagona reyestr joriy etiladi
22:06 / 27.11.2025
Oltin narxining oshishi yoki tushishi: bu O‘zbekiston uchun qay darajada ahamiyatli?
11:09 / 26.11.2025